Meva-sabzavot eksporti yanada oshadi
2015-yilda mamlakatimizda 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 2 million 731 ming tonna meva, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum yetishtirildi. Bu raqamlar O‘zbekistonning eksport salohiyati yuqoriligini ko‘rsatib turibdi.
Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik va chorvachilik kabi tarmoqlar jadal sur’atlarda rivojlanayotgani ta’kidlandi.2015-yilda mamlakatimizda 12 million 592 ming tonna sabzavot va kartoshka, 2 million 731 ming tonna meva, 1 million 850 ming tonna poliz mahsulotlari, 1 million 556 ming tonna uzum yetishtirildi. Bu raqamlar O‘zbekistonning eksport salohiyati yuqoriligini ko‘rsatib turibdi.
Poytaxtimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini standartlashtirish va ularning eksportini oshirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro seminarda shu xususda so‘z bordi. “O‘zstandart” agentligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Latviya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari meva-sabzavot eksportini oshirishning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.
“O‘zstandart” agentligi bosh direktori o‘rinbosari J.Mirsaidov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida aholi farovonligini yuksaltirish yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi ortayotgani, ularni saqlash infratuzilmasi rivojlanayotgani, qayta ishlash sanoati takomillashayotgani xalqimiz dasturxoni to‘kinligi manbai bo‘lib xizmat qilayotir.
– O‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan 230 korxona, 77 ming 800 tonna sig‘imga ega 114 yangi sovutish kamerasi tashkil etildi va modernizatsiya qilindi, – deydi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi qishloq va suv xo‘jaligini standartlashtirish markazi direktori o‘rinbosari Oybek Soatov. – Natijada mamlakatimizda meva-sabzavotlarni saqlash quvvati 832 ming tonnaga yetkazildi. Bu yil davomida narxlarning mavsumiy oshib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan, aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ularni eksport qilishni kengaytirish imkonini bermoqda. Dehqonlarimiz yetishtirayotgan sifatli mahsulotlarni standartlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani ularning jahon bozoridagi o‘rni mustahkamlanishiga yo‘l ochmoqda.
Davlatimiz rahbarining shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini oshiradi. Mazkur qaror asosida qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan muntazam ta’minlash, ichki iste’mol bozoriga yil davomida sabzavotlar, kartoshka, meva va poliz mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish, ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish uchun ularni yetishtirish, ishlab chiqarish va xarid qilish bo‘yicha yagona tizim shakllantirilmoqda.
– O‘zbekiston ekologik sof qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan dunyoga tanilgan, – deydi Latviya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Edgars Bondars. – Bu borada O‘zbekiston bilan Latviya doimiy hamkorlik qilib kelmoqda. Bunga mamlakatlarimiz rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar asos bo‘lmoqda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish borasidagi o‘zaro hamkorligimiz O‘zbekiston meva va poliz mahsulotlarining Yevropa bozorlariga kirib borishiga yanada keng yo‘l ochadi.
Seminarda qishloq xo‘jaligi maxsulotlarini sertifikatlashtirish bo‘yicha jahon tajribasi, sohaga oid xalqaro standartlar va ularni joriy etish istiqbollari muhokama etildi.