Million dollarga yer sotmoqchi bo‘lishdi, ammo...
Tadbirkorlik qilish maqsadida yerni tasarruf etmoqchi bo‘lgan shaxslar uni faqat auksion savdosi orqali sotib olishi mumkin.
Ammo amalda yerni noqonuniy yo‘llar bilan olishga yoki sotishga urinayotganlar ko‘paydi.
Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Xo‘jakent” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan 2008 yilda “Bolalar sport-sog‘lomlashtirish va dam olish oromgohi” qurilishi uchun tuman zaxira yerlari tarkibidan ajratilgan 5 gektar yer maydonini fuqaro M.B. va boshqalar o‘zaro til biriktirgan holda fuqaro S.X.ga 1 million AQSH dollariga noqonuniy yo‘llar orqali sotmoqchi bo‘lishdi.
Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi organlari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs kelishilgan puldan 50 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda ushlangan.
Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, M.B. protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda, Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA