“Men G‘olib Run” marafoni yuqori saviyada o‘tdi
Poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari hamda kuch tuzilmalari o‘rtasida shosse yugurish bo‘yicha mamlakat chempionati doirasida yurt himoyachilari va kuch tuzilmalari vakillarini birlashtirgan vatanparvarlik ruhidagi ommaviy sport tadbiri – “Men G‘olib Run” yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Viktor Mahmudov, sport vaziri Adham Ikromov so‘zga chiqib, mamlakatimizda eng avvalo, aholini ommaviy sportga jalb etish va bu orqali ularning salomatligini yanada yaxshilash maqsadida turli musobaqalar, xususan, ommaviy yugurish tadbirlari tashkil etilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, bu yilgi mavsumda 20 dan ortiq yugurish musobaqalari tashkil etilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Harbiy xizmatchilar, huquq-tartibot organlari xodimlari, milliy va maxsus oliy o‘quv yurtlari kursantlari, yoshlar hamda sport hayotiga befarq bo‘lmagan aholi vakillari ishtirok etgan “Men G‘olib Run” musobaqasidan ko‘zlangan musobaqaning asosiy maqsadi jismoniy tayyorgarlikni oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda Vatanga sadoqat va vatanparvarlik ruhini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Bellashuvlar 3 va 10 kilometr masofalarda o‘tkazildi. Musobaqa World Athletics xalqaro standartlari asosida zamonaviy elektron xronometraj tizimi orqali tashkil qilindi.
[gallery-27175]
Tadbirda 2 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, ming nafarga yaqin harbiy xizmatchilar va kursantlar ishtirok etdi. Bellashuvlar xalqaro mezonlar asosida, zamonaviy elektron vaqt o‘lchash tizimidan foydalangan holda o‘tkazildi. Musobaqada eng yaxshi natija qayd etgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
Almurod Mamadaminov(surat), O‘zA