Xalqimizga xos bolajonlik, yuksak insonparvarlik, mehr-oqibat ifodasi sifatida har yilgi yangi yil bayramida bolajonlarga topshirib kelinayotgan Prezident sovg‘alari namanganliklarga unutilmas shodlik ulashmoqda.

Viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan “Prezident archasi” bayram tantanasi bolajonlar uchun shodlik onlarini tuhfa etdi. Tadbirga oilaviy bolalar uylari, qarovisiz qolgan yetim bolalar, Vatanimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining farzandlari, ijtimoiy daftarlarda turuvchi kam ta’minlangan oilalarning dilbandlari taklif qilindi.

Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov kichkintoylarni Yangi yil bayrami bilan tabriklab, yosh avlod kamoloti davlatimizning doimiy e’tibor markazida ekanligini ta’kidladi. Sektor rahbarlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida 3-15 yoshli 400 nafar o‘g‘il-qizning har biriga 12 turdagi o‘quv qurollari va shirinliklar hamda skuter, samokatlardan iborat sovg‘alar tantanali topshirildi. Shuningdek, “Prezident sovg‘asi” viloyat, shahar va tumanlar sektor rahbarlari ishtirokida 247 nafar o‘g‘il-qizga manzillarga borib taqdim etildi.


– Dadam Ne’matjon Hanafiyayev Uychi tumani ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. Bundan besh yil ilgari burchlarini o‘tash chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan. Vatan uchun jonini fido qilgan vatanparvar insonning farzandlari ekanligimizdan faxrlanamiz, – deydi Namangan shahridagi 1-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Bahriddin Obidjonov. – Yurtboshimiz bizdek oilalarga doimo e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotganidan minnatdormiz. Mana, ukam bilan birga “Prezident archasi”ga keldik va o‘quv qurollari, soat, turfa shirinliklar va kitoblardan iborat Yangi yil sovg‘alarini oldik. Bundan dilimiz quvonchga to‘ldi.

Bayram tadbirda viloyat musiqali drama teatri tomonidan sahnalashtirilgan “Oppog‘oyning sarguzashtlari” nomli ertak-spektakli tomoshasi va quvnoq kuy-qo‘shiqlar bolajonlar qalbini shodlikka to‘ldirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA