O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev migratsiya sohasidagi kelishuvni muhokama qilish uchun Germaniya Federal hukumati migratsiya shartnomalari bo‘yicha maxsus vakili Yoaxim Shtamp bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Berlin shahrida o‘tgan muloqot davomida O‘zbekiston va GFR o‘rtasida mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitim konsepsiyasi taqdim etildi. Qayd etish kerak, mazkur hujjatni qabul qilish tashabbusi davlatimiz rahbarining Germaniyaga tashrifi – Kansler Olaf Shols va Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan uchrashuvlarida ko‘tarilgan.
Shartnoma o‘zbekistonlik mutaxassislarning Germaniyaga migratsiyasi jarayonini osonlashtirish, mehnat migratsiyasi, kasb-hunar ta’limi va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Suhbat konstruktiv, do‘stona ruhda kechdi, loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyat mavjudligi ta’kidlandi.
B.Musayev boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaga xizmat safari doirasida yana bir necha uchrashuv o‘tkazdi. Jumladan, mamlakatimiz elchixonasida ushbu davlatning yirik ish beruvchilari bilan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasining malakali ishchi kuchi bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha spikeri Enriko Rule hamda 32 nafar mahalliy ish beruvchi qatnashdi.
Darvoqe, Yevropaning ushbu davlatida tashqi ishchi kuchiga ehtiyoj ortmoqda. Masalan, yuk mashinasi haydovchisi, hamshiralik, sanoat, gastronomiya, yo‘l qurilishi kabi yo‘nalishlarda 130 000 dan ziyod xodim yetishmayotgani ma’lum qilindi.
Talab yuqori bo‘lgan mexatronika, logistika, elektrotexnika, santexnika, mashinasozlik, ishlab chiqarish, qurilish, mehmonxona va restoran biznesi kabi 20 ga yaqin soha bo‘yicha o‘qituvchi, trenerlarni tayyorlash taklif etildi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA