Millatlararo do‘stlik yanada mustahkamlanadi
Andijonda yashayotgan turli millat vakillari ham saylovlarda faol ishtirok etib, o‘zlarining konstitutsion huquqlaridan to‘la foydalanmoqda.
Saylovlar xususida O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Obidjon Nosirovning fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.
– Men o‘zim istiqomat qiladigan Jalaquduq tumanidagi 26- umumta’lim maktabida tashkil etilgan 461-saylov uchastkasida o‘zim munosib deb bilgan nomzodlar uchun ovoz berdim. Yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligini yuksalishida bo‘lib o‘tayotgan saylovlar muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda men O‘zbekistonda yashayotgan qirg‘iz millati vakili sifatida yurtimizda turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllanganligini alohida e’tirof etishni istar edim.
Men O‘zbekiston fuqarosi ekanligimdan faxrlanaman. Chunki shu yurtda tug‘ildim, o‘sdim, oilam tinch, farzand va nabiralarim baxtli yashamoqda, faoliyatimda salmoqli natijalarga erishdim. Butun dunyo havas qilsa arziydigan tinch-osoyishta yurtimizda emin-erkin yashashimiz, mehnat qilishimiz, millatimizning an’ana va urf-odatlarini davom ettirishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xususan, birgina viloyatimizda bugungi kunda 20 dan ortiq umumta’lim maktablarida qirg‘iz tili o‘qitilmoqda, Andijon davlat pedagogika instituti filologiya fakultetining qirg‘iz tili va adabiyoti yo‘nalishida 80 nafardan ortiq qirg‘iz yoshlari tahsil olmoqda. Tuman “Jalaquduq hayoti” gazetasida qirg‘iz tilida sahifa chop etilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Ishonamanki, bugungi saylovlarda men ovoz bergan nomzodlar O‘zbekiston taraqqiyotini yuksaltirish, yurtimizda millatlararo do‘stlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari