“Metallurg” nazorat oʻyinida gʻalaba qozondi
Xabaringiz bor, hozirda barcha klublar yangi mavsumga qizgʻin hozirlik koʻrishmoqda. Jumladan, Bekobodning “Metallurg” klubi ham
Xabaringiz bor, hozirda barcha klublar yangi mavsumga qizgʻin hozirlik koʻrishmoqda. Jumladan, Bekobodning “Metallurg” klubi ham.
Jamoa joriy mavsumda oʻz oldiga jiddiy maqsadlarni qoʻygan holda tarkibini bir qator mahoratli futbolchilar hisobiga kuchaytirib olmoqda. Tajribali futbolchi Server Jeparov, shuningdek, Kamoliddin Tojiyev, Shavkat Mullajonov, Muzaffar Muzaffarov kabi charm toʻp ustalari yangi mavsumda bekobodliklar sharafini himoya qiladigan boʻldi.

Bugun Toshkent viloyati Qibray tumanidagi markaziy stadionda yangi mavsumga qizgʻin hozirlik koʻrayotgan Superliga vakillari – “Metallurg” hamda “Andijon” klublari oʻrtasida nazorat-sinov uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Bu mavsumoldi dastlabki nazorat oʻyini boʻlgani uchunmi “Metallurg” murabbiylar shtabi bir qator yetakchi futbolchilarga dam bergan holda asosan yoshlarni sinab koʻrdi. Oʻyin bekobodliklarning kichik hisobdagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Ikkinchi taymda Islombek Isoqjonovning ajoyib toʻp oshirishidan soʻng Stanislav Andreyev raqib darvozaboni bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi va qiyinchiliksiz darvozani ishgʻol qildi – 1:0.
Shuni taʼkidlash kerak, ilk nazorat oʻyini boʻlganligi bois har ikkala jamoa koʻplab vaziyatlarni yaratishgan boʻlsa-da, boshqa gol kiritilmadi. “Metallurg” birinchi va ikkinchi taymlarda boshqa-boshqa tarkiblar bilan toʻp surdi. Andijonlik murabbiylar ham tarkibda bir qator yangi va legioner oʻyinchilarni sinab koʻrishdi.
“Metallurg”: K.Muhammedov, O.Abdumajidov, X.Sattorov, F.Sodiqov, D.Hoshimov, M.Isayev, X.Ziyoyev, M.Botirov, A.Toshqoʻziyev, Sh.Gʻofurbekov, B.Pardayev.
“Andijon”: N.Ribkin, I.Mamatkazin, D.Mamatov, R.Melzitdinov, A.Xusinov, F.Bekmuradov, A.Olimov, S.Ermatov, B.Akbarov, S.Sulaymonov, Odilov.
Gol: Stanislav Andreyev