Mevalarning shohi behi nega kamaymoqda
Ammo keyingi yillarda monilioz, un shudring, sharq mevaxoʻri zararkunandalari uning sifatini keskin pasaytirdi. Tanasi, mevasi va urugʻida zang kasalligi paydo boʻldi.
Jahonda kamdan-kam uchraydigan tabiat va tuproq-iqlim sharoitlarining uygʻunligi tufayli yurtimizda eng mazali va eng foydali meva-sabzavotlar yetishtiriladi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Zotan, Oʻzbekiston qadimdan oʻzining beqiyos mazasi va xushboʻy hidi yaqqol ajralib turadigan meva-chevalari bilan maʼlumu mashhur. “Mevalarning shohi” deya eʼtirof etiladigan behi — shulardan biri.
Jannatmakon yurtning qaysi goʻshasiga bormang, bogʻlar, koʻchalar, ziyoratgohlar, hovli tomorqalarida behi daraxtlarini uchratasiz. Bir nechta Behizor nomli koʻchalar ham bor. Xorazm vohasida olma behi, Samarqandu Buxoroda shirin behi, bahri behi, Fargʻonada non behi, Quvada nok behilar yetishtiriladi. Hatto, Orol dengizining sohilga yaqin hududlariga behi koʻchati olib borib ekishdi, fargʻonaliklar. Zero, behi daraxti uzoq vaqt suvsiz yashay olishi bilan boshqa mevalardan ajralib turadi. Lekin behining 80 foizi Fargʻona vodiysining suvga serob boʻlgan togʻ yon bagʻirlari, qir-adirlarda yetishtiriladi.
Fargʻonaning soʻlim Shohimardon qishlogʻida dengiz sathidan ming metrlar chamasidagi balandliklarda joylashgan Yordon qishlogʻida togʻlar poyida mayda mevali behilar pishadi. Mezon oxirlab suvlar tiniq tortgan paytlarda Shohimardon soylarini ortda qoldirib, ana shu mayda behilar Vodil qishlogʻi tomon ariqlarda oqib keladi.
Quvalik Zamira Nuraliyeva toʻqsoninchi yillar boshida Qalʼacha qishlogʻining Polvontosh adirlarida paxtachilik brigadasini boshqarardi. Adir yoʻllarining boshidan oxirigacha behi ektirib parvarishlardi. Uning terimchi qizlari etaklariga hamisha behi solib yurishardi. Paxta va behi isi uyqashgan oʻsha lahzalar xotirasi oʻlaroq, bugun Zamira opaning bogʻida Quva behilari hosilga kirgan.
Ammo keyingi yillarda monilioz, un shudring, sharq mevaxoʻri zararkunandalari uning sifatini keskin pasaytirdi. Tanasi, mevasi va urugʻida zang kasalligi paydo boʻldi.
— Mevachilikda daromad manbai sifatida behi gilosdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi, — deydi Quva tumanidagi tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi rahbari Zafarjon Mamasoliyev. — Markaz tasarrufidagi 6 gektar behizor ijarachi fermerlarga taqsimlab berilgan. Har yili tadbirkorlar tomonidan 400-500 tonna behi Rossiya davlatiga eksport qilinadi. Hisob-kitob qilinsa, bitta daraxtida 40-50 kilogramm meva boʻladi. Bir gektar yerdan 200-300 million soʻm daromad olish mumkin. Shu yilning fevral oyida Turkiya davlatida bogʻdorchilik tajribasini oʻrganib, u yerdan 1250 tup olma behi navli koʻchat olib kelib, markaz yerlarida 2 gektarlik intensiv bogʻ tashkil qildik. Tajriba oʻrganish jarayonida qiziq bir maʼlumotga ega boʻldik. Aytaylik, behini nok mevasiga payvandlash uchun laboratoriya sharoitida bitta kurtakdan bir nechta koʻchat yaratish mumkin ekan. Bizda esa bitta kurtakdan bir tup koʻchat payvandlanadi. Ikkinchi jihati shundaki, Turkiyaning olma behi navi mahalliy navlarimizga nisbatan kasallikka kam chalinarkan. Hamkorlik natijalari sifatida 2021-yilda markazda jahon andozalariga mos laboratoriya va mevani qayta ishlash sexi barpo etishni rejalashtirganmiz.
Oltindek tovlanayotgan behizorlar aro kezgan odam bu mumtoz meva daraxtini undirib oʻstirgan bogʻbon mehnatiga tasanno aytadi. Bu ilmiy maskan ekinzorlarida oʻttiz-qirq yillardan buyon yaratish, yashnatish ishqi bilan mehnat qilayotgan usta mirishkorlar bor. Noʻmon aka Jabborov bu bogʻlarni ulgʻaytirgan tabarruk insonlardan biri. Har yili erta bahordan behizorlarga shakl berish, ularni oʻgʻitlash, suspenziyalar yordamida dorilash ishlari bogʻbonning maslahat va koʻrsatmalari asosida amalga oshiriladi. Toʻgʻri, ilmiy markazda soha ilmini puxta egallagan mutaxassislar ham bor. Lekin Noʻmon akaning bogʻdorchilikdagi tajribasi mutaxassislarning nazariy bilimlariga juda monand keladi.
Eʼtibor bilan kuzatgan boʻlsangiz, yil sayin bozorlarda behi narxi qimmatlashib bormoqda. Oʻtgan yilning dekabr-yanvar oylarida behi narxi 17-18 ming soʻmgacha chiqdi.
Bundan oʻn-oʻn besh yillar muqaddam Fargʻona viloyat markaziy koʻchalariga, shahar chetidagi yoʻl boʻylariga behi koʻchatlari oʻtqazish anʼana tusini olgan. Fargʻona — Qoʻqon yoʻlining 5 kilometrgacha masofasida yoʻlning ikki chetida barglari yirik boʻlgan bahri behi navi bahordan to kech kuzga qadar manzarali daraxtlar qatorida koʻrk saqlab turardi. Afsuski, ayrim mutasaddi rahbarlarning oʻzbilarmonligi oqibatida behi galereyalari yoʻq qilingan. Fikrimizcha, endilikda katta yoʻl yoqalari, mahalla koʻchalariga behi koʻchatlari ekish, ularni parvarishlash, shu ravishda bu meva maqomini tiklash kerak.
Abu Ali ibn Sino behi mevasidan tayyorlangan damlama dizenteriya, ichburugʻ, isitma, hafaqon, kamqonlik kasalliklarini davolashda, bargidan qand va teri xastaliklarini bartaraf etishda foydalangan. Ayniqsa, oʻpkani tozalashda behi kabi benazir meva yoʻq. Bobolarimiz behining shifobaxsh xususiyatlarini yaxshi bilganlari uchun qoʻrgʻonlarida uni parvarishlab, mevasini kuzdan to bahorgacha isteʼmol qilganlar. Bandi bilan uzib uylar, ayvonlarning shift-peshlariga ilib qoʻyganlar. Tabiba momolarimiz uning ichiga asal solib choʻqqa koʻmib pishirib, iztirobli yoʻtallarni davolaganlar. Shuningdek, dasturxonlarga hamisha behili oshlar tortilgan.
Bugun sohibkorlarimiz dunyodagi jamiki totli mevalarni yetishtirishning hadisini olishyapti. Asrlar boʻyi el dasturxonidan arimagan behining serhosil, ertapishar, mahalliy sharoitlarga mos navlarini, mazali turlarini yetishtirishga kirishadilar, albatta.