Islohotlar sarhisobi bo‘yicha Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bilan eksklyuziv suhbat
Kimki boqsa ko‘zlaringga ziyosan, ayol,
Go‘yo gulsan, sertabassum ibosan, ayol,
Qoshlaringga, ko‘zlaringga nur bersa ham tun,
Dili poku mo‘’jizakor samosan, ayol!
Ayolni ulug‘lash — olijanoblik. Millat ayolini e’zozlash, qadrlash — millat kelajagi bo‘lgan yosh avlodning har jihatdan barkamol etib tarbiyalashning muhim omili. Ayolning sadoqati, mehr-muhabbati, fidoyiligi, azmu shijoati u voyaga yetkazayotgan farzandlar orqali jamiyatga ko‘chadi. Ayolning oila va farzand tarbiyasidan ortib, davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki esa taraqqiyotni jadallashtiradi, yurt ravnaqiga hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan davlatimiz rahbarining yurtimiz ayollariga yo‘llagan tabrigida ham bu boradagi keng ko‘lamli sa’y-harakatlar va natijalar alohida qayd etildi.
Sohadagi islohotlar sarhisobi, amaliy natijalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova bilan suhbatlashdik.
–Ayni damda Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida turibmiz. Ana shunday go‘zallik ayyomi oldidan O‘zbekiston xotin-qizlarining yetakchisi sifatida qalbingizda qanday o‘y-xayollar kechmoqda?
— Bugungi kunda O‘zbekistonda yashayotgan har bir ayol chin ma’noda baxtiyor, chiroyli va farovon turmush kechirmoqda. Zero, ular hamisha davlat e’tiborida, himoyasida, barcha huquq va erkinliklari qonunlar bilan mustahkamlangan. Bugun Yangi O‘zbekistonimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini kengaytirishga, oilalar farovonligini ta’minlashga qaratilgan milliy tajriba — O‘zbekiston modeli amalga oshirilmoqda. Har bir sohada xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga, ularning ishtirokini, jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini mustahkamlashga, ilmli xotin-qizlarni ko‘paytirishga davlat siyosati darajasida juda katta e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev 2024 yil 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida qilgan Murojaatnomasida xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki kuchaygani jamiyatimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshlaganini hamda muhtarama ayollarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettirilishini ta’kidlab o‘tgan edi.
Darhaqiqat, bugun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Quvonarlisi, bu islohotlar o‘z natijasini bermoqda.

Ayol qachon baxtli bo‘ladi? Eng avvalo, farzandining salomat ekani va katta-kichik yutuqlari ona qalbini xotirjam qiladi va yuksaklarga ko‘taradi. Demakki, bugun yoshlarimizga qaratilayotgan e’tibor, ular uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, ularning yutuqlari salmog‘i ortayotgani, o‘z navbatida, millat onalarini ham baxtiyor qiladi.
— Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ulushi, ishtiroki kengayib borayotganini ko‘rib turibmiz. Keling, aniq misollar va raqamlar asosida bu boradagi natijalarga to‘xtalsak.
— O‘zbek ayollari azaldan tirishqoq, tinib-tinchimas, serharakat, serg‘ayrat, intiluvchan bo‘lishgan. Bugun ularga yaratilayotgan imkoniyatlar, taqdim qilinayotgan rag‘batlar xotin-qizlarimizga yanada kuch-g‘ayrat va shijoat hadya etayotir. Bir vaqtlar asosan o‘qituvchi, shifokor yoki hamshira yoxud qishloq xo‘jaligidagi asosiy ishchi sifatida namoyon bo‘lishgan bo‘lsa, bugun ayol-qizlarimizni davlat boshqaruvida, siyosatda, ijtimoiy sohaning barcha yo‘nalishlarida, qurilish va sanoatda, tadbirkorlikda, qo‘yingki, barcha soha va yo‘nalishlarda erkaklar qatorida baravar faoliyat olib borayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Jumladan, bugungi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 45 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda qariyb 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda ikki yarim barobar oshib, 7,7 foizga yetgani e’tiborli. Vazirlik va idoralardagi xodimlarning 49 foizi xotin-qizlardir.
Shuningdek, xotin-qizlarimiz tibbiyot sohasida 75 foiz, ta’lim sohasida 71 foiz, iqtisodiyot va sanoat sohasida 47 foiz, qishloq xo‘jaligi sohasida 43 foizni tashkil etmoqda.
Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar izchil davom ettirilib, kelgusida vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarda gender tenglikni ta’minlash, xodimlar sonida xotin-qizlarning ulushini, rahbarlikka tayinlash bo‘yicha ishlar samaradorligini yanada oshirishga muhim masalalardan biri sifatida e’tibor qaratilmoqda.
Kelgusida faol va tashabbuskor ayollarni yanada keng qo‘llab-quvvatlash, salohiyatli xotin-qizlarni rahbarlik lavozimi zaxirasiga tavsiya etish, ayniqsa, iqtisodiy, huquq-tartibot, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, xizmat ko‘rsatish, kommunal sohalarda rahbarlik lavozimlarida ayollar ulushini oshirish, iqtidorli xotin-qizlarni bosqichma-bosqich iste’dodini ro‘yobga chiqarishga, ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlariga ko‘maklashish masalalariga e’tiborni yanada kuchaytirish zarur. Shuningdek, xotin-qizlarning erkaklar bilan teng darajada davlat va jamiyat boshqaruviga oid dolzarb masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, ularni hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir ishlarga jalb qilish, xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish orqali ularga nisbatan jamiyatda shakllangan salbiy qarashlarni o‘zgartirish oldimizdagi muhim vazifalardan.

— Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaldagi islohotlar, O‘zbekiston tajribasi xalqaro doirada qanday aks-sado bermoqda?
— Xotin-qizlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imiji, uning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rniga, albatta, ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bunda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi BMTning barqaror rivojlanish maqsadlari, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida Konvensiya, Pekin Harakatlar platformasi kabi xalqaro va milliy huquqiy hujjatlar ayollar manfaatlarini qamrab olgan.
Jahon banki tahlillariga ko‘ra, O‘zbekiston oxirgi yillarda gender tengligiga erishish yo‘lidagi islohotlari bilan eng katta muvaffaqiyatga erishgan dunyoning besh mamlakati qatoridan o‘rin olgan.
Ochiq gender ma’lumotlari indeksi butun dunyo bo‘ylab gender ma’lumotlarining mavjudligi va ochiqligini baholaydi. Ochiq indeks 35 ta statistik toifadagi 11 ta ko‘rsatkichning mavjudligiga asoslanadi. Open Data Watch tashkilotining so‘nggi hisobotida Ochiq gender ma’lumotlari indeksida O‘zbekiston 69,7 ball to‘plagan holda jahondagi eng yaxshi 20 ta mamlakat orasidan joy oldi.
Shuningdek, o‘tgan yilgi saylovlar natijasida Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 57 nafarini yoki 38 foizini ayollar tashkil etgani mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Senat a’zolarining qariyb 27 foizi yoki 16 nafarini, mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlarning 32,6 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Natijada Milliy parlamentlar bo‘yicha xalqaro reytingda parlamentdagi xotin-qizlar salmog‘i bo‘yicha O‘zbekiston dunyodagi 193 ta davlat o‘rtasida 49-o‘rindan 34-o‘ringa ko‘tarildi.

Bu kabi natijalar, albatta, yurtimiz xotin-qizlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning amaldagi ifodasidir.
–Ta’lim olgan, oliy ma’lumotli ayol-qizlarimizning ko‘payishi ma’naviyatli, ma’rifatli jamiyatni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shunday ekan, xotin-qizlarimizni bilimli-ilmli qilish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Mamlakatimizda xotin-qizlarning bilim olishini rag‘batlantirish, jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topishiga ko‘maklashishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Ayniqsa, ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga qabul qilishda 2 mingta davlat granti ajratilgani va talabgorlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tavsiyanomasi asosida imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinishi yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molik.
2020-2024 yillarda 8 ming 653 nafar ehtiyojmand xotin-qizlar oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindi. Har yili 5 yillik mehnat stajiga ega, lekin oliy ma’lumotli bo‘lmagan 500 nafar xotin-qizlarga qo‘mita tomonidan tavsiyanomalar berish tizimi orqali oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. 2022-2024 yillarda 1 ming 256 nafar xotin-qiz ushbu imtiyoz orqali oliy ta’limga o‘qishga qabul qilindi.
Bundan tashqari, 2021 yildan boshlab muhtoj, yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarning oliy ta’limdagi kontrakt to‘lovlari qoplab berilmoqda. Jumladan, 2021-2024 yillar davomida 6 ming nafarga yaqin talaba xotin-qizlarning kontrakt to‘lovi mahalliy byudjet mabg‘alari hisobidan qoplab berildi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari qoplab berilayotganini ham e’tirof etish lozim. Bu borada 2022-2024 yillarda 15 mingdan ziyod magistrant qizlarning kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi.
Oliygoh, texnikum va kollejlarda kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan xotin-qizlar kontraktini to‘lash uchun 7 yilga foizsiz kredit berilishi joriy etildi. Natijada 181 ming 500 nafardan ziyod talaba xotin-qizlarga 7 yil muddatga foizsiz ta’lim krediti ajratildi.
2023 yildan boshlab kollej va texnikumlarda qurilish, transport, kommunal, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi kasb-mutaxassisliklar bo‘yicha xotin-qizlar to‘liq grant asosida qabul qilinadigan bo‘ldi. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan 1 million 479 ming 384 nafar talabaning 52,2 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda bor-yo‘g‘i 39 foiz edi.
Shuningdek, magistratura bosqichida tahsil olayotgan 24 ming talabaning 60 foizi yoki 17 mingdan ziyodini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 3,8 barobarga ortgan.
Umuman, davlat tomonidan xotin-qizlarning kontrakti qoplab berilayotgani hisobiga talaba-qizlar soni o‘n bir karra ko‘paydi. Bu esa ta’lim sohasida berilayotgan imkoniyatlar xotin-qizlarimiz hayotida aks etganini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda 6 ming 217 nafar xotin-qiz ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgani ham ilm-fan sohasida ayollar ulushining ortayotganidan dalolat beradi.
— Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, mehnat bozorida talab yuqori kasb-hunarlarga o‘qitish borasidagi sa’y-harakatlar haqida ham ma’lumot bersangiz.
– Albatta, xotin-qizlar bandligini ta’minlash eng ustuvor masalalardan biriga aylangan. Bu yo‘nalishda 2024 yilda 900 mingga yaqin xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. 284 mingdan ortiq xotin-qizlar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitildi. Birgina mana shu yo‘nalishni 2017 yil bilan solishtirganda, bor-yo‘g‘i 4 ming 200 ni tashkil etganini hisobga olsak, qisqa muddatda bu jarayon qanchalik jadallashib ketganini, unga ehtiyoj va talab nihoyatda katta bo‘lganini anglash qiyin emas.
Xotin-qizlar orasida tadbirkorlikni rivojlantirish — doimiy e’tiborda. Shu maqsadda 197 ming 789 nafar xotin-qizga 3,3 trillion so‘m kreditlar ajratildi. Natijada tadbirkor ayollar ulushi 2017 yildagi 21 foizdan 45 foizga ko‘tarildi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan 43,5 mingdan ortiq xotin-qizga 240 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi. Bundan tashqari, pillachilikka xotin-qizlarni keng jalb qilish maqsadida 967 ming nafar xotin-qizning ipak qurtini parvarishlashda bandligi ta’minlandi. 2024 yilning o‘zida 520 dan ortiq mahallada xotin-qizlar bandligini ta’minlash va salomatligini mustahkamlash markazlari ochildi.
Shu bilan birga, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 million 265 nafar ehtiyojmand xotin-qizlarning 995 ming 239 nafariga yordam ko‘rsatildi. 5 ming 891 nafar uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning 432 nafari uy-joy bilan ta’minlandi, 5 ming 459 nafariga ijara uchun 10,1 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lab berildi. Qolaversa, 32 ming 301 nafar migratsiyadagi xotin-qizlarning oila a’zolari, farzandlariga yordam ko‘rsatildi.
2025 yilda yana 635 ming 366 nafar ishsiz, ishlash niyatidagi xotin-qizlarni o‘qitish, bandligini ta’minlash vazifalari oldimizda turibdi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Ayolni e’zozlash — ezgulik va adolat mezoni” degan g‘oya asosida xotin-qizlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy, huquqiy, psixologik, tibbiy yordam berish borasidagi amaliy ishlar izchil davom ettiriladi. Zero, ayoli baxtli bo‘lgan yurtning fayzu barakasi bo‘ladi, farzandlari barkamol avlod sifatida voyaga yetadi.
Muhtarama Komilova suhbatlashdi. O‘zA