Barcha sohalar singari O‘zbekiston milliy armiyasi bosqichma-bosqich islohotlarning amalga oshirilishi asosida turli to‘siqlarni yengib, takomillashib bordi.
Mustaqilligimiz e’lon qilingach, 1991 yil 6 sentyabrda Mudofaa ishlar vazirligi tuzildi. 1992 yil 3 iyulda «Mudofaa ishlari vazirligi» Mudofaa vazirligiga aylantirildi. Respublika Oliy Kengashining 1992 yil 14 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida«gi qaroriga binoan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy tuzilmalar respublika tasarrufiga olindi.

Ko‘p o‘tmay esa 1992 yil 18 mayda Harbiy aviatsiya, havo desanti, razvedka qo‘shinlari va ta’minot qismlari, 12 noyabrdan Havo hujumiga qarshi harbiy qismlar, 13 noyabrdan va nihoyat Kimyoviy harbiy qismlar respublikamiz tasarrufiga olindi.
1992 yil 24 martda O‘zbekiston davlat chegarasini, hududiy daxlsizligi va bo‘linmasligini bevosita ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi Davlat xavfsizlik xizmati) tasarrufida «Chegara qo‘shinlari» tuzildi.
Bugungi kunlarga kelib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Oliy Bosh qo‘mondon Shavkat Mirziyoyev tomonidan Qurolli kuchlar sohasida keng qamrovli va tizimli islohotlar davri boshlandi. Prezidentimizning 2019 yil 17 yanvardagi qaroriga asosan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida yuqori malakali ofitser kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Maxsus fakulteti Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti etib qayta tashkil etildi va u yerda kelajakda harbiy mutaxassis bo‘lish orzusi bor yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratildi.

2017 yil 20 noyabrda «O‘zbekiston Respublikasi mudofaa sanoati davlat qo‘mitasini tashkil yetish to‘g‘risida»gi Prezident farmoni keng jamoatchilikka tatbiq etildi. Mazkur farmon ijrosi asosida yurtimizdagi barcha turdosh korxonalarni birlashtirgan mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil qilinishi milliy mudofaa sanoati kompleksini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Mustaqillikdan so‘ng 1995 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining birinchi chaqiriq uchinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy doktrinasi qabul qilingan edi. 2003 yil 3 fevralda esa mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi muhokama qilindi va ma’qullandi. Shu kungacha qurolli kuchlarimizning tuzilishi, tayyorgarligi va uni qo‘llashga oid 2 ta doktrina ko‘rinishidagi hujjat qabul qilingan. 2018 yilning 9 yanvarida Oliy Bosh qo‘mondon Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasining mudofaa doktrinasi to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
2018 yilning 10 yanvarida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda bugungi kun yoshlarida harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlash ustuvor masala sifatida turmoqligi alohida ta’kidlandi.
Harbiy ta’lim masalasiga alohida e’tibor qaratish maqsadida maktablardagi harbiy tayyorgarlik darslariga shu hududda xizmat qilayotgan, yuksak insoniy va kasbiy xususiyatlarga ega jangovar ofitserlarni jalb etish, o‘quvchilarni harbiy qismlarga olib borish va xizmat jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
2018 yil 23 fevralda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish, ularning ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg‘ularini singdirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining «Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Prezidentning 2018 yil 14 mayda «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan harbiy xizmatchilarning farzandlari uchun respublika oliy ta’lim yurtlariga 5 foizlik davlat granti asosida qabul kvotasi ajratildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning zamonaviy uylar bilan ta’minlanishi ham doimo amalga oshirib borilmoqda.
2023 yil 31 yanvar kuni «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarini qurollantirish va mudofaa sanoati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon imzolandi. Shu asosda Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi (2017 yil 20 noyabr) negizida (Mudofaa vazirligi huzurida) Mudofaa sanoati agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida «O‘ztextreyd» davlat unitar korxonasi tuzildi. Mazkur farmon ijrosi asosida, yurtimizdagi barcha turdosh korxonalarni birlashtirgan Mudofaa sanoati agentligini tashkil qilinishi milliy mudofaa sanoat kompleksini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Qo‘shinlarni eng zamonaviy turdagi harbiy texnika va qurol-yarog‘lar bilan ta’minlanib, so‘nggi 5-6 yilgi islohotlar natijasida Milliy armiyamiz qurolli kuchlari qudrati bo‘yicha dunyo reytingida 9 pog‘onaga ko‘tarildi. Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan dunyoning 90 dan mamlakat harbiylari ishtirok etgan nufuzli «Kembriya patruli» tanlovida esa harbiylarimiz 123 jamoa orasida 1-o‘rinni egalladi Bularning bari sohadagi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning o‘rinli ekanligini ko‘rsatib beradi.
Bugungi zamonaviy, professional Milliy armiyamiz qisqa muddat ichida nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham kuchli armiya bo‘lib shakllandi. Qurolli Kuchlarimiz bor ekan, mustaqilligimizga, tinchligimizga qarshi qaratilgan har qanday xavflar va tahdidlarga o‘rin qolmaydi. Zero, amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan bosh maqsad mamlakatimiz xavfsizligi va xalqimiz tinchligi yo‘lida hamisha shay bo‘lib xizmatga chog‘lanishdir.
Zavqibek MAHMUDOV,
Tarix instituti ilmiy xodimi.
O‘zA.