«Mehr ulash» donorlik aksiyasi
Adliya vazirligi tashabbusi bilan respublikamizning barcha viloyatlarida «Mehr ulash» shiori ostida donorlik aksiyasi o‘tkazilmoqda.
Sirdaryoda o‘tkazilgan donorlik aksiyasida ham adliya xodimlari faol ishtirok etdi.

– Beg‘araz qon topshiruvchilar safida adliya xodimlarining borligi bizni yanada quvontiradi, – deydi Sirdaryo viloyat qon quyish stansiyasi donorlik bo‘limi mudiri Mahbuba Aliqulova. – So‘nggi yillarda aholi orasida gematologik, onkogematologik va boshqa davolash qiyin bo‘lgan bemorlar soni tobora oshib boryapti. Shunga yarasha qon komponentlariga bo‘lgan talab ham. Buning oldini olish va ularga yordam ko‘rsatishda donorlarning o‘rni nihoyatda katta. Ular o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, bu aksiyada ishtirok etishdi.
Aksiya doirasida olingan qon viloyat qon quyish stansiyasida laboratoriya tekshiruvlaridan, 8 turdagi tahlillardan o‘tkazilgach, qon va qon mahsulotlariga muhtoj bemorlarga yetkazib beriladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har bir mamlakat o‘z aholisining qonga bo‘lgan talabini qondirish uchun 1000 nafar kishiga donorlar soni 30 nafar va undan ortiq bo‘lishi, qon komponentlari bilan ta’minlash uchun esa donorlar soni har 1000 nafar kishiga 10 nafar yoki aholi soniga nisbatan 1 foizni tashkil etishi zarur.
Bu esa, qon komponentlariga ehtiyoji yuqori bo‘lgan bemorlarning hayotini saqlab qolish, umr ko‘rish ko‘rsatkichini uzaytirish imkonini beradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri