“Mening bog‘im” loyihasi takomillashadi
Yurtimizda ekologik muhitni yaxshilash va aholining faol ishtirokini ta’minlash maqsadida “Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishda jamoatchilik hamda xalq vakillari ishtirokini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Ushbu hujjatga ko‘ra, “Mening bog‘im” loyihalarini tashkil etish jarayonlarini takomillashtirish, ularni amalga oshirishda yangi mexanizmlarni joriy qilishning asosiy vazifalari belgilandi.
Ular “Mening bog‘im” loyihalari tanlovida g‘olib bo‘lmagan loyihalarni saylovchilar manfaatlari va hududning ekologik holatidan kelib chiqqan holda Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan g‘olib deb e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, “Mening bog‘im” loyihalarini hududning tuproq-iqlim sharoiti va suv ta’minotiga mos ravishda shakllantirish tizimini joriy qilishdan iborat.
Shuningdek, “Mening bog‘im” loyihalari doirasida yashil bog‘lar va yashil jamoat parklarida daraxtlar va o‘simliklarni ekish, ularni doimiy parvarishlash, barpo etilgan ob’ektlar holatini sifatli saqlashning yangi amaliyotini kiritish muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Farmonga ko‘ra, “Ochiq byudjet” axborot portalidagi tanlovda g‘olib bo‘lmagan kamida 1 ta “Mening bog‘im” loyihasini deputatlar tomonidan tegishli saylov okrugidagi saylovchilar manfaatlari va hududning ekologik holatidan kelib chiqib, g‘olib deb e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA