Xalqimizda «Bolaning begonasi bo‘lmaydi» degan gap bejizga aytilmagan. Jannatmakon yurtimizda o‘sib kelayotgan har bir ertangi kun egalari e’tiborda. Xususan, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kasb-hunar egallashi va muqim ish joyiga ega bo‘lishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Bu bo‘yicha turli xil mutassadi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Poytaxtimizdagi 23-sonli Mehribonlik uyi bitiruvchilari uchun bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov boshchiligida Yashnobod tumanida joylashgan "Ishga marhamat" monomarkaziga press-tur tashkil etildi. Ular maishiy texnikalar ishlab chiqarish, ko‘p qavatli uylar va ofislar uchun lift ishlab chiqarish korxonalarida hamda texnopark hududida faoliyat yuritayotgan 18 ta korxonada hozirgi kundagi mavjud bo‘lgan 1 200 tadan ortiq bo‘sh ish o‘rni bilan tanishtirildi.
Shuningdek, kasb-hunar egallamoqchi bo‘lgan bitiruvchilar Yashnobod tumanida joylashgan «Ishga marhamat» monomarkazidagi kompyuter savodxonligi va IT yo‘nalishi, oshpaz-qandolatchilik, sartaroshlik (ayollar va erkaklar), elektrosvarshik, tokar, elektrik va boshqa yo‘nalishdagi o‘quv kurslari bilan yaqindan tanishdi.
–Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari monomarkazdagi kasb-hunar ustalari, hunar o‘rganuvchilari bilan suhbatlashib, o‘zlarining qiziqishlariga qarab, yo‘nalish tanlab, yetuk mutaxassislardan hunarning sir-asrorlarini o‘rganishi mumkin,– deydi vazir Nozim Husanov.
Bu kabi uchrashuvlar, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni vazirlik tizimidagi yirik ish beruvchi korxona, tashkilotlarning ish faoliyati hamda monomarkaz imkoniyatlari bilan tanishtirish orqali bitiruvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA