FOTOREPORTAJ
Sharqiy harbiy okrug Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Millat fidoyilari” kitob-albomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi vakillari qatnashdi.
“Millat fidoyilari” – Vatan tinchligi va osoyishtaligini saqlash yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar xotirasini abadiylashtirish maqsadida tayyorlangan kitobdir. Mazkur asar Mudofaa vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda “Ajdodlar izidan” harbiy-tarixiy jamiyati hamkorligida nashr etildi.
[gallery-25864]
Kitob-albomda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari tomonidan yozilgan she’rlar, halok bo‘lgan qahramonlar haqidagi ma’lumotlarga yo‘naltiruvchi QR-kodlar ham mavjud.
Tadbirda kitob-albomning yaratilish jarayoni, uning mazmun-mohiyati va yoshlar tarbiyasidagi muhim ahamiyati haqida fikr almashildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida tug‘ilib o‘sgan va jang maydonida mardlarcha halok bo‘lgan besh nafar qahramon xotirasi yod etildi. Ular yaqinlariga “Millat fidoyilari” kitoblari hamda Sharqiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligining esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir so‘nggida Farg‘ona “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan she’rlar, Sharqiy harbiy okrug orkestri xonandalari Vatanga bag‘ishlangan qo‘shiqlarini ijro etdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA