Milliardlab mablag‘lar nega talon-toroj qilinmoqda?
Marg‘ilonda xalq ta’limi bo‘limi rahbarining kirdikorlarini eshitib, ko‘pchilik taajjubga tushdi.
Ma’lum bo‘lishicha, prokuratura tomonidan shahar xalq ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov davomida Marg‘ilon shahar xalq ta’limi bo‘limi sobiq boshlig‘i qurilish-ta’mirlash ishlari davomida jami 1,7 mlrd so‘m miqdordagi mablag‘larni talon-toroj qilganligi va davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganligi aniqlangan.
Shu sababli, mansabdor gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining ajrimi bilan Marg‘ilon shahar xalq ta’limi bo‘limi sobiq boshlig‘iga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Ba’zi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, oilaviy bog‘chalarda mablag‘larni noqonuniy o‘zlashtirish, pora olish kuzatilyati. Xalqimizda “mening nafsim balodir...” degan gap bejiz aytilmagan. Ayrimlar birovlarning haqqidan qo‘rqmay, jinoyatga qo‘l urmoqda.

Korrupsiya jamiyat rivojidagi eng katta to‘siqlardan biridir. bugungi kunda Farg‘ona viloyatida bu kabi holatlar afsuski, ko‘p uchramoqda. Jamiyatimiz taraqqiyotiga g‘ov bo‘layotgan korrupsiya, ta’magirlik holatlari nega barham topmayapti? Ta’lim, sog‘liqni saqlash, qurilish kabi sohalarda buning avj olgani tashvishlanarlidir.
Huquqiy nuqtai-nazardan korrupsiyaga qarshi barcha choralar ko‘rilmoqda: «Korrupsiyaga qarshi kurash to‘g‘risida» qonun qabul qilindi, davlat organlarida korrupsiya holatlarining oldini olishga qaratilgan idoraviy ichki hujjatlar ishlab chiqildi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi, korrupsiya uchun og‘irroq jazo chorasi tayinlandi, ommaviy axborot vositalarida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Afsuski, korrupsiyaning jamiyatdagi ijtimoiy norma sifatida o‘rni haligacha o‘z ahamiyatini saqlab turibdi. Ko‘pchilikda davlat xizmatiga qo‘shimcha daromad manbai sifatida qarash hozirgacha mavjud. Fuqarolar korrupsiyaga o‘z muammolarini tez hal etish vositasi sifatida qarashda davom etmoqda.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar M.B. va Sh.F. oldindan til biriktirib, Quva tumanidagi kichik sanoat zonasidan 20 sotix yer maydonini fuqaro N.ga tanishlari orqali ajratib berish evaziga 5.000 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.B. va Sh.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Qo‘qon shahridagi 8-sonli maktab direktori F.Djabbarova fuqaro N.Nabiyevani maktabga yarim stavkaga kutubxonachi va 0,2 stavka laborant vazifasiga ishga qabul qilishi evaziga 100 AQSH dollari va 850 ming so‘m, Marg‘ilon shahridagi 31-sonli maktab direktori vazifasini bajaruvchi A.Dadaxonov fuqaro D.Jalolovni texnik lavozimga tayinlash evaziga 150 AQSH dollari olayotgan vaqtda ushlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Farg‘ona viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “I.” irrigatsiya tizimi boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i A.N. va katta Farg‘ona magistral kanali muhandis-gidrotexnigi S.R. fuqaro N.ning ishonchiga kirib, unga Marg‘ilon soyining muhofaza hududidan 5 sotix yer maydonini tadbirkorlik qilish uchun ajratib berish evaziga 7 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Korrupsiyaga qarshi kurashishni avvalo, o‘zimizdan boshlashishimiz, unga murosasiz bo‘lishimiz kerak. Joriy yilning 21 avgust kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida Milliy kengash to‘g‘risidagi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar to‘g‘risida nizomlar tasdiqlangan. Toshkent shahar va barcha viloyat hokimlari Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining raislari deb belgilandi. Bu kengashlarning qarorlari davlat va jamoat tashkilotlari uchun majburiy. Albatta, viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida hali qilinadigan ishlar ko‘p. Salbiy holatlar ko‘p uchrayotgan tizim rahbarlari bundan xulosa qilishi kerak.
M.Sulaymonov, O‘zA