Millat ma’naviy qiyofasining ko‘zgusi
15-aprel – Madaniyat va san’at xodimlari kuni
Mamlakatimizda 15-aprelni Madaniyat va san’at xodimlari kuni sifatida nishonlash yaxshi an’anaga aylandi. Inson bor ekan, badiiy barkamol asarga, yaxshi qo‘shiqqa, mukammal san’at asariga baribir ehtiyoj sezadi.
Prezidentimizning O‘zbekiston madaniyat va san’at xodimlariga bayram tabrigi ushbu sananing mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati nechog‘li ulkan ekanini anglatadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi o‘n yil davomida sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Mavjudlari yanada takomillashtirildi. Ko‘plab zamonaviy musiqa va san’at maktablari, ma’rifat maskanlari qad rostlamoqda.
Maqom, baxshichilik, opera va balet, milliy xoreografiya san’ati yo‘nalishida yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Mlliy an’ana va qadriyatlarimizni yosh avlodga to‘laqonli yetkazish maqsadida O‘zbek milliy maqom san’ati va Respublika Baxshichilik san’ati markazlari, hududlarda namunaviy maqom va baxshichilik ansambllari tashkil etildi. O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, “Bahor” davlat raqs ansambli, Andijonda yoshlar simfonik orkestri va Farg‘onada milliy simfonik orkestrlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti kabi yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil qilindi.

Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi etib qayta tashkil qilindi va uning Urganch filiali hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiallari tashkil etildi. Urganch, Buxoro, Farg‘ona shahrida maqom san’atiga, Termiz shahrida baxshichilik san’atiga, Nukus shahrida opera san’atiga, Urganch, Qarshi, Buxoro shahrida raqs san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab internatlari hamda Andijonda Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy nomidagi mukofot, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofot, iste’dodli yosh xonandalar uchun Botir Zokirov nomidagi milliy estrada mukofoti, mahalliy hamda xorijiy ijodkor va ziyolilarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Kelajak merosi” xalqaro mukofotlari ta’sis etildi.
Madaniyat va san’at sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni har jihatdan rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Madaniyat muassasalari infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnik vosita va asbob-uskunalar bilan jihozlash, ijodiy jamoalar uchun munosib sharoitlar yaratishga oid chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining madaniyat va san’at sohasidagi xorijiy davlatlar bilan hamkorligi so‘nggi 5 yil davomida yangi bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimizning madaniy diplomatiyasi yuksaldi. Jumladan, O‘zbekistonning 29 ta xorijiy davlatda madaniyat kunlari, shuningdek, 12 ga yaqin xorijiy davlatning O‘zbekistonda madaniyat kunlari o‘tkazildi.
2025-yilning o‘zida 10 ta davlatda “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, O‘zbekistonda esa 4 ta davlat madaniyat kunlari o‘tkazildi.
O‘zbek san’atini dunyo bo‘ylab targ‘ib etish maqsadida Koreya Respublikasi, Qatar, Qozog‘iston, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Ozarbayjon, Turkiya kabi davlatlarda yurtimizni targ‘ib etuvchi shaxslarga “O‘zbekiston madaniyati elchisi” maqomi berildi.
Madaniyat vazirligi tizimida Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati qayta tashkil qilindi. Nomoddiy madaniy merosning mahalliy ro‘yxatlaridagi namunalar soni 897 taga, milliy ro‘yxatga kiritilgan ob’ektlar soni 78 taga yetkazildi. Jumladan, Shashmaqom, Nurota kashtachiligi, Qorabayir otlarini parvarish qilish an’analari, askiya – so‘zamollik san’ati, qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati kabi xalqimizning noyob va o‘ziga xos nomoddiy madaniy meros namunalari milliy ro‘yxatdan o‘rin oldi.
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan 14 ta mahalliy va 4 ta xorijiy etnofolklor ekspeditsiya tashkil etildi.
Har yili nomoddiy madaniy meros yo‘nalishida 75 ta audiovizual asar (25 ta askiya va qiziqchilik, 50 ta boshqa yo‘nalishda) yaratish uchun davlat buyurtmasini berish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Har yili mart oyida barcha hududlarda “Milliy qadriyatlar oyligi” tashkil etilishi yo‘lga qo‘yildi.
Davlatimiz rahbarining tabrigida ta’kidlanganidek, eng muhimi, Vatanimizning san’at sohasida xalqaro jarayonlardagi ishtiroki kengayib, nufuzi ortib bormoqda. O‘zbekistonlik san’atkorlarning Yevropadagi nufuzli madaniyat maskanlaridagi chiqishlari xorijlik san’at muxlislarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Milliy kinematografiya, teatr, tasviriy va amaliy san’at sohasida ilg‘or loyihalar hayotga faol tatbiq etilmoqda. Bularning bari milliy madaniyat va san’at orqali xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, Vatanimizning bebaho ma’rifiy qadriyatlarini jahon uzra targ‘ib etish, uning obro‘sini yuksaltirish borasidagi amaliy g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri