Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda deputatlar tomonidan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilmoqda.
Dastlab migratsiya jarayonlarini boshqarish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi. Mazkur hujjat bo‘yicha Qonunchilik palatasi Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi N.Muxtorova ma’ruza qildi.
Qayd etilganidek, ushbu qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni ish beruvchidan yoki buyurtmachidan undirish tartibi bekor qilinmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi ishni qidirayotgan shaxslardan respublikamizdan tashqaridagi ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar uchun haq undirish bo‘yicha taqiq olib tashlanmoqda.
[gallery-23934]
– Qonun loyihasi bilan Migratsiya agentligiga xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash vakolati berilyapti. Bundan tashqari, xususiy bandlik agentliklariga xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunarga va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish hamda ushbu jarayonga hamkor xorijiy ish beruvchilarni jalb qilish huquqini berish nazarda tutilmoqda. Xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinishi lozim bo‘lgan mablag‘lar miqdorini kamaytirish taklif etilyapti.
Ko‘zda tutilayotgan normalar xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilish, migratsiya sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirgan holda mazkur sohaga xususiy sektorni yanada kengroq jalb qilishga hamda ko‘rsatiladigan xizmatlarni raqamlashtirishga xizmat qiladi, – dedi N.Muxtorova.
Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA