Zimmasidagi mavjud qarzlar, kreditlarni vaqtida to‘lash – nafaqat burch, balki qarzdorning keyinchalik boshi berk ko‘chaga kirib qolmasligi kafolati hamdir. Ammo bundan ko‘z yumishni afzal biladiganlar oramizda yo‘q emas.
Majburiy ijro byurosi (MIB) ning Sergeli tumani bo‘limi ish yurituviga Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor “D.T.” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan "Q.I.T." mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 5 milliard so‘m qarz summalarini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Qarzdor korxonaga ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror yuborilgan bo‘lib, qonun talablari asosida qarz summalari undiruvchi korxona foydasiga qoplanishi uchun ixtiyoriy muddat berilgan. Biroq, qarzdor belgilangan muddatda qarzlarini qoplamagan.
Shundan so‘ng, byuroning tuman bo‘limi davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilgan. Qarzdor korxonaga tegishli bo‘lgan avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan hamda ko‘chmas mol-mulklarga taqiq qo‘yilgan.
Jumladan, qarzdor mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan Toshkent shahridagi “Quruvchi” dahasida joylashgan noturar bino xatlangan hamda 26 milliard so‘mga baholangan. Shu bilan birga, qarzdor korxonaning “Toyota Prado” rusumli avtotransport vositasi xatlanib, jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Aytib o‘tish kerakki, MIB tomonidan sud qarorlari va boshqa organlar hujjatlari bo‘yicha ijro harakatlarini vaqtida ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Shu maqsadda soha zamonaviylashtirilib, “MIB Portal” elektron dasturiy tizimi ishga tushirildi. Hozirda ushbu elektron dastur qirqqa yaqin idora va tashkilot axborot tizimlariga integratsiya qilingan.
MIB organlari tashkil topgandan buyon 219 trillion so‘mdan ortiq undiruvlar amalga oshirildi. Shundan davlat foydasiga 95 trillion so‘mga yaqin mablag‘ undirildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga 67 trillion so‘m, fuqarolar manfaatlariga 11,3 trillion so‘m mablag‘ undirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA