Millionlab yoshlar muammosi yechiladigan bo‘ldi
Odatda yoshi ulug‘larimiz uy-joyni kichik Vatanga qiyoslashadi. Bu bejiz emas. Chunki kichik Vatan har qanday insonga kuch-quvvat beradi, oldinga intilishiga yo‘l ochadi, rag‘bat uyg‘otadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 3 mart kuni o‘tgan yig‘ilishidagi tashabbuslari shuning uchun ham millionlab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi, deyish mumkin.
Davlatimiz rahbari 2020 yil Andijonga tashriflari chog‘ida “Kambag‘allikdan chiqishning eng asosiy zamini – uy-joy. Odamlarning boshpanasi bo‘lsa, o‘zi harakat qilib, ro‘zg‘orini oyoqqa qo‘yib oladi”, degan edilar. Chindan ham keyingi yillarda aholini uy-joy bilan ta’minlash, bu borada kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifaga aylandi. Buni to‘rt yil davomida 140 mingta uy-joy barpo etilgani, qurilgan uylar soni yil sayin avvalgi davrdagi ko‘rsatkichdan 4-5 baravarga ko‘payayotgani misolida ham ko‘rish mumkin.
O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, muammolarning 23 foizi aynan uy-joy bilan bog‘liq. Aholining uy-joyga bo‘lgan talabi o‘z vaqtida qondirilmagani natijasida esa hatto odamlar dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarda o‘zlari uchun boshpana qurib oldi. Ammo bularning muammolari asorati haligacha saqlanib qolyapti.
Albatta, qisqa vaqt ichida ehtiyojmand aholi qatlamini boshpana bilan to‘la ta’minlash imkoni yo‘q. Hisob-kitoblarga ko‘ra, xalqimizning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini to‘la qondirish uchun yiliga 145 ming xonadondan iborat uy-joy qurilishi kerak. Buning uchun esa, qariyb 30 trillion so‘m mablag‘ zarur bo‘larkan. Shuning uchun bunda xususiy sektor xizmatidan foydalanish tizimi yaratilib, ko‘p qavatli uy-joy qurishda davlat sherikchiligidan keng foydalanilmoqda. Davlat esa, o‘z navbatida, yer va imtiyozli ipoteka kreditlari ajratayapti.
Bu tizim eng yaqin hamkorlarimiz – Yaponiya va Janbiy Koreyada muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini ta’kidlash joiz. Kunchiqar yurtda 1950 yillarda uy-joy kredit korporatsiyalari, Koreyada esa 1962 yilda milliy uy-joy korporatsiyalari tashkil qilingan. Ya’ni, bozor iqtisodiyoti davrida aholi, ayniqsa, kam daromadli oilalarni arzon boshpana bilan ta’minlashda xususiy sherikchilik xizmatidan keng foydalanilgan. Finlyandiyada esa 30 yildan buyon uy-joy muammosini yechishga katta e’tibor qaratiladi.
2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatimiz aholisi 34,5 million nafarga yetdi va har yili 500 mingga oshyapti. Ayrim tahlilchilarning fikricha, O‘zbekiston aholisi eng kamida yana 40 yil o‘sishdan to‘xtamaydi va 20 yil ichida 40 milliondan oshadi. Demak, bu boradagi ishlarimizni yanada faollashtirish, ehtiyojmand oilalarni boshpana bilan ta’minlashda xalqimiz uchun eng maqbul yo‘llardan foydalanish kerak.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus shu ma’noda ham jamiyatda ijobiy qarashlarga sabab bo‘ladi. Endigi vazifa ana shunday katta maqsad ijrosini to‘g‘ri nazorat qilishimizda. Ya’ni, bunda parlament o‘z kuchini ko‘rsatishi kerak.
Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari.
O‘zA