Meva-sabzavot eksporti va marketingdagi muammolarni bartaraf etish payti keldi

Maʼlumotlarga koʻra, jahon bozorida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi 205 milliard dollarni tashkil etgan bir paytda, respublikamizning mazkur bozordagi ulushi bir foizga ham yetmayapti.
Qaror va ijro
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligi sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalarini joriy qilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, jahon bozorida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi 205 milliard dollarni tashkil etgan bir paytda, respublikamizning mazkur bozordagi ulushi bir foizga ham yetmayapti. Ushbu mahsulotlarning mamlakat eksporti tarkibidagi ulushi esa atigi 7 foizni tashkil etdi.
Shundan kelib chiqib, Oʻzbekistonda meva-sabzavotlar eksportini rivojlantirish istiqbollari, sohadagi mavjud muammolar, ishlab chiqaruvchi va eksportchilarda uchrayotgan muammolarni bartaraf qilish borasidagi ishlar haqida “Oʻzbekiston eksportchilari“ uyushmasi raisi Muxtor UMAROV bilan suhbatlashdik.
– Soʻnggi paytlarda meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport hajmini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan eksport koʻrsatkichi hamon past darajada qolmoqda. Jahon banki statistik maʼlumotlariga koʻra, respublikamiz uzumni quritish hajmi jihatidan yuqori oʻrinlarda boʻlsada, eksport hajmi boʻyicha Afgʻonistondan keyingi oʻrinlarda turibdi. Bu kabi holatlarning sababi nimada?
– Mamlakatimizda yirik klasterlarning yetishmasligi bu boradagi muammolardan bittasi hisoblanadi. Hozir dehqon va kichik fermer xoʻjaliklari kichik tomorqa va dalalarda mahsulot yetishtiradi. Bu mahsulotni ular yakka holda qayta ishlashi uchun zamonaviy uskuna yoki texnikalari yoʻq. Oʻzbekistonda endi 40 ga yaqin bogʻdorchilik klasterlari tashkil etilayapti.
Bu klasterlarning tashkil etilishi bizga nima beradi? Avvalo, yirik plantatsiyalar vujudga keladi. Yaʼni, oʻsha klasterni tashkil qilgan tadbirkor dehqon va fermerlarni atrofiga birlashtirib, katta hajmda mahsulot yigʻadi. Ana shu mahsulotlarni shartnoma asosida eksportga yoʻnaltirish mumkin. Afsuski, bizda bu hali tizimli yoʻlga qoʻyilmagan. Ayrimlar bozor talablarini hisobga olmasdan oʻzlariga maʼqul mahsulot yetishtirmoqda.
Bundan tashqari, tadbirkor va dehqonlarimiz eksportda strategik qarorlar qabul qilishni va bozorni toʻgʻri tushuna olmayapti. Jahon isteʼmol bozorida qaysi meva yoki sabzavot turi, naviga talab yuqoriligini oʻrganmasdan, oʻzlari bilganicha mahsulot yetishtirmoqda. Shu bilan birga, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishda ularni isteʼmolchilarga sifatli holda yetkazib berish, maʼlum vaqt saqlanishi va qadoqlash kabi omillarni hisobga olish juda muhimligini baʼzida unutib qoʻymoqda. Mevalarni quritishga keladigan boʻlsak, bu yerda ham xuddi shu kabi vaziyat. Yaʼni, katta plantatsiyalarning yetishmasligi va fermerlarimizning zamon bilan hamohang harakatlanmayotgani koʻpincha bizni xalqaro reytingda orqada qoldiradi.
– Umuman olganda, joriy yilda Oʻzbekiston eksportida meva-sabzavot mahsulotlari hajmini keskin oshirish va ularning assortimenti qanday boʻladi?
– Joriy yilda meva-sabzavot mahsulotlari assortimentini kengaytirish, yangi mahsulotlarni tayyorlash borasida oz boʻlsada yangiliklar bor. Xususan, yangi turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlaridan qizilmiya, brokkoli karami, piyozning yangi navlari yetishtirilmoqda. Endilikda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining hajmi va turini kengaytirish borasida bir qator rejalarimiz bor.
Oʻzbekiston eksport geografiyasini kengaytirish bugunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Bu borada uyushmamiz tomonidan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Bundan tashqari, uyushmamiz 12 mamlakatda oʻz biznes vakolatxonasini ochdi. Shu bilan birga, Oʻzbekistonda ilk bor Biznes elchilik maqomi taʼsis etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilish, bu borada targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish, hamkor topishda biznes elchilarimiz samarali faoliyat olib bormoqda. Bizning eng potensial bozorlarimizdan biri bu – Xitoy bozori hisoblanadi. Ushbu bozorga shiddat bilan kirishimiz zarur. Ayni vaqtda pandemiya davri boʻlishiga qaramasdan mamlakatimizda yetishtiriladigan mahsulotlarga xitoyliklar tomonidan talab yuqori boʻlmoqda. Shu bois, biz professional darajada mahsulotlarni qayta ishlab, qadogʻini zamon talablariga javob beradigan hamda karantin qoidalariga mos ravishda tayyorlayapmiz.
Taʼkidlash joiz, Xitoy bozoriga koʻplab mahsulot turi boʻyicha kirish imkoniyati bor. Biroq, tadbirkor, dehqon va fermerlarimiz hali ham talab qilinadigan sifatga ega boʻlgan mahsulotning katta hajmini taʼminlab bera olmayapti. Muvaffaqiyat bu – bozorni tushunishdagi yondashuvlarning tubdan oʻzgarishidir. Shundagina tadbirkor oʻz biznesini isteʼmolchiga nisbatan “yuzma-yuz” oʻzgartirishi va faqat shu yoʻl bilan barqaror natijaga erishishi mumkin.
– Oʻzbekistonda yetishtirilgan mahsulotlarning xususiyati va sifatidan kelib chiqib, eksport uchun qaysi davlatlar bozori istiqbolli deb hisoblaysiz?
– Yurtimizda tilyorar, vitaminlarga boy meva-sabzavot yetishtirish borasida imkoniyatlar yetarli. Yuqorida aytganimdek, mahsulotimizni qadoqlash, yangi navlarni yaratish borasida ishlarni yoʻlga qoʻysakgina jahon bozoridan munosib oʻrin egallay olamiz.
Hozir Oʻzbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotining 99 foizi faqat Rossiya va MDH mamlakatlari bozorida qiziqish oʻygʻotadi. Afsuski, Rossiyada ham ushbu mahsulotlar bozori borgan sari torayib bormoqda. Birgina misol, ilgari isteʼmolchilarimizning asosiy qismi katta yoshdagi aholi hisoblangan. Bugungi kun Rossiya yoshlari esa anʼanaviy oʻzbek uzum navlarini sotib olishni istamaydi. Sababi mevalarimiz asosan yogʻoch yashikda boʻlib, chang va boshqa narsalardan himoyalash uchun usti doka bilan yopiladi. Bu ularga yoqmaydi. Ularning qulay, ixcham, mevalar sifatini yoʻqotmasligi uchun moʻljallangan qadoqlarda sotiladigan urugʻsiz navlarga qiziqishi oshib borayapti. Bu kabi misollarni koʻplab keltirish mumkin.
Oʻzbekistonda yetishtirilgan qovun, qovun qoqisi, gilos kabi poliz va meva mahsulotlari Yevropa bozorlarida xaridorgir. Ushbu mahsulotlarni quritish, qadoqlash uchun yurtimizga zamonaviy texnologiyalar olib kirilsa, quritilgan mahsulotlarni Yevropa, Xitoy va Koreya kabi davlatlarga yuqori koʻrsatkichda eksport qilish mumkin boʻladi.
– Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qaysi jahon bozorida muvaffaqiyatga erishdi?
– Soʻnggi uch yilda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari Xitoy bozoriga kirib bordi. Bundan tashqari, Koreya va Malayziya davlatlariga ham eksport yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Yevropa davlatlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari kirib bordi. Boya aytganimdek, bugungi kunda Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan qovun va qovun qoqisi yevropaliklarga juda manzur boʻlayotir. Bu oʻz navbatida, qovun va qovun qoqisi eksportini kengaytirish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, qovunlarni sifatli va xususiyatlarini yoʻqotmagan yoki maksimal darajada tayyorlash uchun zamonaviy texnikalar kam. Shu bois ham ayni paytda xorijiy davlatlardan mazkur jarayonni amalga oshiradigan zamonaviy texnikalarni olib kelish boʻyicha ishlayapmiz.
OʻzA muxbiri
Shahnoza MAMATUROPOVA
suhbatlashdi.