Mehrli va saxovatli kishilar taqdirlandi
Bugun viloyat hokimligida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi oʻtkazildi.
Prezidentimizning joriy yil 26-avgustdagi farmoniga koʻra, “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni bilan mukofotlanganlar orasida Samarqand viloyatidan ham bir guruh tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bor.
Bugun viloyat hokimligida ushbu mukofotlarni tantanali topshirish marosimi oʻtkazildi.
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov bu yil jahon miqyosida keng tarqalib, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi davrida, el-yurtimiz boshiga tushgan sinovli kunlarda koʻplab sohalar vakillari yuksak fidoyilik koʻrsatib mehnat qilayotganini taʼkidladi.

Tadbirkorlar, saxovatli kishilar koʻmagida aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamiga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatilmoqda. “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati qisqa fursatda xalqimiz boshini biriktirish, ogʻir vaziyatda koʻp oilalarga madad berishning qulay va samarali vositasiga aylandi. Ana shu ishlarda fidoyilik koʻrsatgan yurtdoshlarimiz va xorijlik fuqarolarni eʼtirof etish, ragʻbatlantirish maqsadida davlatimiz rahbarining 2020-yil 26-maydagi farmoni bilan “Mehr-saxovat” koʻkrak nishoni taʼsis etildi.
Marosimda samarqandlik 33 nafar tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar va saxovatli kishilarga koʻkrak nishonlari tantanali topshirildi.

– Ikki yil oldin “Xayriya ishlari” fondini tashkil qilgan edim, - deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti iqtisod yoʻnalishi magistranti Shirin Mirzayeva. – U vaqtda bunday ommaviy xayriya tadbirlari yoʻq edi. Qoʻlimizdan kelgancha ehtiyojmand oilalarga yordam koʻrsatib kelayotgan edik. Pandemiya davrida koʻmakka muhtoj oilalar soni ortdi. Bor imkoniyatimizni ishga solib kam taʼminlangan oilalarga, yolgʻiz onalarga, boquvchisini yoʻqotgan bolalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak tarqatdik. Uylarini taʼmirlash ishlariga yordamlashdik. Eng muhimi, ogʻir sharoitda xalqimizga nafimiz tegdi, shundan xursandmiz. “Mehr va saxovat” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashganini kutmagandim. Bu boshlagan ishimizni yana-da rivojlantirishga undaydi.