«...Shavkat Mirziyoyev dadil amalga oshirgan yana bir eng muhim jihat shuki, buni men ozodlikka erishganimizdan keyingi buyuk va tarixiy islohot, degan bo‘lardim, paxta dalalariga sochilib ketgan millat bolalarini egatlardan qaytarib oldi. Uning egilgan boshi, tuproqqa qorishib ketgan qadr-qimmatini tikladi... Mamlakat xalqaro hamjamiyat oldida «Bolalar mehnati», «Ayollarni og‘ir va xatarli mehnatga jalb qilish», «Majburiy mehnat» degan ta’na-dashnomlar, isnoddan qutuldi, turli iqtisodiy cheklovlardan ozod etildi».

I

Chigal va murakkab, tangu tor vaziyat odam bolasi nechog‘li himoyasiz va bir imdodga muhtoj ekanini mudom aniq namoyon etib kelgan. Biz buni kechagi va bugungi kunlarimiz misolida ham ko‘rdik, ko‘ryapmiz...

O‘tgan yili katta vahima bilan boshlangan, hamon o‘z qutqusi bilan butun insoniyatni ayricha bir hadikka solib turgan koronavirus pandemiya­си manaman degan odamlar, hatto, olamga qozilik da’vosidagi davlatlarning ham og‘ziga talqon solib qo‘ygani bor gap. O‘lim haqidagi kunlik statistikalar, pandemiya sabab iqtisodiyotlardagi inqirozlar ko‘lankasi odamlarni ham, hukumatlarni ham shoshirib qo‘ydi. Jahondagi umumkayfiyat trayektoriyasi tragik motivlarga qorishib ketdi. Buning ustiga, dunyoning turli burchaklarida davom etayotgan qonli to‘qnashuvlar, siyosiy nizolar, kelishmovchiligu fisqu fujurlar, talotumlar natijasida oddiy odamlarning turmushi izdan chiqayotgani, tinch aholining yostig‘i quriyotganini ko‘rib turish har qanday kishining yuragiga adoqsiz og‘riq soladi.

...VVS rus xizmati Nigeriyada qurolli to‘dalar maktab o‘quvchisi bo‘lgan 300 nafar qizni tovon puli evaziga garovga olgani haqida xabar bergan mart oyi o‘rtalarida men Surxondaryo viloyatida safarda edim. Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, viloyatda xotin-qizlar muammolarini hal etish, ularga zarur yordam ko‘rsatish, ayollarimizning hayotini o‘zgartirishga yo‘naltirilgan hayotbaxsh arteriya – «Ayollar daftari» faoliyatini o‘rganayotgan edik.

Biroq zikr etilgan bu xabar garchi dunyoning narigi burchida sodir bo‘lgan esa-da, qalbimni ranjitdi, xayollarimni to‘zg‘itib yubordi, oromimni o‘g‘irladi. Zotan, voqea insonlar, norasida bolalar bilan bog‘liq edi. Har bir odam bolasining bu dunyodan ro‘shnolik ko‘rish, baxt va iqbolga burkanib yashashga haqqi bor. Va bu adolatdan bo‘ladi!

Ammo ko‘hna dunyoning tartiboti shunday ekanki, unga ko‘ra, adolat bilan xiyonat, odillik bilan razillik, muhabbat va qabohat mudom yonma-yon yurar ekan. Ma’lumotlarga ko‘ra, biz zamonaviy deb atayotgan bugungi olamda sodir etilayotgan yovuzliklardan eng ko‘p jabr chekayotganlar ayollar va bolalar ekan. G‘alati paradoks: bir qo‘limiz bilan ovozkuchaytirgichni tutib, «biz taraqqiyotning cho‘qqisiga chiqdik, koinotni zabt etdik, inson huquqlari to‘liq ta’minlandi», deya hayqiramiz, ikkinchi qo‘limizdan esa razillik va qabohat qamchinini tashlamaymiz. Bunda jabr ko‘rayotgan, ta’bir joiz bo‘lsa, qamchidan ozor chekayotganlar esa ayollar va bolalar bo‘lib qolmoqda.

Yaqinda «Euronews» ayollar uchun eng xavfli davlatlar o‘ntaligini ma’lum qildi. Ular orasida taraqqiy etgan, «butunjahon politsiyasi» rolini qo‘lga olishga da’vo qilayotgan davlatlarning ham borligi kishini bezovta qiladi, albatta. Shular haqida o‘ylaganda beixtiyor Lev Tolstoyning zulmga qarshi isyon tarzida aytgan quyidagi gapi xayolda aylanadi: Odamlarni osadigan inshoot – dorning og‘ochi qaysi daraxt tanasidan yasalar ekan?!

Albatta, daholarning mehr-muhabbat, ezgulik, insonparvarlikni yoqlab aytayotgan bunday o‘tli nutqlari bugun ham quloqqa ko‘p chalinadi. Bu esa dunyo mudom to‘lg‘ama ichida ekanini ko‘rsatadi.

Mana, dunyoga bir qarang, nimalar bo‘layotir yer yuzida? Sharq o‘lkalarini chulg‘agan urush, taraqqiy topgan mamlakatlarda sodir etilayotgan qonli xuruj va terror, odamlar yuz-ko‘zidagi qo‘rquv va sarosima go‘dagini bag‘riga bosib balodan qochib borayotgan mushtipar kelinchakka qarab, yurak-bag‘ring tuz sepganday achishadi.

Kecha yana teleekranda bir bolani ko‘rsatishdi. Jurnalist undan:

– Orzuying nima? – deb so‘radi.

Urush bolasi hasratli nigohda shunday javob berdi:

– Ertalab uyqudan turganda ota-onam bilan opa-ukam uyda, eson-omon bo‘lsa bas...

Aslida, dunyoni ostin-ustun qilayotgan yovuzlar ham, ularning kinli-g‘arazli iddaosi ham o‘sha bechora bolaning yoki Nigeriyada garovga olingan 300 nafar mushtipar qizning qatra ko‘z yoshiga arzimaydi. Shunday kezlarda beixtiyor ko‘ngilda bir o‘kinch bo‘y ko‘rsatadi: hayot nima uchun beriladi? Orzu-havasli insonlar yaxshilikka intilib yashashi uchun emasmi?!.

«Bog‘ xayoli boqqa, do‘kon xayoli do‘konga olib boradi», deydi Mavlono Rumiy. Niyat samimiy bo‘lsa, ko‘ngillarni ravshan etuvchi ishlar ham, obodligu tinchlik, farovonlik ham yo‘limizda bo‘ladi, deganidir bu.

Shularni taxayyul va tafakkur mezonlarida solishtirar ekansiz, bugun hayotimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar qadr-qiymati ko‘zingga boshqacha ko‘rinib ketadi. Zotan, biz ham qiyinchiligu azob-uqubatni, mustabidlik sitamlarini ko‘p va xo‘b totgan xalqmiz. Buni bilish, anglash uchun esa o‘tmishimizga bir nazar tashlasak, o‘ylaymanki, masala yanada oydinroq ko‘rinadi.

II

Bu Vatan o‘tmishi, haqiqatan ham, og‘ir va chigal. Qonli istilolar ruhimizda bitmas-tuganmas jarohat qoldirgan. Agar biz o‘sha bosqinlar zamiriga nazar tashlasak, o‘sha istilolar arafasida, qiyin va og‘ir pallalarda, xalq o‘z holiga tashlab qo‘yilganiga, va yana ham achinarlisi, mislsiz xiyonatlarga guvoh bo‘lamiz.

Muarrixlarning ta’kidlashicha, har bir istilo xalq xotirasida o‘nglanmas asorat qoldiradi. Buni «oqposhsho» bosqini, ayniqsa, sho‘ro siyosati, kommunistik mafkura zulmi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Albatta, o‘tgan tarixiy silsilalar milliy o‘zligimizga yetkazgan ziyon va tushunchalar hamon ong ostida yashab kelayotir. Buni turish-turmushimiz, hayot tarzimizda ham ko‘rish mumkin.

Yuzlab yillar xalqimiz boshiga bitmas tuganmas balolarni yog‘dirgan paxta siyosati keltirgan kulfatlar haqida bugungi yoshlar kam narsa biladi. «Oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi» degan balandparvoz shiorlar ostida necha avlod umri kuyib ketganini, majruh va kasalmand bolalar, butun umr qadoq qo‘llari bilan yer tirmalab, kosasi oqarmagan odamlar taqdiri haqida o‘ylaganda har qanday vijdonli odamning ko‘zida yosh halqalanadi...

III

1986 yil noyabrda KPSS Markazqo‘mi Bosh kotibi Mixail Gorbachev rasmiy tashrif bilan Hindistonga safar qiladi. U Toshkentda to‘xtab o‘tadi va aeroportda respublikaning o‘sha vaqtdagi rahbariyati bilan suhbatlashadi. Ular «tozalash» borasida olib borayotgan mudhish va qaqshatqich ishlari haqida hisob beradi.

Ammo Bosh kotib bu ishlarni qoniqarsiz, deb topadi. Ayniqsa, respublikada diniy mahdudlik, bid’at va xurofotga berilish avj olganini alohida ta’kidlaydi. «Sovet O‘zbekistoni» gazetasining o‘sha davrdagi taxlamini ko‘zdan kechirsangiz, Bosh kotib: «Diniy marosimlarga qarshi qat’iy va murosasiz kurash olib borish, ateistik propagandani kuchaytirish zarur, bu ishda hech qanday murosasozlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», deya timqora harflarda uqtirganiga guvoh bo‘lasiz.

Xullas, o‘sha yili aholini ateistik ruhda tarbiyalash mavzuida yagona siyosiy kun o‘tkazildi. Diniy, umuman, arabcha yozuvdagi kitob­larni yig‘ib olish va o‘tda yoqish avj oldi. «Navro‘z» ayyomi taqiqlandi va uning o‘rnida «Navbahor» deb atalgan zamonaviy bayram o‘tkazish tavsiya etildi. Sumalak pishayotgan doshqozonlar to‘nkarildi. Dafn marosimida janoza o‘qish, Alloh taolo nomini zikr etish, qabrtoshga hilol tasvirini solish, hatto, chopon kiyish man etildi. Busiz ham «o‘zbek ishi», «qo‘shib yozish» degan tahqirlar, avj olgan «qama-qama» xalq yuragini o‘rtab yuborgan edi. Ustiga-ustak, o‘sha kezlar markazda o‘tirgan «aqlli»lardan biri qabristonlar bilan ham qiziqadi: «Qarang, qancha yer isrof bo‘p yotibdi! Buzib, paxta ekish kerak! O‘lganlarni krematsiya qilish zarur!», deydi...

Paxta siyosati shunday edi. U tiriklar tugul marhumlarning ruhini chirqiratishdan ham toymagan.

Umumiy ma’noda gapirganda, Turkistonni paxtaning quliga aylantirish zamirida uch daryoni bo‘g‘ib tashlash, dengizni quritish, shu tariqa bu zaminda yashayotgan xalqni qaram qilish siyosati yotadi. Bu – yaqin o‘tmishda, ya’ni sobiq ittifoq davrida boshlangan emas, bu – azaldan bor gap.

Siyosatchilar orasida goh pinhon, goh oshkor bir suxan aylanib turadi: «Yevroosiyoga kim egalik qilsa, dunyo taqdirini o‘sha hal qiladi». Nikolas Spaykmen esa uni bir oz soddalashtirib, «Yevroosiyo suv manbalari kimning qo‘lida bo‘lsa, dunyoni o‘sha boshqaradi», deya bayon etadi. Ochiq aytganda, Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshonni kim jilovlay olsa, ikki daryo orasi uning izmida bo‘ladi, degan fikr bu.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardan birida mavzuga yaqin qiziq bir faktga ko‘zim tushdi. Unda shunday deyiladi: ...1872 yil 14 noyabrda Turkiston general-gubernatori Fon Kaufman imperator Aleksandr II ga: «Biz Orol haqida o‘ylashimiz kerak!, – deb xat yozadi. – Shunday qilaylikki, Amudaryo bilan Sirdaryoning suvi paxtazorlarda qurib bitsin! Orolga bo‘lsa, Sibir daryolarini oqizgan ma’qul. Shunda biz Turkistonni hamisha qo‘lda tutib turamiz. Va Rusiyaga qaram qilib olamiz».

Mana shu siyosat asrlar davomida hukm surdi. Uch daryoga band solib, qurilgan suv omborlari, qumga singib ketuvchi Qoraqum kanali – shu siyosat mahsuli. Oqibat, Orol dengizi quridi. Iqlim o‘zgarib, turli xastaliklar urchidi. Paxta yakkahokimligi tuproqni o‘ldirdi. Yerning meliorativ holati hech kimni o‘ylantirmay qo‘ydi. Va, eng mudhish tomoni, mustabid siyosat oddiy bir ekinni mafkuralashtirdi va jamiyatni uning quliga aylantirdi...

Paxta siyosati keltirgan kulfatlarni yorqinroq tasavvur qilishga quyidagi misollar ham ko‘maklashishi mumkin.

O‘sha zamonlar har yili yerga tonnalab pestitsid va gerbitsid solingan, g‘o‘za bargini to‘kish uchun ko‘pdan-ko‘p defoliant sepilgan. Zahriqotil esa g‘o‘za bargi bilan birga aholi salomatligini ham to‘kib ketgan edi. Buni tasavvur qilish uchun rossiyalik akademik Vladimir Sokolov Vetnamdagi kimyoviy urush haqida yozgan maqolani ko‘zdan kechirish kifoya. «Vetnamda biz asr jinoyati – nafaqat xalqqa, balki uning zamini va tirik mavjudotga qarshi qirg‘inbarotga guvoh bo‘ldik, – deb yozadi u. – Tabiatning jamiki jonli a’zosiga nisbatan vahshiylarcha qilingan cheksiz qabohatni ko‘rib, yoqa ushlamaslik hech mumkin emas. Xalq irodasini sindira olmagach, bosqinchi uning yashash manbaini yo‘q qilishga qaror qildi... Ularning qo‘lidagi gerbitsid va defoliant mamlakat uchun qirg‘in, ocharchilik va qahatchilik tug‘diruvchi qurol edi, aslida...».

Olimning yozishicha, Janubiy Vetnamga 90 ming tonna gerbitsid tashlangan. Va bu mudhish oqibat keltirib chiqargan.

O‘zbekistonda esa faqat 70 – 80 yillarning o‘zida har gektar yerga solingan gerbitsid – 2,2, defoliant – 16,2, insektitsid – 36 kilogrammni tashkil etadi. Endi o‘zingiz hisob-kitob qiling. O‘sha vaqtlar 4 million gektardan ortiq maydonga paxta ekilgan. Va eng zararli defoliant – butifos qo‘llanilgan.

Natijada esa o‘sha vaqtda respublikada onalar va bolalar o‘limi, kamqonlik, yuqumli sariq va jigar-buyrak toshi, oshqozon-ichak, tif va paratif, qoqshol va brutsellyoz kabi kasalliklar keng yoyilgan. «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 1988 yil 4 noyabrdagi sonida Qoraqalpog‘iston ayollarining 90 foizi anemiyaga mubtalo bo‘lgani ta’kidlanadi. ­Navoiy tumanidagi «Qizil O‘zbekiston» kolxozida esa 2 315 nafar bola bo‘lib, ulardan 45 foizining organizmi kasal yuqtirmaslik va kasalga qarshi kurashish, ya’ni immunitet hosil qilish qobiliyatidan mahrum bo‘lgan. Bu kulfatni keltirib chiqargan yakkayu yagona omil – paxta yakkaziroatchiligi! Va uni vosita qilib, zaminga sepilgan turli zahriqotillar edi, albatta!

O‘ylab-o‘ylab, hayron qolasan kishi, qon yutib, zahar yutib, mislsiz hosil yetishtirasan, ammo magazinda kafanlikka surp topilmaydi!

Xo‘sh, bu adolatdanmi?!

IV

Taassufki, paxta yakkahokimligi mustaqillikdan keyin ham to‘liq barham topgan emas. Kechagi kungacha maktab o‘quvchilari, talabalar, o‘qituvchiyu shifokorlar, umrida bo‘sag‘asidan narini ko‘rmagan qishloqlardagi munis va mushtipar opa-singillarimiz hayoti xuddi мuс­табидлик zamonlaridagidek dalada o‘tganini bugun kimdan yashiramiz? Paxta mavsumida davlat idoralari, jamoat korxonalari va xususiy ishlab chiqarishda mehnat qilayotganlarning o‘zi shundoq ham qora qozonini qaynatishga zo‘rg‘a yetadigan maoshi «biriktirilgan paxta shtabiga» degan vaj bilan qaytarib qolinishini bekitishning iloji bormi bugun?! Obrazli qilib aytganda, biz madaniy o‘simlik, deb ataydigan paxta turli siyosiy vositalar ta’sirida g‘ayriinsoniy bir «jazo mashinasi»ga aylantirildiki, u elning kosasini oqartirish o‘rniga, sho‘rini quritdi. Qolaversa, paxta yakkaziroatchiligi mamlakatni nafaqat bir qutbli agrar mamlakatga aylantirgani, balki uni yetishtirishda repressiv usullar qo‘llanilgani bois turli darajadagi xalqaro moliyaviy va siyosiy cheklovlarga ham giriftor etganini va bu aholi turmushida mudhish iz qoldirganini bugun yaxshi bilamiz. Eng yomoni, iqtisodiyotning ma’lum bir tarmoqlarga qaramligi, boshqaruvdagi o‘jar konservatizm, texnik va ma’muriy qoloqlik boshqa og‘ir muammolarni ham keltirib chiqardi. Xususan, ishsizlik omili ular orasidagi eng «qaynoq»laridan biri bo‘ldi. Xo‘sh, nega bunday bo‘ldi, тuп­роғиga cho‘p suqsang, ko‘karadigan, ulkan yer osti va usti boyliklariga ega mamlakat aholisi nima uchun og‘ir turmush sharoitiga mubtalo edi. Ular nega muhojirlik yo‘lini tanlashga majbur edi, necha millat o‘g‘lonlarining qaddi kamonday bukilib qoldi?

Albatta, buning o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Ulardan biri shuki, ittifoq qulagach, bizdagi o‘sha paytdagi rahbariyat, aftidan, mamlakat iqtisodiyotini sobiq markaz ta’siridan tezroq xalos etishga kirishdi. Bu esa butun ittifoqni o‘rgimchak to‘riday qurshab olgan sanoat halqasidan, umummexanizmdan uzilishni taqozo etardi. Unga ko‘ra, faoliyati ittifoqdoshlar, asosan, Rossiyaga qaram bo‘lgan zavod va fabrikalar konveyerlari birin-ketin to‘xtatildi. Xolisanillo aytganda, bu qarorni milliy suverenitetni mustahkamlash, tezroq mustamlaka ta’sirlaridan chiqish yo‘lidagi qadam sifatida olqishlash mumkin edi. Biroq kutilmaganda bu ish o‘z aks ta’sirini ko‘rsata boshladi. 90-yillar boshida uzil-kesil, bilvosita nazardan chetga surib qo‘yilgan poytaxtdagi «Toshkent aviasozlik zavodi», «Tashselmash», «O‘zbekselmash», «Toshkent traktor zavodi», «Toshkent tekstil» kabi o‘nlab yirik korxonalarning faoliyati to‘xtashi natijasida faqat poytaxtning o‘zida 100 dan 200 mingtagacha ish o‘rni qisqarib ketdi. To‘xtab qolgan korxonalar o‘rnini bosa oladigan, odamlarni ish bilan ta’minlaydigan yangi ishlab chiqarishlardan esa darak bo‘lmadi. Bularning ustiga, investitsiyaviy muhitning yomonlashuvi, qolaversa, demografik «sakrash»lar mamlakatda millionlab ishsizlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. 2000-yillarga kelib esa nafaqat dunyo davlatlari, balki qo‘shnilarimiz bilan ham munosabatlarimizning sovib borishi mamlakatni nihoyat izolyatsionizm – qobiqqa o‘ranib qolish holatiga olib keldi. Va bu dramatik xronologiya bizga mudom bir turdagi qaramlikdan boshqa mutelik quchog‘iga sirg‘alib tushganimizni alamli tarzda eslatib turadi.

Xullas, juda qisqa va umumiy tarzda zikr etilgan ushbu jihatlar millionlab fuqarolarimizni chet elda, qolganlarini esa yuqorida eslaganimizday mustaqil bo‘lgach ham paxta dalalarida mehnat qilishga majbur etdi. Albatta, bu o‘rinda men birovni ayblash fikridan yiroqman. Zotan, mustaqillikni qo‘lda tutib qolish, mustamlaka siyosati ta’siridan xalos bo‘lish hech qachon oson kechmagan. Va yana, muarrixlar tilida aytganda, tarixiy zarurat, degan diskurs-tushunchalar ham bor siyosatda.

Pisandaga hojat yo‘q. Nimaga desangiz, ayni shu omil, ya’ni tarixiy zarurat besh yil oldin boshqaruvga kelgan Shavkat Mirziyoyev zimmasiga ham og‘ir mas’uliyat yukladi. Mahalliy va xalqaro ekspertlarning o‘sha mahallar «Mirziyoyevga og‘ir iqtisodiy va siyosiy meros qoldi» degan qarashlarini inkor qilmagan tarzda, shuni qo‘shimcha qilishim mumkinki, yangi rahbar endi iqtisodiyoti, odamlar turmush tarzi, kayfiyati tobora xiralashib, nursizlanib borayotgan jamiyatda katalizator rolini bajarishi kerak edi. Va to‘la ishonch bilan ayta olamanki, ­Shavkat Miromonovich bu vazifani kutilganidan-da a’lo darajada bajardi, bajarayotir.

Eng avvalo, ko‘zga yarq etib tashlanadigan jihat shu bo‘ldiki, boshlangan islohotlar natijasida davlatning jamiyatga, odamlarga ritorikasi – munosabati o‘zgarib ketdi. Yangi hukumat ishni ilgarigidek mavjud vaziyatni jamiyatni, fuqarolarni ayblash yo‘li bilan xaspo‘shlashdan tiyilib, bunday abgor holga tushishda tizimning, davlatning aybi, kamchiliklari nimalardan iborat ekanini aniqlashdan boshladi. Va o‘z o‘rnida mavjud vaziyat va ahvol uchun xalqidan kechirim so‘rashga, muammolarni tan olishga o‘zida kuch, siyosiy iroda topa oldi. Eng og‘ir muammo – migratsiya masalasi ochiq kun tartibiga chiqdi. Mamlakat tarixida ilk bor jamiyatimizda kambag‘allik ildiz otgani, turmushi og‘ir odamlar mavjudligi tan olindi.

Prezident 2018 yil Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida o‘sha kunlari Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyatida fojiali hodisa tufayli halok bo‘lgan farzandlarimiz ruhiga Qur’on tilovat qilib, «bunda bizning, davlatning ham aybi katta», deya nadomat chekishi davlatning odamlarga, elga qarashi qay yo‘nalishga o‘tganini aniq ifodalab berdi, desam, yanglishmayman.

Va nihoyat, Shavkat Mirziyoyev dadil amalga oshirgan yana bir eng muhim jihat shuki, buni men ozodlikka erishganimizdan keyingi buyuk va tarixiy islohot, degan bo‘lardim, paxta dalalariga sochilib ketgan millat bolalarini egatlardan qaytarib oldi. Uning egilgan boshi, tuproqqa qorishib ketgan qadr-qimmatini tikladi... Mamlakat xalqaro hamjamiyat oldida «Bolalar mehnati», «Ayollarni og‘ir va xatarli mehnatga jalb qilish», «Majburiy mehnat» degan ta’na-dashnomlar, isnoddan qutuldi, turli iqtisodiy cheklovlardan ozod etildi.

V

Agar Mirziyoyevni maqtash, ko‘klarga ko‘tarish kerak bo‘lsa, uning millat oldidagi shu xizmatining o‘zi ham yetib ortadi. Biroq meni bir savol – «bizda yangi davrda bu ishlarni ko‘radigan, baholaydigan va keng ­ommaga tushuntirib beradigan qatlam – ziyolilar qatlami shakllandimi?» degan savol mudom o‘ylantiradi.

Afsuski, bunday ishlarga deyarli bee’tibor bo‘lib qoldik. Bu vazifalarimiz chetda qolib, ko‘pchiligimiz ijtimoiy tarmoqlarda yashirin imzo ostida bir-birimizni badnom qilish va bundan pinhona huzur-halovat topishni o‘zimizga ep bilib o‘tiribmiz. Qolganlar esa masalaning mohiyatini to‘liq anglamay, nima ishlar bo‘layotganini chuqur tushunmay, qora ­kostyum-shimda, bo‘yniga mashhur brendli ­bo‘yinbog‘ni bog‘lab, televizorda va turli minbarlarda chuchmal ma’ruzalar o‘qish bilan band.

Ammo hayotga chuqurroq nazar tashlaydigan, «odamlarga shu kerakmi, axir xalqni shuncha yil quruq gaplar bilan, tuturuqsiz intervyular bilan bezdirib yubormadikmi?» deydigan vallomat topilmaydi.

Yopiq jamiyatlar nafaqat turmushni, balki dunyoqarashni ham turg‘unlikka mubtalo qilishini biz ko‘p ko‘rganmiz. Shu ma’noda gapirganda, bugun ham sezilarli tarzda jamiyatda filistyor – o‘zini ilmli sanovchi tor fikrli kishilar qatlami shakllanganini ko‘rish mumkin.

Mayli, hozir gap bu xususda emas. Boshlagan mavzuimiz mamlakatimizda tizim va odamlar turmushini boshqa qutbga keskin burib yuborgan favqulodda islohotlar to‘g‘risida edi. Va bu qilinayotgan ishlar, garchi bizning ilmiy jamoatchiligimiz, matbuotimiz nazaridan chetda qolayotgan esa-da, xalqaro hamjamiyat buni ziyraklik bilan kuzatib turganini sezish unchalik qiyin emas.

«Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylangandan beri o‘tgan yillar mobaynida valyutani liberallashtirish, majburiy mehnatni bartaraf qilish va chiqish vizasini bekor qilish singari keng qamrovli islohotlar jarayonini boshlab berdi. Bu investorlarni ham, aholini ham ilhomlantirib yubordi...

...Mirziyoyev hokimiyatga kelgan payt O‘zbekiston bankrotlik jari yoqasiga kelib qolgan edi. 13 yil bosh vazir bo‘lib ishlagan pragmatik iqtisodchi va yangi prezident O‘zbekistonni qo‘shnilarga ochish hamda savdo-sotiq va chet el investitsiyasi yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha jadal qadamlar qo‘ydi. Huquqshunoslar va kompaniyalar nazdida islohotlar jarayonining jadalligi va ko‘p narsalarni ko‘zlayotgani hamda pul siyosati va iqtisodiyot liberallashtirilayotgani vaqti-vaqti bilan hayratomuz bo‘lib ko‘rindi», deb yozadi «Rossiya va Yevroosiyo» dasturining tadqiqotchisi Keyt Mallinson chathamhouse.org saytida e’lon qilingan «O‘zbekiston prezidenti kutilgan katta umidlarni ro‘yobga chiqara oladimi?» («Can Uzbekistan’s President Meet Raised Expectations?») nomli maqolasida.

Haqiqatan ham, bugun juda oddiy gapga aylanib qolgan ko‘p muammolar o‘z vaqtida milliy inqiroz darajasiga ko‘tarilgani hali ko‘pchiligimizning yodimizdan chiqqan emas. Birgina konvertatsiya muammosi tufayli qancha sarson-sargardonliklarni boshdan kechirmadik. Yoki yopiq siyosat ortidan ming yillar qo‘ni-qo‘shni yashab kelgan qardoshlar bilan deyarli yuzko‘rmas bo‘lib ketishimizga oz qolgani haqida o‘ylash kishini mudom xavotirga soladi. Endilikda mintaqaga ochilish, qo‘shnilar bilan munosabatlarni «to‘g‘rilab olish» haqida gapirish juda jo‘n narsa. Bugun marra juda yuqori olingan: milliy jamiyatlarda integratsiya-mintaqa integratsiyasi haqidagi gaplar, chaqiriqlar tez-tez quloqqa chalina boshladi.

Bu, shubhasiz, Markaziy Osiyodagi metropoliya davlat hisoblanmish O‘zbekistonning yangi siyosati bilan bevosita bog‘liq.

«Ilgari, – deyiladi «Vestnik Kavkaza» internet nashrida berilgan «Shavkat ­Mirziyoyevning 4 yillik Prezidentlik davrida O‘zbekistonda qanday o‘zgarishlar yuz berdi?» maqolasida. – O‘zbekiston deganda, birinchi naв­батda, paxta yodga kelardi, hozir bunday emas. bugungi kunda O‘zbekiston 42 mamlakatga mahsulot eksport qiladi, 2019 yildan boshlab yangi 59 turdagi mahsulot chetga chiqarila boshlandi. 2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish стратегия­си doirasida agrobiznes yuritish uchun qulay muhit yaratish dasturi amalga oshirilmoqda. Қish­лоқ xo‘jaligi maydonlaridan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish va yetishtirilayotgan ekinlarni diversifikatsiya qilish imkonini beradigan klaster tizimi tashkil etildi. O‘zbekiston rossiyalik va xitoylik hamkasblari bilan qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish maqsadida ilmiy tadqiqotlar bazasini yaratmoqda, xalqaro tashkilotlar esa O‘zbekiston hukumati dasturlarini amalga oshirish uchun kreditlar ajratmoqda...».

Mana shu iqtibosning o‘ziyoq Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan va oshirilayotgan islohotlarning samarasini yaqqol isbot etadi, nazarimda. Eng muhim dalilni esa bugun barcha o‘zining hayotida ko‘rib turibdi – mavsumiy tashvishlarimizdan biri bo‘lgan «paxta» atamasi hayotimizdan allaqachon chiqib ketdi.

VI

Aksariyat hollarda bizda «xalqqa qayishish», «el koriga yarash, unga jonfidolik qilish» kabi birikmalar pafosga to‘yingan adabiy matnlarga zeb beruvchi metafora sifatida ishlatib kelindi.

To‘g‘risi, deyarli badiiy uydirmaga aylanib qolgan bu sifatlarning voqelikdagi ifodasini juda kam ko‘rganmiz. Mirziyoyev esa bularni voqelikka aylantira oldi.

Men yuqorida Nigeriyada garovga olingan 300 nafar norasida qizni, Qozog‘iston cho‘llarida shahid ketgan farzandlarimizga Prezidentning mahzun munosabati haqida bekorga eslamadim. Zotan, shu voqealar fonida mamlakat ijtimoiy-mafkuraviy va siyosiy landshaftidagi burilish yorqinroq ko‘rinadi. Qolaversa, bugungacha besh bosqichda amalga oshirilgan «Mehr» loyihasi orqali jahonning urush ketayotgan o‘tli-olovli nuqtalaridan fuqarolarimiz bo‘lgan yuzlab ayollar va bolalarning Vatanga qaytarilishi hamda ularga tinchu osuda yashashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgani yangi siyosatda jamiyatdagi muammolarga yangicha rakursdan qarash tamoyili qat’iy kun tartibiga kirganini ko‘rsatib berdi. Holbuki, bungacha biz ularni, adashgan, aldanib qolgan ko‘plab opa-singillarimizni «vatan xoinlari», «yurtfurushlar» deya tahqirlash bilangina cheklanib keldik.

Umuman olganda, Prezidentning masalaga bunday keng va falsafiy nuqtai nazardan qarashiga boshqa sabablar ham turtki bergan bo‘lishi mumkin. Bu yerda gap faqat mehr-shafqat, davlatning o‘z fuqarosi oldidagi «otalarcha kechirimliligi» haqida desak, mohiyat kemtik qolib ketayotgandek tuyuladi menga. Nazarimda, Prezident bu nuqtada masalaning boshqa nozik jihatlarini ham hisobga olganday. Xususan, keyingi paytlarda tadqiqotchilar tomonidan olovli nuqtalardagi terrorchi to‘dalarga qo‘shilib qolganlarning hammasi ham mutaassiblar emas, ular orasida chorasizlikdan yoki aldov orqali guruhlarga qo‘shilib qolganlar ham bor. Va bundaylarning ko‘pchiligi uyini tashlab chiqib ketishiga vatanidagi adolatsizliklar, ishsizlik va kun ko‘rish darajasining o‘ta pastligi sabab bo‘lgan, degan qarashlar tez-tez ilgari surilmoqda.

Masalan, Jorj Vashington universiteti qoshidagi Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari institutining «Markaziy Osiyo» dasturi vebsaytida Markaziy Osiyoda islom dini tadqiqotchisi Noy Takkerning (Noah Tucker) «Terrorism without a God: Reconsidering Radicalization and Counter-Radicalization Models in Central Asia»­(«Xudosiz terrorizm: Markaziy Osiyodagi radikallashuv va radikallashuvga qarshi kurash modellarini qayta ko‘rib chiqish») deb nomlangan tadqiqotida ayni shu haqda so‘z boradi.

Tadqiqot so‘zboshisida Markaziy осиёлик­larning Suriyadagi urushga safarbar qilinishiga missionerlarning da’vati emas, jamiyatlardagi adolatsizlik sabab bo‘lgani aytiladi. Markaziy Osiyodagi zo‘ravon ekstremizm din ramzlari, ritorikasi va e’tiqoddan foydalanishini inkor etmagan holda, mintaqadagi kishilar ijtimoiy, siyosiy yoki shaxsiy muammolardan kelib chiqib radikallashuvi hamda o‘sha muammolarni radikal tarzda hal etishni taklif etadigan guruhlarga qo‘shilishga intilishini aytib, dinning zo‘ravon ekstremizmga safarbar qilishdagi roli keragidan ortiq baholab yuborilayotgani ta’kidlanadi. Noy Takker 2016 va 2018 yillarda mintaqa davlatlarida o‘tkazgan tadqiqoti natijalari va fransuz olimi Olive Royning Yevropada Suriyadagi urushga jangarilarni yollash amaliyoti haqidagi ­fikriga asoslanib, «islomning radikallashuvi» emas, «radikallashuvning islomlashishi» haqida gapirish kerakligini aytadi. Masalaning o‘ta nozik bo‘lgan bu jihati haqida o‘ylab ko‘rishga, albatta, har qanday hukumatning ham siyosiy irodasi dosh berolmaydi. Ko‘pchilik davlatlar siyosiy elitasi bunga allaqachon uzil-kesil chiziq tortib ham qo‘yishgan: ular «adashganlar», «vatan xoinlari», tamom-vassalom!

Ammo gap tirik odamlar, shu zaminda tug‘ilib o‘sgan yurt fuqarolari haqida ketar ekan, ularning haq-huquqlari, insoniy qadr-qimmati, qolaversa, xato yo‘lga yetaklagan sabablar mohiyati bilan ham hisoblashish kerak bo‘ladi, nazarimda.

Mirziyoyev shu yo‘ldan bordi. O‘t-olovning ichida darbadar kezib yurgan millatdoshlarini balo domidan olib chiqdi, ularni eshitdi, ularga mehr berdi. Bu davlatning, yangi hukumatning uzoqni ko‘zlagan strategiyasimi, boshqa muhim jihatlari bormi, buni tarix aytadi. Biroq men bu o‘rinda yana bir boshqa jihat haqida gapirmoqchimanki, u boshlagan mavzumizni to‘ldiradi, nazarimda. Gap Prezidentning shaxsiyati, o‘zligi, keng ma’noda aytganda, xarakteri haqida. O‘tgan asrning so‘ngida biz Jizzax viloyatida bir safda ishlaganmiz. U kishi hokim, men viloyat tashkiloti rahbari. Bir kuni yarim tunda telefon bo‘ldi. Shavkat Miromonovich! Bunday voqealarga o‘rganib qolganim uchun og‘rinmadim. U bo‘g‘iq va tund ovozda gapirdi: uxlamaganmidingiz, tez idoraga yetib keling! Bordim. Hokim darg‘azab edi. Mendan bugun chet el OAVlaridan birida chiqqan maqolani o‘qigan, o‘qimaganimni so‘radi. O‘qimaganimni bilgach, qo‘lidagi qog‘ozni uzatdi. Bu o‘sha maqolaning nusxasi edi. Maqola boshdan oyoq o‘tmishimiz, xalqimiz tarixi, millatimiz sha’nini tahqirlovchi ruhda yozilgandi.

– Shu gaplar to‘g‘rimi, – dedi u kishi menga va javobni ham o‘zi berdi. – Aslo unday emas! Bizning qanday millat ekanimiz, bobolarimiz nimalarga qodir bo‘lganiga tarix guvoh. O‘zbek xalqini tahqirlashga, nomini qora qilishga hech kimga huquq berilmagan. Buni men shu elning bir farzandi sifatida aytyapman. Kerak bo‘lsa, bu ishning ortida turganlar bilan yuzma-yuz uchrashishga ham tayyorman. Bizning jafokash va jo‘mard xalqimiz bunday chirkin iddaolardan yuqori turadi. Undaylarga munosib javob berishimiz kerak. Zero, bizning kimligimizni, qanday shavkatli, tarixda doim o‘zining gapini aytib kelgan millat ekanimizni bilsin, va keyingi safar biz haqimizda o‘ylab gapirsin. O‘sha kecha tonggacha u kishi bilan birga maqolaga javob tayyorladik. Ertalab Shavkat Miromonovich poytaxt bilan gaplashdi. Biroq markazdan «mayda-chuyda gaplarga aralashmaslik kerak, ­e’tibor qilmang», degan javob bo‘ldi...

Men o‘shanda Shavkat Miromonovichni qayta kashf qilganman, kim bilan yonma-yon ishlayotganimni bilib hayratlanganman, qalbimda cheksiz g‘urur tuyganman. O‘ylaymanki, ushbu voqea mazmun-mohiyatiga ko‘ra, Prezident nega bugun janggohlardan fuqarolarimizni olib kelayotgani, uyidan tirikchilik ilinjida chiqib yarim yo‘lda baloga duchor bo‘lgan shahid farzandlarimiz haqida og‘ir «oh» tortib gapirishi va yana nega keyingi paytlarda xorijda mardikor bo‘lib yurgan bolalarimizni tezroq uyga – vatanga qaytarish zarurligi to‘g‘risida bot-bot kuyinib gapirayotgani sabablarini ochib berishga xizmat qilishi mumkin. Va yana o‘ylaymanki, ushbu omil bu o‘rinda tadqiqotchilarga boshqa turli siyosiy konsepsiyalaru strategiyalarni kovlashtirib yurishga o‘rin qoldirmasligi ham mumkin.

VII

O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy tizimida «ohang» – aksent o‘zgarganini bir butun qilib, odamlarga, ularning taqdiriga bo‘lgan qarash boshqa tomonga yo‘nalgani bilangina ifodalash, ehtimol, kamlik qilar. Nega desangiz, bunday ko‘tarinki yangilanishlar bugun barcha jabhalarda olib borilmoqda va mamlakat hayotida mo‘’tadillikdan xiyla yuqori bo‘lgan dinamikani ta’minlamoqda. Jamiyat hayotining barcha qatlamlarida favqulodda «tig‘iz» olib borilayotgan harakatlar natijasi sezilarli. Uzoq yillar turg‘un turgan jamiyat bu iliqlikni darrov payqadi. Odamlar davlatning amalga oshirayotgan siyosatining samimiyligini hayotida, turmushida his qilyapti va buni hozir har qadamda e’tirof etmoqda.

Kezi kelganda shuni aytish kerakki, o‘ylangan g‘oyalar ifodasini kundalik turmushda ko‘rish, sezish vaqt talab qiladigan masala. Biroq Prezident Mirziyoyev jamiyatni rivojlantirishda dunyoning biror-bir mamlakati davlatchilik amaliyotida bo‘lmagan tajribalarga qo‘l urdi va ularning samarali usul ekanini isbotlab berdi. Bugun islohotlar jarayonining lokomotiviga aylangan sektorlar tizimi shulardan biri bo‘lib hayotimizga kirib keldi. Qolaversa, jamiyatda kambag‘allik va ishsizlikka barham berishni ko‘zda tutuvchi, aholining eng qiynalgan, sharoiti og‘ir qatlamlarini qamrab oluvchi «daftarlar» tizimi ham, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, juda sodda va shu bilan birga, samarali usul ekani allaqachon isbotlandi.

«Ayollar daftari» tizimi doirasida bevosita ishtirokchi, qolaversa, shu jarayonlarning ichidagi mas’ul sifatida shuni aytamanki, mazkur tajriba uzoq yillar nazardan chetda qolib kelgan, na turmushi, na salomatligi va na odamlarga o‘xshab yashashiga oddiygina sharoitni ham yaratib berolmaganimiz minglab opa-singillarimizning hayotiga nur olib kirdi.

Bugun davlat jamiyatda kambag‘allikni qisqartirish, aholiga munosib turmush tarzi yaratish maqsadida faqat «Ayollar daftari» tizimi uchun uch trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratdi. Bunday hodisa O‘zbekiston tarixida hech qachon bo‘lgan emas. Ilgarilari bir viloyatdagi soy ustiga bundayroq ko‘prik qursak yoki vrachlik ambulatoriyasini ishga tushirsak, qancha shov-shuv qilar edik. Barcha telekanallar, rasmiy matbuot sahifalari shu voqealar tafsiloti bilan to‘lib ketardi.

Bugun unday emas. Hammasi o‘z yo‘lida, tartib bilan olib borilayotir. Ortiqcha hayajonga berilish, qarsakbozligu madhbozliklar yo‘q. Barchasi o‘zi shunday bo‘lishi kerak bo‘lgan ishlardek shovqin-suronsiz bajarilmoqda. Va bunga ko‘nikib ham qoldik. Shu sabab men hozir mazkur loyiha orqali amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamini ko‘rsatuvchi tafsilotlarni birma-bir sanab, vaqtingizni olmoqchi emasman. Faqat bu xayrli ishlarning ijobati sifatida bir misolni keltiraman.

Yaqinda matbuotda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida yashovchi Nasiba Atamuradovaning Prezidentga yozgan maktubi e’lon qilindi. O‘z maktubida u Yurtboshimizga shunday murojaat qiladi: «...Ijozat bersangiz, Sizga bir farzand o‘z otasiga hurmatini izhor etganday murojaat qilsam. Zotan, Siz menga otam, tug‘ishganlarim qilolmagan yaxshilikni, berolmagan mehrni berdingiz. Hayotga, yashashga bo‘lgan qarashlarimni o‘zgartirdingiz. Men endi hecham qo‘rqmay yashayman. Bilamanki, men tashlab qo‘yilmaganman, ortimizda Sizdek suyanchimiz va mehribonimiz bor».

Yonida ota-onasi, tug‘ishganlari bo‘la turib, ikki nogiron bolasi bilan uy deyishga arzimaydigan kulbada eski sholcha ustida bolalarini bag‘riga bosgancha dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lgan, ishsiz, deyarli jamiyatdan surib chiqarilgan bir mushtiparning «Ayollar daftari» doirasida Prezidentimiz tomonidan barcha jihozlarga ega bo‘lgan uy bilan ta’minlangani, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganidagi quvonchini so‘z bilan ifodalash qiyin, albatta. Endi ayting, shunday holatdagi mehrga zor, yordamga mahtal bir ko‘ngilning dildan chiqargan gaplarini kim samimiy emas, deb inkor eta oladi?!

Bugun mamlakatimizda Nasibaga o‘xshagan, sharoiti og‘ir, yordamga muhtoj to‘rt yuz mingdan oshiq xotin-qizlar ro‘yxatga olingan. Buning uchun Prezidentimiz topshirig‘i bilan tashkil etilgan ishchi guruh respublika bo‘yicha olti yarim milliondan ortiq xonadonlarga birma-bir kirib, sharoitni, mavjud ahvolni o‘rganib chiqdi. Ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlar bilan individual ishlash, ularni kambag‘allik va chorasizlik botqog‘idan chiqarishning aniq mexanizmlari amaliyotga tatbiq etildi. Ayni kunlarda ko‘zlangan maqsadga erishish uchun astoydil harakat qilinmoqda. Bu yuz minglab taqdir sinovlari, turmush va ro‘zg‘orning og‘ir yukidan qaddi egilib qolgan munis va muhtaram opa-singillarimizning yelkalariga oftob tegadi, deganidir. Shuncha fuqaro hayotdan, ko‘rayotgan kunidan rozi bo‘lib yashaydi, deganidir.

Bir narsa hayratlanarliki, odam e’tibor bermasa, atrofida kechayotgan hayotga jiddiy nazar tashlamasa, hammasi joyida ketayotgandek umri o‘taverarkan. Shundoqqina yonginasida kuni o‘tmay qiynalayotgan, hatto yashashga uyi yo‘qligidan yerto‘lalarda, tashlandiq kulbalarda kun kechirayotgan, arzimagan kasallik bilan, qo‘li kaltaligi bois, o‘nlab yillardan buyon olishib rangi somon bo‘lib qolgan, hatto, o‘lib ketayotgan odamlar borligi haqida o‘ylab ham ko‘rmas ekan. Atrofida minglab chorasiz yetim-yesirlar Yaratganga nola qilib, tunni tongga ulayotganini bilmas ekan...

Prezident Mirziyoyev ish boshlagan ilk kundan e’tiborni shu jihatga – xalqning hayotiga, turmushiga chuqur nazar solishdan boshladi. Shu o‘rinda men bir fikrni aytib ketishni istardimki, ko‘pchilik «do‘stlarimiz» bugun olib borilayotgan ishlarni qasddan ba’zi siyosiy voqealar bilan bog‘lashga, Prezidentni shu orqali «ochko» olmoqchi, deya iddao qilishga urinishadi. Lekin fakt shuki, u bu ishlarga bugun emas, vazifaga kirishmasdan oldin bel bog‘lagan edi. Turli guruhlar burchak-burchak bo‘lib pinhona shivir-shivirlar avj olgan 2016 yildayoq ­Mirziyoyev mamlakatda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlash, odamlarning, ayniqsa, ayollar va yoshlar turmush tarzi haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish haqida gapirgan edi. Vazifaga kirishgach esa birinchi qo‘l urgan yirik amali shu bo‘ldi.

Mana shu o‘tli istak ortidan jamiyatda va boshqaruv platformasida «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» degan atama – istiloh paydo bo‘ldi. Dunyo davlatchiligi va jamiyatshunosligi ilmida uchramaydigan bu noyob tizim bugun o‘z «so‘zi»ni ayta boshladi. Men o‘zim bevosita «Ayollar daftari» tizimining «ichida» bo‘lganim uchun u orqali amalga oshirilgan ulkan ishlar, xayrli harakatlarni sizga raqam va ko‘rsatkichlar orqali qisqagina bayon etib berishim mumkin.

Mana, e’tibor qarating: bugungacha mamlakatimizda «Ayollar daftari»ga kiritilgan 432781 nafar xotin-qizning 246309 nafari (56,9 foizi)ning muammosi hal etilishiga, shu jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz bo‘lgan 253210 nafar xotin-qizning 208975 nafari (82,5 foizi)ning bandligi ta’minlanishiga erishildi. Bu shuncha xonadonning chirog‘i yorqinroq porladi, shuncha odamning qalbida yashash shavqi paydo bo‘ldi, hayotdan roziligi ortdi, degani.

Yuqorida aytganimdek, Prezident bu boradagi ishlarni uddalash uchun uch trillion so‘mdan oshiq mablag‘ ajratdi! Bir tomonda global iqtisodiy inqiroz, ikkinchi tomondan pandemiya, qolaversa, o‘tgan yili hayotimizda yuz bergan tabiiy falokatlar talafotlari batamom bitib ulgurmagan bir sharoitda buncha mablag‘, harakat, eng muhimi, shu ishlarga istagu ishtiyoq qaydan paydo bo‘layotir?!

Nima, bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? Hayotda hech bir narsa o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Bedorlik, uyqusiz tunlar, azob-uqubat va zahmatlar hosilasi sifatida yuzaga keladi – Tinchlik ham, Obodlik ham, Taraqqiyot ham, Xalq farovonligi ham.

Qolaversa, bugungi to‘lg‘ama, notinch va tahlikali zamonda bunga erishish oson ish emas. Lekin bu ishlar bo‘lmoqda, ilgarigidek qog‘ozlardagi hisobot tarzida emas, ko‘z o‘ngimizda yuz bermoqda. Endilikda ishsiz va daromadsiz qolib, qayga boshini urishni bilmay yurgan, bugun esa ishli bo‘lib ro‘zg‘orini tebratayotgan mushtipar opa-singillarimizning diltortar hangomalarini har qadamda eshitish mumkin. Necha yillar to‘shakda mixlanib yotgan, qarovchisiz va ko‘maksiz, yetim jigarbandlarining mungli qaroqlariga boqolmay nigohlari yerga qadalib qolgan, minglab dardlariga davo topgan, taqdir sinovlari xam qilgan yelkalari bir mehribon qo‘l taftidan osoyish va rag‘bat olgan ma’sumalarimizning ko‘zlarida hayotga, yashashga ishtiyoq uyg‘onganini sezishingiz ko‘p qiyin emas.

Men Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uzoq yillar yelkadosh bo‘lib ishlayotgan odam, qolaversa, bir siyosatshunos sifatida u kishining shu Vatanni, Millatni qanday sevishi, ardoqlashini isbot etib bera oladigan yana ko‘p misollar keltirishim mumkin. Lekin bu ishlarni oddiy odamlarning o‘zlari ko‘rib, hayotlarida his qilib turganlarida bunga hojat bormi?!

VIII

Imom G‘azzoliy «Hamma to‘fonu balo-qazolar hayotimizni buzish uchun kelmaydi, ularning ba’zilari yo‘limizni tozalash uchundir» deydi.

Shu ma’noda, keyingi yillarda ko‘rgan-kechirganlarimiz – og‘ir sinovlar bizni bir millat sifatida birlashtirdi, hayotimizda uchraydigan befarqlik, tomir otib ketgan xudbinlik kabi illatlarning tomirini qirqdi, qalblarimizda bir-birimizga nisbatan mehrni parvarish etdi, desam yanglishmagan bo‘laman. Buni o‘tgan yili sodir bo‘lgan voqealar, qolaversa, bugun ham tinmagan, davom etayotgan pandemiya sharoiti misollarida odamlarimizning bir tanu bir jon bo‘lib harakatga kelganida ko‘rish mumkin edi. Va bu millatning bir butunligini, jipsligini xuddi o‘lchagichdek aniq ifodalab berdi.

Bugun ham o‘tayotgan kunlarimiz oson kechmoqda, deb hech kim aytmaydi. Turli qiyinchiliklar, yechilishi kerak bo‘lgan muammolar hali ham bor. Biroq masalaning kishini xursand qiladigan tomoni shundaki, endilikda odamlarga – xalqqa nisbatan qarashlar o‘zgardi.

Insonning insondek yashashga haqqi borligiga, eng muhim jihat adolat nuqtai nazaridan qarala boshlandi va bu qarash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarildi. Bu esa barcha siyosiy va mafkuraviy qarashlardan ko‘ra a’losi, asosiysidir.

Mudom Vatan va Millat qayg‘usi bilan yongan Shavkat Mirziyoyev shu yo‘lni – xalqning barcha kesimlardagi ozodligi yo‘lini tanladi. Zikr etilgan jarayon va harakatlar esa buyuk insonparvar va millatparvarni, chin ma’noda, Millat Lideri sifatida tarix sahnasiga olib chiqmoqda. Uning ezgu islohotlari bilan esa Yangi O‘zbekistonning shonli tarixi, insoniylik bilan yo‘g‘rilgan taraqqiyoti sahifalari bitilmoqda.

Qudratilla RAFIQOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati a’zosi,

siyosatshunos

Manba: “Ishonch” gazetasi

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Millatparvar