Mehr va e’tibor taqdirlarni o‘zgartiradi
Qaror va ijro
Bola dunyoga kelganidan boshlab to voyaga yetib, ulg‘ayguncha ota-onasining qaramog‘ida bo‘ladi, tarbiyasini oladi. Taqdirning turli sinovlari bor. Shunday holatlar bo‘ladiki, bolalar ota-onalari qaramog‘idan mahrum bo‘ladi. Ular shunday vaqtda qo‘llab-quvvatlov, mehrga ehtiyoj sezadi.
Yurtimizda ana shunday bolalarga ko‘mak berish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Mehribonlik uylarini tamomlayotgan bolajonlarimizning yillar davomida boshpana topish muammosi qiynab kelayotgan va eng katta tashvishga solayotgani uysizlik edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 9 avgustda qabul qilingan «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori yuksak e’tibor ifodasi bo‘ldi. Unda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha qamrab olingan.
Mustaqil mamlakatimizda ota-onalarining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga doimiy g‘amxo‘rlik davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi besh yil davomida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni uy-joy bilan ta’minlash masalalariga yanada ustuvor ahamiyat berilgani sababli, yillar davomida yechilmay kelayotgan muammolar bartaraf etilib, bolajonlarimiz o‘z uylariga ega bo‘lmoqda.
Mazkur qaror bilan, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolajonlarimizni uy-joy bilan ta’minlashning aniq yechimi va tartiblari belgilab berilgan.
Qarorga asosan, o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda, mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi.
Shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun kvartiralar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ko‘chmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan ko‘p kvartirali uy-joylardan xarid qilinishi, tegishli tuman (shahar)da ko‘chmas mulk birlamchi bozorida mazkur bandda nazarda tutilgan mezonlarga mos keladigan kvartiralar mavjud bo‘lmaganda, hududiy “Xalqparvar” komissiyalari xulosasiga asosan, kvartiralar ko‘chmas mulkning ikkilamchi bozoridan tegishli mezonlarga muvofiq holda xarid qilinadi.
Shu bilan birga, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joylar bilan ta’minlash “onlayn-navbat” tizimi asosida amalga oshiriladi, bunda mazkur navbatga o‘zgartirish kiritilishiga va navbatidan oldin keyingi navbatdagi bolalarga uy-joy ajratilishiga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilgan. Qarorning ijrosi ko‘plab bolalar qalbida insoniylik, bag‘rikenglik va o‘z yurtiga sadoqatni shakllantiradi. U o‘zining yetim emasligi, orqasida tog‘dek otasi – Prezidentimiz borligini his etib yashaydi.
Dilbarxon Mamajanova,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA