“Mening armiyam – mening faxrim”
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirga Qurolli Kuchlar safida xizmat kilib, Vatan himoyasidek sharafli ishda safdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan fidoyi xodimlar, harbiylar, ularning oila a’zolari hamda faxriylar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi yangradi.

Bugungi sana nafaqat harbiylarimiz, balki Vatanimizni jon-dilidan suygan har bir fuqaroning bayramidir. Shu bois ushbu sana munosabati bilan viloyatimizdagi harbiy qismlarda, mahallalarda, ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida harbiylar, ularning oila a’zolari, farzandlari, faxriylar uchun “Askar onalarini ulug‘laymiz”, “Mening akam askar yigit”, “Mening o‘g‘lim – Vatan himoyachisi”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” kabi mavzularda ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv va kechalar o‘tkazilmoqda.

Albatta, bu kabi tadbirlar yoshlarda harbiy-vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish, ularni milliy istiqlol ruhida tarbiyalashda muhim omil bo‘lmoqda. O‘z navbatida yoshlar ham bugun o‘zlariga katta ishonch bildirilayotganligini amalda his etib turibdi. Endilikda yoshlarimiz armiya safida xizmat qilishni o‘zlari uchun sharafli burch deb bilmoqda.

Tadbirda o‘zining yuksak azmu shijoati, jismoniy va ma’naviy salohiyatini namoyon etib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida davlatimiz mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va xalqimizning osoyishta hayotini himoya qilishdek sharafli burchni a’lo darajada ado etib kelayotgan, o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishda barcha xizmatdosh do‘stlariga o‘rnak bo‘layotgan harbiy xizmatchilarning ota-onalariga viloyat hokimligining tashakkurnomalari topshirildi.
Bayram tadbirida harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar san’at elementlarini o‘zida jamlagan va Qurolli Kuchlar qudratini namoyish etuvchi, vatanparvarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.

Xushovoz xonandalar, taniqli san’atkorlar, harbiy orkestr, badiiy va havaskorlik jamoalari ijrosidagi ona Vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar, mardlik va jasurlikni ulug‘lovchi she’rlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/Zb_DPRUbFmA" title="Davlat moliya nazorati inspeksiyasi faoliyati qoniqarsiz ekanligi koʻrsatib oʻtildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari