Mustaqilligimizning 30 yilligi oldidan
Ohang va qalb uyg‘unligi, ko‘z, qosh, qo‘yingki, har bir harakatdagi yashirin ma’no. Gohida shodlik, gohida qayg‘u, ba’zida baxt va ba’zida ayriliq ifodasi. Dillarni-da sel qilguvchi mahorat. Iste’dod va ijrochining o‘ziga xos uslubi esa tomoshabinni mahliyo etadi. U hamma uchun tushunarli, hissiyotlarga boy, millat va til tanlamaydigan mo‘’jiza.
So‘z xalqning milliy madaniyatini jahonga tanitadigan raqs san’ati haqida ketayotganini anglagan bo‘lsangiz kerak. Aytishlaricha, u dastavval kalom va ohangga bog‘liq bo‘lib, keyinchalik mustaqil san’at turi sifatida shakllangan. Zero, raqqosaning nafis harakatlariyu libosi bir butun uyg‘unlikni tashkil etgan.
O‘zbek raqsi tarixini bilasizmi?
Dunyoda mavjud har bir elatning turmush tarzi, madaniyatini akslantiruvchi milliy raqsi mavjud. Bunday oltin qadriyat o‘zbeklarga ham xos va mosdir. Yurtimizda topilgan arxeologik topilmalar raqs bizda qadimiy san’at turlaridan biri bo‘lgani haqida guvohlik beradi.
XX asrda o‘zbek milliy raqs san’ati zamonaviy sahna san’ati talablari asosida qayta ishlangan shakllarda, an’anaviy va zamonaviy raqs uslublarini o‘zaro uyg‘unlashtirgan hamda bayram va marosimlar bilan uzviy bog‘liq holda rivojlandi. Elga tanilgan Usta Olim Komilov va Tamaraxonim Farg‘ona, Isohor Oqilov Buxoro, Gavhar Rahimova Xorazm xalq sahna raqsi maktablarining shakllanishiga munosib hissa qo‘shgan san’atkorlardir.
Yillar davomida bir nechta rivojlanish bosqichlarini bosib o‘tgan, o‘z shakl-shamoyili va mazmuniga ega o‘zbek milliy raqsi o‘tgan asrda jahonga tanila boshladi. Bu davr Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva, Roziya Karimova, Qunduz Mirkarimova kabi mahoratli raqqosalarni kashf qildi. O‘zbek milliy raqsi jozibasi bilan ko‘plab muxlislar orttira boshladi.

Mustaqillik davriga kelib raqs san’atiga katta e’tibor qaratildi. Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “O‘zbekraqs” ijodiy birlashmasi tashkil etildi. Ammo yillar silsilasida uning qadr-qimmati tushib bordi. Nega? Chunki sohani rivojlantirish uchun aniq mexanizm yaratilmagan, uning istiqbolini belgilab beruvchi rejalar tuzilmagandi. Natijada insonga estetik zavq beradigan, jo‘shqinlik ulashadigan, o‘ylashga undaydigan san’at turi deyarli taraqqiy etmay qoldi, xalqaro miqyosdagi targ‘ibotida uzilishlar kuzatildi.
Tizimdagi muammolar qanday hal etilmoqda?
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda ma’naviyat, ma’rifat, madaniyat va san’atga bo‘lgan e’tibor tubdan o‘zgardi. Davlat rahbarining o‘zi ushbu sohalarda yig‘ilib qolgan muammolar, achchiq haqiqatlar haqida ochiq-oydin gapirdi. Jamiyat dunyoqarashi, didini yuksaltirishda muhim rol o‘ynaydigan jabhalarda qotib qolgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq yechimlar o‘rtaga tashlandi, topshiriqlar berildi. Pirovardida esgan o‘zgarish epkinlari o‘zbek milliy raqsi eshiklaridan ham kirib bordi, unga yangilanish havosini baxsh etdi. Binobarin, Prezidentimizning “Milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” hamda “Raqs san’ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari shu kabi muammolar yechimida ayni muddao bo‘ldi. Har ikkala qarorda xalqimizning ma’naviy boyligi — raqs san’atini rivojlantirish, jahon madaniyatida tutgan o‘rnini ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish va tahlil etish, uning yangidan-yangi milliy namunalarini yaratish, soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish vazifalari belgilab berildi.
