«Men so‘zni asirlikdan qutqaraman!» kitobi – ijodga ehtirom ramzi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, san’atshunoslik fanlari nomzodi, «Do‘stlik» ordeni sohibi Go‘zal Xoliqulovaning ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatiga bag‘ishlangan «Men so‘zni asirlikdan qutqaraman!» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
So‘zning qudrati, ijodkorning mas’uliyati va ma’rifatning inson hayotidagi o‘rnini o‘zida mujassam etgan mazkur kitob taqdimoti adabiyot va ilm ahlini bir davraga jamladi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, taniqli shoira, «Shuhrat» medali sohibi Gulchehra Shahobiddin qizi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Baxtiyor Yakubov, taniqli telerejissyor Hamidulla Qahramonov va boshqalar mamlakatimizda kitobxonlikni yanada rivojlantirish borasida yangi loyihalar joriy etilayotganini ta’kidladi.

Tadbir davomida muallifning ko‘p yillik mehnati, ilmiy izlanishlari, ijodiy qarashlari va ta’lim sohasidagi faoliyati xususida fikr-mulohazalar bildirildi.
Go‘zal Xoliqulovaning faoliyatida so‘z san’atiga munosabat, ilmiy tafakkur va ustozlik mas’uliyati o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Uning mehnat yo‘li nafaqat ilmiy izlanishlar, balki yosh avlodning bilim va ma’naviyatini yuksaltirish, ularda mustaqil fikrlash va ijodiy yondashuvni shakllantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar bilan ham ahamiyatli.

Taqdimotda kitobning mazmun-mohiyati, muallifning ilmiy va ijodiy merosi, shuningdek, adabiyotning inson dunyoqarashi va ma’naviy kamolotidagi o‘rni haqida batafsil fikr bildirildi. Ishtirokchilar so‘zga munosabat, ijod erkinligi, ustozning jamiyat oldidagi mas’uliyati va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalalari yuzasidan o‘z qarashlarini o‘rtoqlashdi.

Ayniqsa, ilm va ijodning bir-birini to‘ldirishi, ta’lim jarayonida badiiy tafakkurning ahamiyati, yoshlarni mutolaaga jalb etish va ularning ma’naviy olamini boyitish borasidagi fikrlar tadbirga alohida mazmun bag‘ishladi. Samimiy muloqotlar jarayonida kitobning nafaqat bilim manbai, balki insonni mushohadaga chorlaydigan, qalbini tarbiyalaydigan va hayotga munosabatini shakllantiradigan ma’naviy tayanch ekani ta’kidlandi.

«Men so‘zni asirlikdan qutqaraman!» degan nomning o‘ziyoq chuqur ma’noni anglatadi. Zero, so‘zni anglash, mas’uliyatini teran idrok etish, uning asl mohiyatini ochish va fikrni erkin ifodalash ijodkordan yuksak mas’uliyat, bilim va badiiy mahorat talab qiladi. Bu jihatdan, mazkur kitob taqdimoti muallifning mehnat va izlanishlariga berilgan e’tirof bo‘lish bilan birga, so‘z san’atiga bo‘lgan hurmatni ham namoyon etdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv kitobxonlikni targ‘ib etish, ilm-fan va ijod ahli o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, adabiyotning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qildi.

Zero, so‘z qadr topgan joyda tafakkur yuksaladi, kitob e’zozlangan muhitda ma’rifat ravnaq topadi. So‘zga ehtirom esa, eng avvalo, insonga, uning qalbi va ma’naviy olamiga bo‘lgan ehtirom.
N.Usmonova,
O‘zA