Mehri ummon murabbiy, zahmatkash olim
Andijon davlat universiteti “Nemis tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor, Rossiya ijtimoiy va pedagogika fanlari akademiyasi akademigi, Germaniya Federativ Respublikasi Leypsig universiteti translatologiya instituti faxriy professori Muxtorxon Umarxo‘jayev bu yil qutlug‘ 80 yoshni qarshiladi.
Mamlakatimizning zabardast olimlaridan biri, Andijon farzandi filologiya fanlari doktori, professor Muxtorxon Eshonxo‘jayevich Umarxo‘jayev bolaligidan ilmga qiziqqan, mehnatkash inson. U 1943 yil 15 sentyabrda Andijon shahrida ziyoli oilasida tavallud topdi. Maktab yoshidan boshlab nemis tili faniga mehr qo‘ydi va fanni puxta o‘rgana boshladi. Nemis tili va nemis xalqi adabiyotiga bo‘lgan qiziqishi uni poytaxtdagi oliygohga yetakladi.

1962- 1967 yillar Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutida “Nemis tili hamda o‘zbek tili va adabiyoti” ixtisosligi bo‘yicha tahsil olgandan so‘ng, 1968-1972 yillar Moskva davlat chet tillar institutida mashhur tarjimon M.Ya.Svilling va Germaniya Leypsig universitetida professor Otto Kade rahbarligida tilshunoslikning frazeologiya sohasida ilmiy izlanishlar olib bordi.
U 1972 yili Moskva davlat chet tillar instituti huzuridagi ilmiy kengashda “Prinsipы sostavleniya mnogoyazыchnogo frazeologicheskogo slovarya” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvafaqqiyatli himoya qildi.

Yosh olim ilmiy izlanishlarini izchil davom ettirdi va 1978-1979 yillari Moskva va Berlin universitetlarida mashhur lug‘atshunos Rut Klappenbax rahbarligida doktorlik uchun ilmiy tadqiqotlar olib bordi. 1981 yilda Fanlar Akademiyasi tilshunoslik institutida «Osnovы frazeografii» mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1984 yilda olimga professor unvoni berildi.

Ustoz 1972 yil Andijon davlat tillar pedagogika institutining nemis tili kafedrasida o‘z ish faoliyatini boshlab, 1973 yili kafedra mudiri, dotsent, 1980 yili “fonetika va grammatika” kafedrasining mudiri, 1983-2000 yillarda Andijon davlat tillar pedagogika instituti rektori lavozimida samarali, faol mehnat qildi. 1989-1990 yillar Sobiq ittifoq xalq deputati sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
M.Umarxo‘jayev jahon germanistikasi, qiyosiy, tipologik va umumiy tilshunoslik, tarjima nazariyasi va amaliyoti fanlari rivojiga, shuningdek, chet tillarni o‘kitish nazariyasini takomillashtirishga, uni jahon standartlari talablari darajasiga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Olimning 200 dan ortiq ilmiy maqola, monografiya, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalari, jumladan “Umumiy tilshunoslik” (2010), “Olmon tili leksikologiyasi va frazeologiyasi” (2010), “Hammabop ingliz tili” (1997), “Ming bor eshitgandan bir bor ko‘rgan afzal” inglizcha-nemischa-o‘zbekcha tasviriy-tematik lug‘at (2013) va “Ming bor eshitgandan bir bor ko‘rgan afzal” nemischa-ruscha-o‘zbekcha tasviriy-tematik lug‘at (2014), “Gyote va islom” (tarjima”, Jahon adabiyoti” jurnali, 2012), “Diniy atamalar va iboralar” izohli lug‘at (2016), o‘zbek va ingliz tillarida “Qizil kitobga tushmas tuyg‘ular”(o‘zbek va ingliz tilida, 2020) kabi ilmiy kitoblari bilan bir qatorda “Ko‘nglim kabutarlari” (1997), “Uyg‘oq satrlar” (2013) she’riy to‘plamlari ham nashr etilgan.

Ustozning nazariy va amaliy tilshunoslikning muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ilmiy ishlari frazeologiya va frazeografiya, qiyosiy-chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik va lug‘atshunoslikda aks etgan. Nazariy va amaliy tilshunoslikning ko‘rsatilgan yo‘nalishlari ichida birinchi yo‘nalish, ya’ni “frazeologiya va frazeografiya masalalari” yo‘nalishi uning ilmiy izlanishlarida, serqirra poliglot olim sifatida shakllanishida juda muhim o‘rin tutadi. Boisi shundaki, ushbu sohada olim o‘zining yangi, betakror frazeologik va frazeografik konsepsiyasini yaratish bilan keng tilshunoslar ommasi orasida katta e’tibor qozondi. Olimning “Ocherki po sovremennoy frazeografii” (Tashkent, 1977), “Osnovы frazeografii” (Tashkent, 1983) nomli monografiyalari, shuningdek, bir qator xorijiy jurnallarda chop etilgan, salohiyati monografiyalardan kam bo‘lmagan inqilobiy maqolalari mazkur sohalar bo‘yicha hozirgacha tayanch nazariy ilmiy izlanishlar bo‘lib xizmat qilmoqda.

Olimning frazeografik konsepsiyasida, “frazeografiya” atamasi ilk bor tilshunoslikka kiritildi. U betakror inqilobiy xarakterga ega bo‘ldi. U o‘z konsepsiyasida birinchi bor tilshunoslikda frazeografiyaning alohida yo‘nalish sifatida tan olish kerakligi g‘oyasini ilgari surdi, uning nazariy va amaliy asoslarini ishlab chiqish bilan buni isbotladi.
Ayni paytda respublikamizning bir qator oliy o‘quv yurtlari ilmiy Kengashlarining a’zosi sifatida Respublikamiz filologiya ilmi rivojiga faol hissa qo‘shib kelmoqda.. Uning ilmiy rahbarligida fan doktori, 3 nafar fan nomzodlari, 3 nafar falsafa doktorlari (PhD) ilmiy ishlarini muvafaqiyatli himoya qildi.
Prof.Umarxo‘jayevning “Tarjimashunoslik va lug‘atshunoslik innovatsiya markazini tashkil etish asosida lug‘at va matn tarjimoni intellektual platformasini yaratish” loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qo‘llab quvvatlandi va 2020 yil Andijon davlat universtiteti chet tillar fakulteti qoshida “Andijon lug‘ag‘atshunoslik va tarjimashunoslik ilmiy-amaliy innovatsiyalar markazi” tashkil etildi.
2018 yilda taniqli olim yosh avlodni tarbiyalash, ilmiy kadrlar yetishtirish ishlaridagi fidokorona mehnatlari uchun “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Ilm ahli orasida alohida e’zozga sazovor bo‘lgan jonkuyar olim, kamtarin inson, qalbi ummon murabbiy Muxtorxon domlaga sog‘lik-salomatlik, uzoq umr tilaymiz.
N.G‘afforov,
O‘zDJTSU
O‘zbek va chet tillari kafedrasi mudiri, dotsent, filologiya fanlari doktori