«Men tufayli shogirdlarim yutuqlarga erishsa...»
O‘qituvchi e’zoz topgan yurtda yuksalish bo‘ladi. Ilmli pedagoglari bor jamiyatda sog‘lom raqobat, ilm o‘rganishga talab kuchayadi.
25 yillik tajribaga ega o‘qituvchi Sharofat Egamnazarova «Daraxt bir joyda ko‘karadi», degan naql bilan emas, «yaxshi kadr har yerda qadr topadi, o‘rganadi va o‘sha yerni ham o‘zgartira oladi», degan shior bilan yashab kelmoqda. Faoliyati davomida Toshkent shahri bo‘ylab ko‘plab maktablarda ishlashga to‘g‘ri kelgan. U har bir ishlagan joyidan kerakli saboqlar olgan. Qator e’tiroflarga sazovor bo‘lgan.
Ayni kunda S.H.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyida ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi lavozimida ishlab kelayotgan Sharofat opa faoliyati davomida erishgan yutuqlarini mamnun holda eslaydi.
– Pedagogik faoliyatim davomida bir qancha yutuqlarga erishdim, – deydi Sharofat Egamnazarova. – Shogirdlarim ortidan rahmatlar eshityapman. Bu yil akademik litseyimizda o‘quvchilarning to‘qson foizi talaba bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldi. O‘quvchilarimiz respublika fan olimpiadalarida ishtirok etib, munosib o‘rinlarni egallayapti.
[gallery-8987]
Kasbimni yaxshi ko‘raman, hayot yo‘lim davomida turli vaziyatlarga duch kelgan bo‘lsam ham, kasbimni emas, ish joyimni o‘zgartirganman va bundan achinmaganman. Bolaligimdan shu sohada faoliyat yuritishni istaganim uchunmi, hech qachon xayolimdan boshqa sohada faoliyat yuritish degan tushunchalar o‘tmagan. 25 yillik faoliyatimda shunga amin bo‘ldimki, o‘qituvchilik mening qismatim ekan. O‘zbek tilini mukammal o‘rganaman, degan bolajonlarga, badiiy adabiyot sir-asrorlarini o‘rganuvchi ilm talab shogirdlarimga doim kasbim sir-sinoatlarini, pedagogik mahoratlarimni bo‘lishishga shayman. Men tufayli shogirdlarim yutuqlarga erishsa, kasbimni yanada yaxshi ko‘rib ketaman.
Bugun salohiyatli o‘qituvchilarga har qachongidan ham talab yuqori. Bunga javoban o‘qituvchidan yuksak salohiyat, o‘z ustida ishlash talab etiladi.
– Sohada yaxshi natijaga erishishi uchun kadr, avvalo, o‘z kasbini sevishi kerak, shunda barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tadi, – deydi Sharofat Egamnazarova. – bugungi kunda o‘qituvchilarga ko‘plab imkoniyatlar yaratilyapti. Ta’lim tizimi tubdan yangilandi. Endi o‘quvchilarga shunchaki dars o‘tib bo‘lmaydi. Zamon bilan hamnafas bo‘lish kerak. Pedagog o‘z ustida ishlashi, fan va texnologiyalarni puxta egallashi kerak. Men ham mamlakatimizda o‘qituvchilarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, zamonaviy pedagog sifatida ishlab kelyapman.
O‘zA