Meksikaning markaziy va sharqiy qismidagi kuchli yog‘ingarchilik oqibatida 42 kishi halok bo‘ldi, yana 27 kishi bedarak yo‘qoldi, deb xabar bermoqda “Haberler” nashri.
Meksika milliy muvofiqlashtirish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofatdan Verakrus, Puebla, Iidalgo, Keretaro va San-Luis Potos shtatlari jabr ko‘rgan.

Kuchli yog‘ingarchilik toshqinlar va ko‘chkilarni keltirib chiqardi, ayrim avtomobil yo‘llari, ko‘chalar va uylarni suv bosdi. Qutqaruv xizmati xodimlari bedarak yo‘qolganlarni qidirishda davom etmoqda. Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum beshta shtat gubernatorlari bilan favqulodda onlayn yig‘ilish o‘tkazdi.

– Biz hech kimni yordamsiz qoldirmaymiz, - dedi Meksika rahbari. – Hukumat vakillari va qutqaruv xizmati xodimlari joylarda ishlamoqda, yo‘llarni tiklab, aholiga yordam ko‘rsatmoqda.
Meksika ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, tabiiy ofat tufayli o‘lkada minglab aholi elektr ta’minotisiz qolmoqda, tog‘ yonbag‘irlarida davom etayotgan yomg‘ir va ko‘chkilar vaziyatni yanada keskinlashtirmoqda.
G.Sattorova, O‘zA