Millatlararo do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik bardavom bo‘lsin
Surxondaryo viloyatida istiqomat qilayotgan bir guruh turli millat vakillariga davlatimizning yuksak mukofotlari hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 1 iyundagi qarori bilan ta’sis etilgan “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni tantanali topshirildi.
Joriy yilda mamlakatimizda 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi” kuni keng nishonlanib, ko‘p millatli xalqimizga sana munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan bayram tabrigi yo‘llandi. Millatlararo do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va totuvlik muhitini jahonga keng targ‘ib etayotgan bir guruh vatandoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Mamanov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi G‘. Shukurov va boshqalar jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, do‘stlik, mehr-oqibat muhiti keng shakllanganini takidladi. Keyingi yillarda bu muhitni asrashga qaratilayotgan etibor, davlatimizning tinchliksevar va xalqparvar siyosati xalqaro miqyosda alohida etirof etilayotgani qayd qilindi.
Ayni paytda Surxondaryo viloyatida 30 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab, Yangi O‘zbekistonni barpo etishga munosib hissa qo‘shayotir. Rus, turkman va tojik milliy madaniyat markazlari faoliyat yuritmoqda. Milliy madaniy markazlar va nodavlat notijorat tashkilotlari uchun Termiz shahrida “Do‘stlik va nodavlat notijorat tashkilotlari uyi” tashkil etildi.
Marosimda davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali topshirildi.Turli millatlarning sakkiz nafar vakili “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.



Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri