Millat tili —davron sha’midur!
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 36 yil to‘ldi. Joriy yilda o‘zbek tili bayrami arafasida davlatimiz rahbari “Davlat tilini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. E’tirof etish kerakki, xalqimiz va davlat tilining barcha jonkuyarlari bu qarorni juda katta quvonch bilan kutib oldi.
O‘zbek tili bayrami doirasida bu qarorning hayotimizga tatbiq etilishi nur ustiga a’lo nur bo‘ldi!
Qarorga 2026 yilda ko‘p jildli "O‘zbekiston milliy qomusi"ni tayyorlash va e’lon qilish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish, 2026-yilning 1-dekabriga qadar esa "Ona tili. Qomus" kitobini nashrga tayyorlash va chop etish masalasi kiritilgani quvonarli hol.
Davlat tilining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash borasida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-mayga qadar o‘zbek tilini sun’iy intellekt yordamida qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladigan platforma ishlab chiqish bo‘yicha ham normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlab, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi belgilangandi. Bu ham bugungi texnika asrida juda muvaffaqiyatli jarayonlarga sabab bo‘layotganini ko‘rib turibmiz. Ona tilimizning nufuzi tobora yuksalayotgani va bu jarayonda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarni esa shu millatning bir farzandi va mutasaddi vakili sifatida cheksiz olqishlayman, albatta.
O‘zim faoliyat yuritayotgan Toshkent shahar hokimligi tomonidan ham “Davlat tili haqida”gi qonunning 20-moddasi hamda yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasi talablariga asosan tashqi targ‘ibot vositalarini davlat tili va lotin yozuvida bo‘lishini yo‘lga qo‘yish borasida o‘tgan davr mobaynida keng ko‘lamli tashkiliy-amaliy ishlar hamda targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi.
2026-yilning dastlabki 6 oyi davomida mas’ullar tomonidan aniqlangan qonun hujjatlariga mos kelmaydigan tashqi yozuvlar va xorijiy tilda yozilganlar hamda imlo xato bilan yozilganlar aniqlanib, ishchi guruh tomonidan olib borilgan tushuntirish va ko‘rilgan choralar natijasida tashqi yozuvlar qonun talablariga moslashtirildi. Peshlavha, reklama, e’lon va axborot matnlari tartibga keltirildi. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-oktabrdagi 171-son majlisi bayonining 12-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Bektemir tumanida 303 ta, Mirobod tumanida 718 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 1182 ta, Sergeli tumanida 594 ta, Olmazor tumanida 945 ta, Uchtepa tumanida 1227 ta, Shayxontohur tumanida 791 ta, Yashnobod tumani da 597 ta, Chilonzor tumanida 273 ta, Yunusobod tumanida 1074 ta, Yakkasaroy tumanida 692 ta, Yangihayot tumanida 416 tan ob’ektlar bartaraf etildi.
Shuningdek, savdo majmualari, restoran va kafelar, oshxonalar, savdo do‘konlari, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalarining peshlavhalari, ko‘rgazmali axborot matnlari, narxnomalari hamda boshqa yozuvlar davlat tilida bo‘lishi lozimligi borasida ham tegishli choralar ko‘rib borilmoqda.
Xitoy yozuvida bo‘lgan savdo do‘koni, kafe, xitoy taomlari bo‘lgan tamaddixona, xitoy avto va elektro mobillari hamda ularning texnik jihozlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi markazlar binolarida o‘rnatilgan yozuvlar bo‘yicha ishchi guruh tomonidan joylarga chiqqan holda ushbu bino egalari va tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlari olib borildi va birinchi o‘rinda davlat tili yozilishi shart ekani nazoratga olindi.
Hozirda qonun hujjatlarida belgilangan talablar bo‘yicha peshlavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtirilishi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Zero, ardoqli ustoz shoirimiz Erkin Vohidov she’riy misralarida ta’kidlaganidek:
Millat tili davron sha’midur,
Til birla ruh ko‘ngil komidur...
Akmaljon Ro‘zitoyev,
Toshkent shahar hokimining
Ma’naviyat va davlat tili masalalari
bo‘yicha maslahatchisi