Mezbon jamoa musobaqa g‘olibi bo‘ldi
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlar xodimlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, davlat xizmatchilarining jismoniy sog‘lom bo‘lishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida har yili an’anaviy tarzda mini-futbol bo‘yicha “Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi kubogi” musobaqasi o‘tkazib kelinadi.
O‘tgan yili musobaqaga Farg‘ona viloyati mezbonlik qilgan bo‘lsa, bu yilgi bahslar Sirdaryo viloyatida tashkil etildi. Unda qo‘mita tizimidagi avtomobil yo‘llari qurilishiga aloqador muassasalarning 19 jamoasi maydonda to‘p surdi.

Guliston shahridagi sun’iy qoplamali yashil maydonda o‘tgan musobaqa qizg‘in, shiddatli hujumlarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilarning o‘yini, taktik hujumlari viloyat futbol assotsiatsiyasi tomonidan tayinlangan hakamlar hay’ati a’zolari, tajribali referilar tomonidan baholab borildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Avtomobil yo‘llari boshqarmasi Sirdaryo viloyati jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar boshqarmaning Navoiy viloyati o‘yinchilari va “O‘zyo‘lko‘prik klasteri” jamoasiga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlarga Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi kubogi, tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, “Eng yaxshi o‘yinchi”, “Eng yaxshi to‘purar”, “Eng yaxshi darvozabon” nominatsiyasi bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri