Mikromarkazlar ishsizlarni kasbga o‘rgatmoqda
Toshkent viloyatida aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga moliyaviy ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash va buning uchun mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish orqali kambag‘allikni qisqartirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
“Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida” gi farmon bu borada muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Hududda joriy yil 480 ming nafar aholini daromadli ishga jalb qilish bo‘yicha tarmoqlar kesimida maqsadli ko‘rsatkichlar shakllantirilgan. Hozirgacha 248,4 ming nafar aholini bandligi ta’minlandi.

Jumladan, qurilish-transport, kommunal va uy-joy qurilishi hisobiga 6,3 mingta ish o‘rinlari yaratildi. Joylarda tashqi savdo va mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga 7,7 ming nafar ishsizlar qamrab olindi. Qishloq xo‘jaligi sohasida 122,3 ming nafar aholi doimiy va mavsumiy ishlarga jalb qilingan. Angren shahri, Ohangaron, Parkent va Bo‘stonliq tumanlarida keng rivojlanayotgan turizm ob’ektlarida esa 3,3 ming nafar aholi daromad topmoqda. Ko‘plab xonadon egalari oilaviy mehmon uylarini tashkil qilgan va muntazam ravishda sayyohlarga turistik xizmatlar ko‘rsatmoqda.

– O‘z navbatida ishsizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham ko‘rilyapti, – deydi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldoshov. – Bunda fuqarolar o‘quv markazlarida mehnat bozorida talab ko‘p bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitilmoqda. Ayrim toifadagi ishsizlarni ijtimoiy-moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishsizlik nafaqalari tayinlangan. Ayniqsa, joylarda muntazam o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalariga qiziqish katta. Bo‘lib o‘tgan ushbu yarmarkalarda 2 ming 687 korxona va tashkilot o‘zlaridagi 32 ming 780 bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilgan. Murojaat qilganlardan 2 ming 596 nafari ishga joylashtirilgan, 1 ming 198 nafari kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun yuborilgan, 625 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan, 2 ming 576 nafariga huquqiy maslahatlar berilgan.

Mahallalarda hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng ishsizlik muammosi ham asta-sekin bartaraf etilmoqda. Ularning sa’y-harakatlari natijasida aholining 5 ming 479 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlikka yo‘naltirildi, 43 ming 729 nafari turli hunarmandchilik tarmoqlarida o‘zini-o‘zi band qildi. O‘tgan davr mobaynida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hisobot davrida “Onlayn mahalla” platformasi orqali qiymati 1 milliard 223 million so‘m bo‘lgan 41 ming 390 ta loyihalar uchun arizalar kelib tushgan. Shundan hokim yordamchilari tomonidan 21 ming 985 loyihaga ijobiy tavsiyanomalar berildi.
O‘z xonadonlarida kichik ishlab chiqarish sexlarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan oilalarga subsidiya mablag‘lari hisobiga asbob-uskuna sotib olish choralari ko‘rilmoqda. Nurafshon va Olmaliq shaharlari, Parkent va Chinoz kabi tumanlarda mikromarkazlar tashkil etilmoqda. Buning uchun mahallalar yoki mahallalarning tutash hududlarida bo‘sh turgan davlat mulki ob’ektlari negizida yoki qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer maydoni ajratilmoqda. Bu joylarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik yo‘nalishlarida ish tashkil qilinmoqda.
A.Musayev,
O‘zA.