Meksikalik narkobaron Texasda ushlandi
Meksikalik narkobaron Ismoil “Al-Mayo” Zambada Garsiya va uning sobiq sherigi Xoakin “Al-Chapo”ning o‘g‘li Gusman AQSH huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan qo‘lga olingan. Meksika jinoiy landshafti qiyofasini o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan bu muhim va yirik amaliyot Texasning Al-Paso shahrida yuz berdi.
AQSHning ikki rasmiysi “Reyter” agentligiga 70 yoshdaligi taxmin qilinayotgan Zambada Garsiya va 30 yoshli Xoakin Gusman Lopes xususiy samolyot aeroportga qo‘ngan payt ushlanganini aytdi.
– Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi eng kuchli va zo‘ravon tashkilotlardan biri – Sinaloa kartelining yana ikki yetakchisi hibsga olindi, – deya ma’lum qildi Adliya vazirligi.
Jinoiy ismi Al-Mayo bilan tanilgan, Meksika tarixidagi eng kuchli giyohvand moddalar savdogarlaridan biri hisoblangan Zambada Garsiya 2017 yil AQSHga ekstraditsiya qilingan va og‘ir tartibli qamoqxonada umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Al-Chapo bilan birga Sinaloa karteliga asos solgan.
Zambada Garsiya va yosh Gusman AQSHga ko‘p miqdorda giyohvand modda, jumladan fentanil kontrabanda qilishda ayblanib, bir necha ayblovga duch kelgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda narkotikdan foydalanish keskin oshib, 18-45 yoshli amerikaliklar orasidagi o‘lim holatining asosiy sababiga aylangan.
Gusman Lopes Al-Chaponing to‘rt o‘g‘lidan biri bo‘lib, sulola Los Chapitos nomi bilan tanilgan. Farzandlar otaning Sinaloa kartelidagi fraksiyasini meros qilib olgan. Katta aka Ovidio Gusman o‘tgan yil hibsga olingan va AQSHga ekstraditsiya qilingan.
AQSH Adliya vazirligi va huquq-tartibot idoralari Al-Chapo hibsga olingandan keyin Sinaloaning “shubhasiz yuqori martabali rahbari”ga aylangan Zambadani qo‘lga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 15 million dollar taklif qilgan edi.
Al-Mayo va Al-Chapo – ikki xil uslub
AQSH Bosh prokurori Merrik Garland aytishicha, Zambada Garsiya va Gusman Lopesga “kartelning jinoiy amaliyoti, jumladan halokatli fentanil ishlab chiqargani va savdo tarmog‘iga rahbarlik qilgani uchun” bir necha ayb qo‘yilgan.
– Har bir kartel rahbari va a’zosi jamiyatimizni zaharlagani uchun javobgar bo‘lgunga qadar tinchlanmaymiz, – degan Garland.
Sinaloa karteli 50 dan ko‘p mamlakatda giyohvand modda savdosi bilan shug‘ullanadi va AQSH rasmiylari fikricha, Meksikadagi eng kuchli ikki uyushgan jinoiy guruhdan biri. Binobarin, Zambadaning o‘g‘illari Garsiya va Al-Chapo narkotik savdogarlarining ikki xil qavmiga mansub.
Zambada Garsiya diqqat markazidan qochadigan va soyada ishlaydigan “eski maktab” vakili sifatida tanilgan. Al-Chaponing o‘g‘illari esa, aksincha, kartel safida ko‘tarilishi bilan e’tiborni o‘ziga tortgan g‘ayritabiiy giyohvand moddalar savdogari sifatida obro‘ga ega. Ularning zukkoligi bilan nom chiqargan Zambada Garsiyaga nisbatan ancha zo‘ravon, jahldorligi ham ma’lum.