
Turkiyaning «Bozdag‘ film» kinokompaniyasi tomonidan suratga olingan «Mendirman Jaloliddin» seriali buyuk ajdodimiz Sulton Jaloliddin Manguberdining nafaqat Vatanimiz miqyosidagi, balki butun Sharq olamida, shuningdek, jahon tarixida tutgan o‘rni haqida hikoya qiladi. Bunday tarixiy shaxslarning yoshlarni harbiy vatanparvarlik, sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati bemisl.
Ma’lumki, sulton Jaloliddin Manguberdi vatani, xalqi ozodligi yo‘lida tillarda doston bo‘lgan shaxs.
O‘zbek va turk ijodkorlari hamkorligida yaratilgan ushbu serial yurtimiz tele-asarlari tarixida burilish yasay oldi.
Kartina tomoshabinni Manguberdi yashagan davrga olib kiradi. Yoshlarni jasur va dovyurak bobolarimiz shijoati bilan tanishtirib, ularga nisbatan mehr uyg‘otmoqda.
Bunda kadr ortidagi mutaxassislar va aktyorlarning ulkan mehnati mujassam. Albatta teleserial ssenariysida juz’iy kamchiliklar ham yo‘q emas. Lekin aktyorlar ijrosi haqqoniy va jonli. O‘zbek aktyorlarining mahorati xorijlik hamkasblaridan kam emasligi borgan sari ko‘zga tashlanmoqda.
"Zo‘rTV" telekanali “Renessans Hall” zalida «Mendirman Jaloliddin» tarixiy serialining 2-mavsumi premerasi bo‘lib o‘tdi. Aytish mumkinki, mazkur tarixiy serialni ko‘rganda beixtiyor ko‘z oldingizda o‘sha davr gavdalanadi.
O‘zA