“Millatim bayrog‘i doimo hur hilpirasin!” (+video)
Davlatimiz bayrog‘i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz timsolidir. Bugun davlatimiz bayrog‘i qabul qilinganiga 33 yil to‘ldi.
Sana munosabati bilan joylarda bayram shukuhi davom etmoqda. Jumladan, Qashqadaryo viloyat Milliy gvardiya bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchi va xodimlari ishtirokida tadbir tashkil etildi.
– Bayrog‘imiz O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqlikni hamda yurtimiz hududida yashovchi millat va elatlarning an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, – deydi Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari o‘rinbosari Latif Qambarov. – Bayroqdagi moviy rang musaffo osmonimiz hamda obi hayot ramzidir. Oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotganining timsoli. Yashil rang esa tabiatning yangilanishi hamda yurtimizning jannatmonand ekanligi ramzidir. Qizil chiziqlar davlatimiz farovonligi, jamiyat taraqqiyoti yo‘lida o‘zaro hamjihatlik bilan hormay-tolmay mehnat qilayotgan yurt farzandlarining vujudida oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlaridir.
Tadbir davomida aytilgan she’rlarda, so‘zga chiqqanlarning nutqida, harbiylarimizning shaxdam harakatlarida “Millatim bayrog‘i doimo hur hilpirasin”, degan bong eshitilib turdi.
Albatta, bu kabi tadbirlar, harbiy xizmatchi va xodimlar orasida Vatanga muhabbat va burchga sadoqat, qolaversa, davlat ramzlariga nisbatan hurmat va ehtiromni yanada mustahkamlaydi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/nJs3uVtC26Y?si=zYpk1HVOprEtGKsj" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova, O‘zA