16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni
Ma’lumki, YUNESKO dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqot o‘rnatish, millat va ellatlar hamkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib keladi. Ayni paytgacha bag‘rikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjat qabul qilingan. Masalan, 1995 yil 16 noyabr kuni Parijda YUNESKO Bosh Assambleyasi 28-sessiyasida “Bag‘rikenglik tamoyili deklaratsiyasi” tasdiqlangan. Shu munosabat bilan mazkur sana butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida keng nishonlanadi.
Bu kun O‘zbekistonda ham ko‘tarinki kayfiyatda, bayramona ruhda nishonlanadi. Zero, mamlakatimizda har bir kun tinch, osuda va munavvar o‘tmoqda. Ana shu osoyishlatik omillaridan biri – diniy bag‘rikenglik tamoyilini yanada mustahkamlash hukumatimizning doimiy diqqatida. Yurtimizda turfa diniy e’tiqodga ega turli millat vakillari bir zaminda buyuk g‘oya, sof niyat yo‘lida xamkor. hamjihat yashashi bag‘rikenglikning yorqin namunasidir.
O‘lkamizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari 16 ta diniy konfessiyaga e’tiqod qilib yashab kelmoqda. Mamlakatimiz davlat ta’lim muassasalarida dars yetti tilda olib boriladi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ko‘rsatuvlari jami o‘n ikki tilda namoyish etiladi, o‘ndan ortiq tilda gazeta, jurnal chop etilyapti. Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi qoshida 156 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari yurtimizda 16 ta diniy konfessiyaga tegishli 2300 ga yaqin diniy tashkilot mavjud.
Bag‘rikenglik Islomning asosiy xususiyatlaridan biri bo‘lib, bu dinda e’tiqod erkinligi ustuvor. Muqaddas kitobimiz – Qur’oni Karimning Baqara surasi 256-oyatida shunday marhamat qilingan: “Dinda majburlash yo‘q....”.
Konstitutsiyamizda ham biror fuqaroni qaysidir dinga majburlab kiritish taqiqlangan, har bir inson haq-huquqi, erkinligi kafolati xususida shunday deyilgan: “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan diniga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”. Umuman, diniy bag‘rikenglik tamoyili Konstitutsiyamizning barcha moddalarida aksini topgan, desak xato bo‘lmaydi. O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaati, haq-huquqi va burchi qomusimiz doirasida aniq belgilab qo‘yilgan.
Diniy bag‘rikenglik turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud aqidaviy farqdan qat’i nazar, barchaning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashini anglatadi. Har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkin bo‘lgani holda, bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini e’tirof etmog‘i lozim. Bag‘rikenglik bilan o‘zgalar uzrini qabul qilish, og‘irlikni zimmasiga olib, boshqalarga yengillik baxsh etish muqaddas dinimiz ta’limotida ham zohir.
Bir so‘z bilan aytganda, diyorimizda fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, teng huquq va erkinlikka ega, qonun oldida teng. Ijtimoiy adolat, qonun ustuvorligi, millat va elatlarning madaniy, til va diniy qadriyatlari, an’ana va urf-odatlari hurmat qilish davlat siyosatining asosiy tamoyili, usutvor yo‘nalishidir.
Dunyoning turli hududlarida diniy kurash, urush avj olayotgan bir paytda tinchliksevar mamlakatimiz O‘zbekistonda “16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni” alohida e’tibor bilan, millatlar umumiy bayrami sifatida keng nishonlanadi. Mazkur sanaga bag‘ishlab Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi shafeligida “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida turkum tadbirlar o‘tkazilishi ham yaxshi an’anaga aylangan.
O‘tkazilayotgan tadbirlarda Respublika ozarbayjon milliy madaniyat markazi faollari, yoshlari ishtirok etadi. Biz milliy urf-odat, an’analarimiz aks etgan ko‘rgazma, liboslar nimoyishi, kuy va raqslar bilan ishtirokchilarni xushnud etishni rejalashtirganmiz.
Bunday anjumanlar turli millatlar do‘stligini mustahkamlash, jamiyatga ko‘p millatli yagona, ahil oila tuyg‘usini singdirishga zamin yaratadi. Yurtimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni kuchaytirish, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, shuningdek bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xulosa shuki, yurtimizda millatlararo va davlatlararo totuvlikni qaror toptirishga qaratilgan yangi g‘oya, tashabbuslar samara berib, hamjihatlik qo‘rg‘oni yanada mustahkam bo‘lib boraveradi. Zero, mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo do‘stlik, bag‘rikenglik va hamjihatlik eng katta boyligimizdir.
Mobil Mammedov,
Respublika ozarbayjon
milliy madaniyat markazi raisi