“Mening maktabim — yashil maskan” tashabbusi keng quloch yoymoqda
Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan ezgu ishlar yangi mazmun kasb etmoqda.
Jizzax viloyatida ushbu tashabbus doirasida o‘ziga xos ibratli aksiya tashkil etildi. Viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i hamda tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlari o‘zlarining tahsil olgan umumiy o‘rta ta’lim maktablariga tashrif buyurishib, ko‘chat ekish ishlarida bevosita ishtirok etishdi.

Mazkur tashabbusga “Mening maktabim — obod maktab” g‘oyasi asos qilib olingani bejiz emas. Zero, inson qalbida tabiatga mehr va mas’uliyat tuyg‘usi, avvalo, bolalik xotiralari bilan uyg‘un holda shakllanadi.
Ayniqsa, rahbarlarning o‘z maktablarida ko‘chat ekishi yoshlar uchun amaliy ibrat maktabiga aylanmoqda. Bu orqali nafaqat hududlarda yashillik ko‘lami kengaymoqda, balki kelajak avlodning ekologik ongi va fuqarolik mas’uliyati ham mustahkamlanmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bunday tashabbuslar jamiyatda tabiatga ehtirom madaniyatini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari