Mehr va e’tibor – inson qadri uchun xizmat qilmoqda
Bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va kasb-hunarga yo‘naltirish borasida mahallalarda amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda mahalladagi ijtimoiy xodimlar tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “mini loyiha”lar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shunday loyihalardan biri Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrining Shodlik mahallasida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, unga “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan fuqarolar jalb etilgan. Ayni paytda mazkur tashabbus doirasida qariyb 20 nafar xotin-qiz to‘quvchilik sirlarini o‘rganmoqda.

Haftasiga ikki marta mutlaqo bepul tashkil etilayotgan to‘garak ishtirokchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Eng muhimi, bu kabi mashg‘ulotlar ehtiyojmand oilalar a’zolarining kasb-hunar egallashi, kelgusida esa oilasi daromadiga munosib hissa qo‘shishiga xizmat qilmoqda.

To‘garak qatnashchilaridan biri Mehriniso Sirojova davlat hisobidagi ijtimoiy uyda voyaga yetmagan farzandi bilan yashaydi. U “Ijtimoiy reyestr” ro‘yxatida turadi.

– Biz kabi ehtiyojmand oilalar uchun kasb-hunar o‘rganish katta imkoniyat bo‘lmoqda. Endi hunar orqali qo‘shimcha daromad topishimiz mumkin. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor bizga yanada kuch va ishonch bag‘ishlayapti, – deydi u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida 2026-yilning birinchi choragida jami 743 ta “mini loyiha” amalga oshirilgan. Natijada 687 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan, 1 ming 671 nafarining bandligi ta’minlangan hamda 1 ming 124 nafar yoshlar fan va sport to‘garaklariga jalb qilingan.

Bu kabi loyihalar hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasligi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga amaliy ko‘mak ko‘rsatish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri