Mijozlarni bank binosiga kelmasligi uchun hamma choralar koʻrilmoqda
Fermerning vaqti juda kam boʻladi. Ekinlarga parvona boʻlganidan turli tashkilotlarga yoki banklarga kelishga hamisha ham vaqti boʻlavermaydi.
Fermerning vaqti juda kam boʻladi. Ekinlarga parvona boʻlganidan turli tashkilotlarga yoki banklarga kelishga hamisha ham vaqti boʻlavermaydi. Ularga masofadan turib buyurtmalar berish, kredit olish imkoni berilsa, qanchalik quvonishi hech kimga sir emas.
Ayni vaqtda “Agrobank” yer sohiblariga ana shunday imkon bermoqda. Ular mineral oʻgʻitlar, yogʻ-moy mahsulotlarni xarid qilishi kabi 12 yoʻnalish uchun toʻlovlarni bankka kelmasdan amalga oshirishda qoʻl keluvchi maxsus kartalar bilan taʼminlamoqda.
Mamlakatimiz moliya-bank tizimida yetakchi oʻrinlarga ega boʻlgan “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki aholini, kichik biznes subyektlari hamda fermer xoʻjaliklarini tezkor, ishonchli, innovatsion bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga eʼtibor qaratmoqda.
- Pandemiya sharoitida mijozlarning bankka kelish imkoniyati cheklanganligini hamda qarzdorlarning kredit toʻlovlari bilan bogʻliq riskini yumshatish maqsadida yuridik hamda jismoniy shaxslarning kredit toʻlovlarini qaytarilishida imtiyozli davr berish maqsadida jismoniy shaxslarga 2020-yilning 1-avgustgacha, yuridik shaxslar uchun esa 1-oktyabrga qadar kredit taʼtillari berildi, - deydi bank departamenti direktori Zafarjon Mamajonov. - Shuningdek, apreldan iyul oyigacha boʻlgan muddatlarda tugaydigan barcha turdagi omonatlar avtomatik tarzda 1-avgustga qadar uzaytirildi. Bunda omonat foizlari oʻzgarishsiz qoladi va karantin muddati tugagandan soʻng barcha oylarga hisoblangan foizlarni bir vaqtning oʻzida yechib olish mumkin.
Qayd etish kerakki, mazkur bankda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun banklararo pul oʻtkazmalarini onlayn amalga oshirish imkonini beruvchi “ANOR” tezkor toʻlovlar tizimi ishga tushirildi. Toʻlovlarni istalgan vaqtda va soatda amalga oshirish mumkin, bu ham oʻz navbatida mijozlarni ortiqcha bank binosiga tashrif buyurishini oldini oladi.
Bank yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga 160 yaqin masofaviy bank xizmatini koʻrsatmoqda. Jumladan, “Agrobankmobile” mobil ilovasidan foydalangan holda toʻlovlarni amalga oshirishda mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bepul qilib belgilandi. Shuningdek, xalqaro pul oʻtkazmalarini qabul qiluvchi har bir mijozga bank plastik kartasi bepul ochib berilmoqda. Terminal olish uchun masofadan ariza berishlari uchun “Online ariza” xizmati ishga tushirildi.
Plastik kartasini muddati tugasa yoki yoʻqotilganda yangi kartani mijozning uyiga yetkazib berish xizmati tahsinga loyiq. Yana bir xushxabar, mobil ilova orqali “Uzcard” plastik kartadan “Humo” plastik kartalariga yoki aksincha holatda mablagʻlar oʻtkazish imkoniyati yaratildi va komissiya miqdori oʻtkazma qiymatidan 1 foizdan 0,5 foizga tushirildi.
Albatta, masofali xizmatlar orasida bankka murojaat qilmasdan mobil ilova orqali xalqaro pul oʻtkazmalarini amalga oshirish ham mavjud. “Uzcard” va “Humo” soʻm plastik kartalaridan Rossiyaning Sberbank plastik kartalariga va aksincha, Sberbankning “Sberbank Online” mobil ilovasi orqali Agrobank “Uzcard” va “Humo” soʻm plastik kartalariga toʻgʻridan-toʻgʻri mablagʻ oʻtkazish mumkin. Hozirda bu xizmatdan 241 mingdan ortiq mijoz foydalanib, 115 milliard soʻm mablagʻ oʻtkazdi.
Yurtimizda hukm surayotgan karantin sharoitida “Agrobank” jamoasi aholi va bank mijozlarga, shuningdek, kichik biznes subyektlari hamda fermer xoʻjaliklariga tezkor, ishonchli, innovatsion va eng asosiysi masofaviy bank xizmatlari turlarini kengaytirishga katta eʼtibor qaratilyapti.