Milliy antidoping agentligi faoliyati yanada takomillashtirilmoqda
Mamlakatimizda sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida sportchilarimiz tomonidan erishilayotgan yuksak natijalar va o‘rnatilayotgan qator Osiyo hamda jahon rekordlari nufuzli xalqaro sport tashkilotlari tomonidan e’tirof etilmoqda.
So‘nggi yillarda qo‘lga kiritilayotgan natijalar sabab jahon sport reytingida mamlakatimizning o‘rni yanada mustahkamlanib, O‘zbekiston sportchilari Olimpiya sport turlari bo‘yicha kuchli o‘ttiz, Paralimpiya sport turlari bo‘yicha kuchli o‘nlikdan joy egallab turibdi.
Tabiiyki, bunday ulkan natijalar sof, adolatli va halol g‘alabalar evaziga qo‘lga kiritilishi zarur. Shu nuqtai nazardan Butunjahon dopingga qarshi agentligi ham barcha davlatlarni 3 ta guruhga (A, V va S) bo‘lgan holda o‘ziga xos reytingni tashkil qilgan.
Ushbu reytingga ko‘ra, jahonda sport natijalari bo‘yicha birinchi 100 talikka kirgan davlatlar “A” guruhiga, 101-150-o‘rinni egallab turgan davlatlar “V” guruhiga hamda 151- va undan yuqori o‘rindagi davlatlar esa “S” guruhiga kiritilgan.
Reytingda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi “A” guruhidan joy olgan. Ushbu guruhga kiritilgan barcha davlatlar milliy antidoping agentliklari tashkiliy tuzilmasi, faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish bo‘yicha YUNESKO tashkilotining Sportda dopingga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya va xalqaro antidoping standartlari talablari va tavsiyalariga to‘liq va qat’iy rioya etishlari, qolgan davlatlar uchun esa ma’lum vaqt davomida yumshatilgan tartib belgilangan.
Shu ma’noda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekiston Milliy antidoping agentligining faoliyati yuqoridagi xalqaro xujjatlar talablariga yanada moslashishiga xizmat qiladi.
Mazkur qarorga ko‘ra, sportda doping qo‘llanilishining oldini olish va dopingga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, Sportda dopingga qarshi kurash to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya, Butunjahon antidoping kodeksi va boshqa xalqaro antidoping standartlari talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, Butunjahon dopingga qarshi agentligining tavsiya va takliflarini inobatga olib quyidagi vazifalar amalga oshirilishi belgilangan:
Xususan, Milliy antidoping agentligi boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 9 nafardan 18 nafargacha ko‘paytiriladi. 2021 yil 1 apreldan boshlab Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra, Agentlik xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda tarif koeffitsiyentlari 1,5 baravar miqdorda qo‘llaniladi. Agentlik bosh direktori maqomi, mehnatga haq to‘lash, moddiy rag‘batlantirish va tibbiy xizmat ko‘rsatish shartlariga ko‘ra vazirning birinchi o‘rinbosariga tenglashtirildi.
Shuningdek, Milliy antidoping agentligining tasdiqlangan yangi tuzilmasiga Doping sinovlarini rejalashtirish va terapevtik istisnolar bo‘limi, Doping nazorati bo‘limi, Antidoping qoidabuzarliklar va “ADAMS” monitoringi bo‘limi hamda Antidoping ta’lim dasturlari bo‘limi kiritildi. Bundan tashqari, Agentlikda alohida Axborot xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Qaror bilan Agentlik huzuridagi 3 ta komissiyaning vazifalari belgilandi:
taqiqlangan moddalardan foydalanish borasida sportchilarning ariza va hujjatlarini o‘rganib, xulosa chiqarish bilan shug‘ullanadigan Terapevtik istisno bo‘yicha komissiya;
antidoping qoidalari buzilishi holatlarini o‘rganib, qaror chiqarish bilan shug‘ullanadigan Axloq bo‘yicha komissiya;
Terapevtik istisno bo‘yicha komissiya xulosasi va Axloq bo‘yicha komissiya qaroridan norozi tomonning arizasini o‘rganib, qaror chiqarish bilan shug‘ullanadigan Apellyatsiya bo‘yicha komissiya.
Kengaytirilgan tarkibdagi Agentlikning samarali faoliyatini tashkil etish maqsadida markaziy apparat uchun 2 ta maxsus avtotransport vositasi xarid qilinishi belgilandi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qaror Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligining kelgusidagi faoliyati yanada takomillashishi va o‘zbek sportchilarining yangi marralarni zabt etishiga xizmat qiladi.
Nodirjon TURSUNOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Milliy antidoping agentligi bosh direktori.
O‘zA