Milliy ko‘rgazmalar kompaniyasi (ADNEC) tomonidan Birlashgan Arab Amirligi axborot agentligi (WAM) bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan «Jahon Media kongressi»da zamonaviy virtuallik — meta-olam haqida ma’lumot berildi.
BAAning «Cloud Center of Excellence at Etisalat» kompaniyasi direktori Adnan Kashvanining tushuntirishicha, meta-olam ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sayohat kabi ko‘plab yo‘nalishlarda insonlarga ko‘maklashishi mumkin.
«Bugun dunyoni mobillik boshqarmoqda. Masalan, istalgan mamlakatning hukumat tashkilotiga boring va endi sizni shaxsingiz qandaydir hujjatlar orqali emas, balki telefoningiz orqali aniqlanib, davlat xizmatlari aynan mobil aloqa vositasi yordamida amalga oshiriladi. Bugun telefon raqamingiz sizning shaxsiyatingizni ifodalay oladi. Odamlar endi telefon raqamini bir necha bor almashtirishsa ham ular asosiy raqamni o‘zgartirishmaydi. Shuning o‘zi sizni telefonga — raqamli shaxsiyatga allaqachon ishonib bo‘lganingizni anglatadi», dedi Kashvani.
META-OLAM NIMA?
«Biz ko‘p bora tilga olayotgan meta-olam bugungi texnologik rivojlangan taraqqiyotning eng yuqori bosqichidir. Meta-olam xuddi kriptovalyuta, NFT texnologiyalari, blokcheyn kabi o‘z shaklini o‘zgartirib, rivojlanib, zamonaviylashib boraveradi. Bu eng yetuk texnologiya», dedi u.
Adnan Kashvanining ta’kidlashicha, insonlar birinchi bo‘lib meta-olamda o‘zining virtual mavjudligini shakllantirib olishlari kerak.
«Bu xuddi real hayotga o‘xshaydi. Meta-olam — bizning dunyoga parallel. U internetdagi bugungi ijtimoiy tajribalarning gibridiga o‘xshab ketadi, ba’zan uch o‘lchovga kengayadi yoki jismoniy dunyoga proyeksiyalanadi. Bu sizga, hatto birga bo‘lolmasangiz ham, boshqa odamlar bilan yorqin taassurotlarni baham ko‘rishga, jismoniy dunyoda qila olmagan narsalarni birgalikda bajarishga imkon beradi. Umuman olganda, bugun meta-olam bilan bizning dunyomizda unchalik katta farq yo‘q. Ikkisida ham bir umumiylik bor: sen qancha tez harakat qilsang, shuncha tez natijaga erishasan», dedi Adnan Kashvani.

OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI META-OLAMDA
O‘z navbatida ekspert meta-olamning OAVdagi o‘rni haqida gapirdi. «Dunyodagi ilk OAVlar gazeta yoki radio ko‘rinishida edi. Bunda asosan bir tomonlama kommunikatsiya bo‘lgan. Keyinroq internet va ijtimoiy tarmoq hayotimizga kirib keldi va ozroq miqdorda bo‘lsa ham kommunikatsiya paydo bo‘ldi. Lekin bu yetarli emas. Demak, meta-olam OAV uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Biz endi axborot iste’molida qulayroq yechimlarga ega bo‘lamiz», deya tushuntirdi u.
«Pandemiya davrida hamma onlayn rejimga o‘tdi — o‘qish, ish, tibbiyot hatto sayohat ham. Yomonmas, lekin bu bizning hayotimiz o‘rnini bosolmas edi. Biz o‘zimizni yetarli darajada baxtli odam, deb bilmas edik. Nimadir kamdek ko‘rinardi. Meta-olam orqali esa siz do‘stingiz bilan VR yordamida film tomosha qilishga bora olasiz. Boshqalarga xalaqit qilmasdan o‘z uyingizda, o‘zingizning shaxsiy kanalingizda, kinoteatr orqali, avatar shaklida film ko‘rib, suhbatlashib o‘tira olasiz. Agar siz bilan bir vaqtda boshqa insonlar ham xuddi o‘sha kinoteatrda kino ko‘rayotgan bo‘lsa, siz ularga xalaqit qilmasdan ovozingiz eshitilmasdan film tomosha qila olasiz», dedi Adnan Kashvani.

IJTIMOIY TARMOQLAR VA META-OLAM
Ekspert ijtimoiy tarmoqlar va meta-olamni solishtirar ekan, insonlarga qulay bo‘lgan bir qator masalalarga ham to‘xtaldi.
«Ijtimoiy tarmoqlar orqali kishilarni kamsitish, haqoratlash, tajovuz qilish holatlari uchrab turadi. Meta-olamda esa bu imkonsiz. U juda qattiq himoyaga ega. U yerda kimdir hatto virtual jinoyatga qo‘l ursa ham, jazolanmasdan qolmaydi», dedi u.
META-OLAMNING AFZALLIKLARI
«Meta-olamning yana bir qulayligi – siz uyda o‘tirgancha qaysidir davlatga sayohat qila olasiz. To‘g‘ri, u virtual, lekin siz buni mutlaqo his eta olasiz. Qolaversa, meta-olam orqali biznes qilish; deylik, kreslo sotib olmoqchisiz, uni avval onlayn shaklda o‘z uyingizga qo‘yib ko‘rishingiz, yoqsa, keyin real hayotda sotib olishingiz mumkin. Bundan tashqari, meta-olam insonlarga ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Masalan, bank tizimi, sog‘liqni saqlash sohalarida qulayliklar yaratishi mumkin», dedi Adnan Kashvani.

SOHA KELAJAGI
Kashvanining ta’kidlashicha, bugun meta-olamga kiritilgan investitsiyalar miqdori 140 mlrd. dollardan oshadi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida meta-olamga investitsiya kiritish ikki baravarga oshgan.
«Bilasizmi, sizga 50 yil oldin kimdir bugungi texnologiyalar, zamonaviylik haqida gapirsa, hech qachon ishonmasdingiz. Hozirgi yosh avlod esa texnologiyaga juda o‘ch. Ular meta-olamga tez ko‘nika olishadi. Endi ular imkonsiz narsalarni ham qo‘lga kiritishlari mumkin bo‘ladi», dedi ekspert.
«20-25 yil oldin telefon orqali faqat ovoz yoki tekst yordamida muloqot qilingan bo‘lsa, bugun istalgan harakatni amalga oshirish mumkin. O‘sha paytlarda kelajakda telefon orqali video jo‘nata olasiz, savdo-sotiq qila olasiz deyishsa, ko‘pchilik ishonmasdi. Buni fantastika deb qarashardi. Kechaning fantastikasi bugunning realligi, bugunning fantastikasi ertaning realligi. Agar siz kech qolsangiz, harakatdagi ustunligingizni yo‘qotasiz. Biz esa bugun hammasining imkoni borligini anglatish uchun ham shu yerdamiz», deya so‘zini yakunladi BAAning «Cloud Center of Excellence at Etisalat» kompaniyasi direktori Adnan Kashvani.
Ta’kidlash joizki, Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tayotgan «Jahon Media kongressi»da media sohasidagi eng zamonaviy texnologiyalar haqida ham ma’lumot berib borilmoqda. Bir qator taniqli ekspertlar sohadagi muammolar, zamonaviy yechimlar haqida gapirib, kelajak OAVlari qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashmoqda.
Shuningdek, kongressga 150 dan ziyod OAV hamda media kompaniyalar, bir qator mediaekspertlar taklif etilgan. Qolaversa, yosh jurnalistlar uchun mediatreninglar, seminarlar o‘tkazilishi belgilangan.
Shohrux NO‘’MONOV, Nusratulla ASATULLAEV (foto), O‘zA
Abu-Dabi shahri