Uzoq muddatli, maqsadli dasturlar tayyorlash, malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashda mazkur qarorlar dasturilamal bo‘la oladi. Ochig‘ini aytganda, Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining madaniy hayotimizdagi o‘rni, obro‘-e’tibori va ta’siri yo‘qolish arafasida turgandi. Ta’lim dargohi zamon talablaridan ancha orqada qolib ketdi. O‘quv va amaliy jarayon sohaning o‘ziga xos xususiyatlari asosida to‘g‘ri tashkil etilmasligi, o‘quv dasturlari va metodikasining mukammal emasligi, darslik va qo‘llanmalar yetishmasligi, professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ijodiy xodimlar salohiyati talabga javob bermayotganligi og‘riqli masala bo‘lib turardi.
Shu bois, Prezidentimiz qarori bilan Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi negizida davlat oliy ta’lim muassasasi shaklida O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi tashkil etildi. Shu bilan birga, akademiya uchun zamonaviy o‘quv binosi hamda talabalar turar joyi qurilib, shaxsan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan tantanali tarzda ochib berildi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda oldimizda turgan vazifalar talaygina. Bular — kadrlar tayyorlash jarayoniga sohaning yetuk va malakali mutaxassislarini jalb qilish orqali ilm-fan va ta’limning o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, raqs san’ati bo‘yicha yuqori malakali bakalavr va magistrlarni, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-ommabop adabiyotlarni tayyorlash va nashr qilish, talaba-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida mahalliy va xalqaro grantlar asosida ularning xorijda ta’lim olishi, ilmiy-ijodiy ishlar olib borishini samarali yo‘lga qo‘yish, hamkorlikdagi konsert dasturlarini tashkil etish, kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ilmiy-ijodiy faoliyatni yanada rivojlantirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ushbu yo‘nalishga keng jalb etish, soha mutaxassislarini xorijiy turdosh oliy ta’lim muassasalarida qayta tayyorlash va malakasini oshirish, stajirovka o‘tash tizimini tashkil etish, talabalarning ilmiy-tadqiqot muassasalari bazalarida hamda xorijiy mamlakatlarning yetakchi tashkilotlarida tizimli ravishda qisqa va uzoq muddatli amaliyotlarni tashkil etish kabi ishlarni bajarishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz.
Bundan tashqari, endilikda uzluksiz ta’lim tizimi ham joriy qilingan. Respublikamizdagi barcha maktabgacha talim muassasalarida xoreografiya san’atidan dars berish uchun alohida o‘rinlar ajratilgan. Keyinchalik esa raqsga qiziquvchi barcha yoshlar maktab va bizning raqs akademiyamizda ta’lim olish huquqiga ega bo‘ladi. Mazkur sohada yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, qizg‘in jarayonlar davom ettirilmoqda.
Akademiya va maktab-internatlarning professor-o‘qituvchilari, talabalari va o‘quvchilari ijodiy faolligini yanada oshirish, ta’til davomida ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish maqsadida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida zamon talablari asosida 50 o‘rinli oromgoh tashkil qilindi. Bundan tashqari, jahondagi ilg‘or tajribalarni atroflicha o‘rgangan holda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv jarayonini sifatli tashkil etish, akademiyaning ilmiy-pedagog kadrlari tarkibini asosan mamlakatimizdagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida hamda Madaniyat vazirligi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan, xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malakasini oshirib kelgan, yuqori saviyali professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar, sohaning salohiyatli yetuk mutaxassislari – amaliyotchilar bilan shakllantirish, respublikada mavjud bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarda raqs san’atini o‘qitish faoliyatini yanada rivojlantirish, raqs san’atining ijodiy, ilmiy-uslubiy va ijro an’analarini puxta o‘zlashtirish va munosib davom ettirish, bunda ta’lim muassasalariga mohir raqs ustalarini biriktirish va shu asosda “ustoz-shogird” maktablarini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.
Sohaning turdosh xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ya’ni Moskva davlat xoreografiya akademiyasi, A.Ya.Vaganova nomidagi Rus baleti akademiyasi, Qozog‘iston milliy raqs akademiyasi, Belarus davlat madaniyat va san’at universitetlari bilan hamkorlikda “Xoreografiya san’ati” va “San’atshunoslik” ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarining qiyosiy tahlili amalga oshirildi. Xususan, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha “Klassik raqsni o‘qitish uslubiyoti”, “Tarixiy-maishiy raqsini o‘rganish uslubiyoti”, “Xalq sahna raqsini o‘qitish uslubiyoti”, “Meros va repertuar”, “Jahon xoreografiya san’ati tarixi”, “Badiiy tanqid”, “Teatr tarixi” fanlari, “Xoreografiya va xoreografiya san’ati”, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha “Klassik raqs pedagogikasi”, “Klassik meros va repetitorlik mahorati”, “San’at nazariyasi va tarixi”, “Drama nazariyasi va rejissura”, “Baletshunoslik” fanlaridan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar mavzulari yangi ma’lumotlar bilan boyitildi.
Kredit-modul tizimining ijobiy tomonlarini o‘rganish, bosqichma-bosqich tizimga o‘tish jarayonlarini o‘ziga xos xususiyatlari masalasida Qozog‘iston milliy raqs akademiyasi tajribasi ham o‘rganildi. bugungi kunda ushbu tizimni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.
O‘qitilayotgan har bir fan bo‘yicha (tillar kesimida) o‘quv-uslubiy materiallarni takomillashtirish, taqdimot materiallarini tayyorlash hamda xorijiy adabiyotlarda keltirilgan yangiliklar bilan uzviylikni ta’minlash va boyitishga qaratilgan masalalar ko‘rib chiqildi. O‘quv jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va yangi pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish masalalari tanqidiy va tahliliy jihatdan o‘rganildi. bugungi kunda soha kelajagini yanada takomillashtirish va yoshlarning talab-istaklarini inobatga olgan holda akademiya negizida yangi “Zamonaviy raqs” ta’lim yo‘nalishi tashkil etilib, yangi o‘quv yili uchun qabul e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufidagi barcha musiqa va san’atga ixtisoslashgan maktablar, Bolalar musiqa va san’at maktablari, madaniyat markazlari hamda umumta’lim maktablarida “Xoreografiya” yo‘nalishidagi guruhlarda akademiya professor-o‘qituvchilari, magistrlari, talabalari tomonidan ijodiy uchrashuvlar va “Mahorat darslari” olib borilishi yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz tomonidan raqs san’atiga berilayotgan e’tibor hamda yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanib, endilikda soha rivojini yanada kuchaytirishimiz darkor. Shuncha sharoit bo‘la turib, tashabbuskor, ilmga chanqoq, zukko bo‘lmaslikning iloji yo‘q. Ayniqsa, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining tashkil etilishi raqs san’ati fidoyilari va jamoamizning ko‘p yillik orzulari ushalishiga zamin yaratdi.
“Bahor” qaytdi
Barchamizga ayon, Mukarrama Turg‘unboyeva timsolida o‘zbek raqs san’atining butun jilosi va jozibasi mujassam. U “Bahor” raqs ansamblini tashkil qilib, o‘zbek raqslarining sahnaga olib chiqilishiga o‘z hissasini qo‘shgan. Aytib o‘tish joiz, ansambl nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida ham mashhur bo‘lgan. Badiiy jamoa 30 yillik faoliyati davomida milliy raqs san’ati rivojida o‘chmas iz qoldirdi. Biroq mustaqillikning ilk yillarida “Bahor”ning ijodiy faoliyati to‘xtab qoldi. Ochig‘ini aytish kerak, bu bilan raqs san’atimizning mumtoz maktablari qamrovi ham kamayib bordi. Uni kelajakka yetkazib berguvchi ko‘prik uzildi. Go‘yoki “Bahor” bilan birga ko‘p asrlik boy va betakror madaniyatimizning ajralmas qismi ham yo‘qlikka mahkum bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining “Milliy raqs san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa o‘zbek raqs san’atiga haqiqiy ma’noda hayot baxsh etdi. Qaror bilan milliy raqsning turli yo‘nalish va namunalari, mamlakatimizning turli mintaqalarida shakllangan mumtoz raqs maktablarini qayta tiklash, bu boradagi ta’lim-tarbiya ishlarini kuchaytirish belgilandi.
Milliy raqs san’atida professional badiiy jamoalar faoliyatini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni izlab topish, ijodiy laboratoriyalarni tashkil etish, shu bilan birga, o‘zbek raqs san’atining “oltin fondi”ni yaratish maqsadida Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” badiiy jamoasi qaytadan tashkil etilishi chin ma’noda o‘zbek raqsiga bahorni qaytardi.
Dunyo e’tirofi
Keyingi uch yilda jamiyatning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli olamshumul islohotlarning samaradorligi, avvalo, boy tarixiy merosimizning izchil o‘rganilishi, umrboqiy an’analarimizning qayta tiklanishi, ilm-fan, madaniyat va san’atning rivoji, eng muhimi, yurtdoshlarimiz tafakkur tarzining yangilanishi bilan chambarchas bog‘liqdir. Axborotlar bosimi soat sayin oshib borayotgan hozirgi globallashuv davrida ma’naviy merosimizning, xususan, milliy san’atimizning o‘tmishi va buguni xususidagi haqiqatlarni, unga oid aniq va to‘g‘ri ma’lumotlarni bilish, ularning haqqoniy mohiyatidan kelib chiqib munosabat bildirish zarurati eng dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘yilgan.
Merosimiz hisoblanmish “Lazgi”ning YUNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgani o‘zbek milliy raqs maktabining jahon miqyosidagi e’tirofidir. Endilikda bu raqsni saqlab qolish, rivojlantirish va keng tarqatish uchun yanada ko‘proq e’tibor qaratiladi. Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasining baholash komissiyasi a’zolari qadimiy “Lazgi” o‘yinining Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa raqs turlaridan ajralib turishi, unda o‘zgacha ruh va jo‘shqinlik borligini ta’kidlagani esa milliy san’atimizga berilgan yuqori bahodir.
Yana bir quvonarli yangilik. 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Xorazm viloyatining Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivalini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘zbek raqs san’atining eng nodir durdonalaridan biri bo‘lmish “Lazgi” an’analarini saqlash, targ‘ib etish, uni sof holda kelgusi avlodga yetkazish, yosh ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida mumtoz raqs san’atimizga bo‘lgan qiziqishlarni oshirish, uni o‘rganish va o‘zlashtirish, shuningdek, uning badiiy mazmunini keng targ‘ib etishdir.
O‘z navbatida, bunday madaniy diplomatiya xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, ijodiy hamkorlik va aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi. Zero, o‘zbek milliy san’ati, ayniqsa, raqsining insoniyatga estetik zavq, xushkayfiyat baxsh etish, mamlakatimizning go‘zal madaniyatini jahonga yoyish, xalq diplomatiyasini rivojlantirishda ahamiyati beqiyosdir. Shunday ekan, dunyo san’ati tamaddunida o‘z o‘rni va nufuzi bilan e’tirof etiluvchi “Lazgi”, “Andijon polkasi”, “Tanovar”, “Dilxiroj” kabi o‘zbek raqslari umrboqiydir.
Shuhrat TO‘XTASIMOV,
O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi rektori