Millatlararo do‘stlik, hamjihatlik mustahkamlanadi
Andijon mashinasozlik institutida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Millatlararo do‘stlikni, turli millat vakillari bo‘lgan talaba yoshlarning birdamligini mustahkamlash maqsadida institut professor-o‘qituvchilari rus, arman, qirg‘iz, koreys va uyg‘ur milliy-madaniyat markazlari viloyat bo‘limlari, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba yoshlar ishtirokida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, do‘stlik, hamjihatlikka asoslangan munosabatlar shakllanganligi, eng asosiysi, barcha millat va elatlarning tengligi, o‘zaro do‘stligi huquqiy jihatdan kafolatlanganligi ta’kidlandi.
– Tadbir yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, osoyishtalik va millatlararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglikni yanada keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir, – deydi Andijon mashinasozlik instituti prorektori Akmaljon Ermatov. – Ayniqsa, talaba yoshlar qalbida vatanparvarlik, millatlararo do‘stlik tuyg‘ularini hamda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashdan iborat.
[gallery-9702]
Ayni kunda Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlarida turli millat va elat vakillari o‘zaro hamjihatlikda tahsil olmoqda. O‘zbekiston fuqarosi sifatida ular amaldagi barcha huquq va erkinliklardan to‘laqonli foydalanmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi Durbek Qo‘ldoshev, shoirlar Orif Meliyev, Avaz Abdusalom ishtirok etib, millatlararo do‘stlik, hamjihatlik haqida o‘zlarining fikr va mulohazalarini bildirdi. Ona Vatan, do‘stlik va tinchlikni madh etuvchi she’rlar o‘qildi.
Talabalar tomonidan namoyish etilgan sahna ko‘rinishlari, badiiy dastur barchaga xush kayfiyat ulashdi. Tadbir doirasida turli millatlarning milliy liboslari hamda taomlari ko‘rgazmalari namoyish etildi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA