Mening mahallam – ishsizlikdan xoli hudud
Jizzax viloyatidagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida hunarmandchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Prezidentimizning joriy yil 2 maydagi “2023 – 2025 yillarda Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori hamda “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida fuqarolar va ayniqsa xotin-qizlarni, yoshlarni tadbirkorlikka, hunarmandchilikka bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida Mirzacho‘l tumani qishloq va mahallalarida ham bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.


Mamlakatimizda hunarmandchilik mahsulotlari hamisha xaridorgir bo‘lib kelgan, shu bois Mirzacho‘l tumanidagi “Bog‘bon” mahalla fuqarolar yig‘inida shu bugungi kunda 30 ga yaqin xotin-qiz tikuvchilik, kashtachilik, choponchilik, gilamdo‘zlik, ko‘rpa tikish yo‘nalishlarida ish bilan ta’minlandi. Quvonarlisi, kechagina kambag‘allik darajasiga tushib qolgan qishloq ayoli, bugun oyiga o‘rtacha 1,5 – 2 million so‘mdan daromad qilmoqda.


Jumladan, “Bog‘bonlik” Guli Po‘latova har hafta 10-12 ta ko‘rpacha tikib, 700-800 ming so‘mdan daromad olayotgan bo‘lsa, uning hamqishlog‘i Aziza Mardiyeva kashtachilikdan kuniga o‘rtacha 100 ming so‘mdan yoki oyiga 1,5-2 million so‘mdan oshirib doimiy daromadga ega bo‘ldi.
Eng asosiysi tashkil qilingan kashtachilik, quroqchilik, ko‘rpacha va gilamdo‘zlik ishlarini o‘rgangan xotin-qizlar o‘z uylarida, ro‘zg‘or yumishlarini, tomorqasini ham yoddan chiqarmay, ishni tashkil etish imkoniyati yaratilganidir.
Quvonarlisi, Prezidentimizning joriy yil 2 maydagi qarori asosida “Mening mahallam – ishsizlikdan xoli hudud” shiori ostida o‘tkazilayotgan xayrli ishlar tumandagi barcha mahallalarda davom etmoqda
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA