O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi arafasida Toshkent metropoliteniga yangi 20 ta metro vagoni yoki 5 ta metro sostavi olib kelinib, ishga tushiriladi.
Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Shu bilan birga yo‘lovchilarimizga qulaylik yaratish maqsadida "Chilonzor" yo‘nalishida poyezdlar soat 07:30 dan 9:00 gacha bo‘lgan ertalabki “tig‘iz” vaqtda 3 daqiqa oraliqda va kechqurungi “tig‘iz” vaqtda 16:30 dan 19:30 gacha 4 daqiqa oraliqda qatnaydi. "O‘zbekiston" yo‘nalishida esa, soat 07:30 dan 09:00 gacha bo‘lgan ertalabki “tig‘iz” vaqtda 4 daqiqa oraliqda va kechqurungi “tig‘iz” vaqtda –16:30 dan 19:30 gacha 5 daqiqa oraliqda yuradi.Bu asosan yo‘nalishda qatnayotgan metro sostavlarini ko‘paytirish hisobiga amalga oshirilib, ertalabgi tiqilinchning oldi olinadi, yo‘lovchilarimizning yo‘lga sarflaydigan vaqti qisqaradi.
Yana bir ma’lumot, metropolitendagi xizmatlar turlarini ko‘paytirish maqsadida bugungi kunda metropoliten barcha bekatlarida mobil aloqa vositasi (USELL) va tekin internet tarmog‘i ishlab turibdi. (WI-FI). Metropoliten mutaxassislari tomonidan boshqa mobil aloqa operatorlarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Yana bir yangilik, endilikda Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri va, eng muhimi, tezkor muloqotni yo‘lga qo‘ymoqchi. Buning uchun yaqin kunlarda “Metropoliten – yo‘lovchi” portali ochiladi. Ushbu portal orqali barcha yo‘lovchilar, shahrimiz aholisi metropoliten faoliyati bo‘yicha taklif va e’tirozlarini bildirishi mumkin. O‘z navbatida, metropoliten xizmatlari tomonidan qo‘yilgan masalalar bo‘yicha tezkor choralar ko‘riladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA