Mehr-saxovat ulashgan talabalar...
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti mamlakatimizda yetakchi oliygohlardan biri hisoblanadi. Ushbu oliygohda bugungi kunda 5000 dan ortiq talabalar tahsil olmoqda.
Yaqinda O‘zbekiston «Adolat» SDP faollari mazkur oliygohda bo‘lishib, talabalar bilan uchrashuv tashkil qildilar. Darhaqiqat, pandemiya sharoitida institut yoshlaridan tarkib topgan volontyorlik guruhining jo‘shqinlik talab etadigan ishlarda faol ishtirok etganining o‘zi fikrimizga dalildir.
Yurtimizda koronavirus pandemiyasi qayd etilib, karantin e’lon qilingan ilk kunlarda odamlar vahimaga haddan ortiq berilib ketgandi. Kutilmagan vaziyat hatto insonlarni biroz tahlikaga solib qo‘ydi.
Ana shunday lahzalarda ushbu institutining 10 nafar talabasi jasorat ko‘rsatib ko‘ngilli sifatida Xayriyalarni muvofiqlashtirish markazi, 1197 sall markazi hamda «O‘zbekiston nafas ol» aksiyasida faol ishtirok etishdi. Bemorlarga yordam berishda yaqindan ko‘maklashishdi. Bu haqda talabalarning o‘zlari boshdan kechirgan jarayonlari bo‘yicha o‘rtoqlashdi.
Nurken Usenov, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti 6 kurs talabasi:

– Biz 1197 sall markazida ish boshladik. U yerda aholidan bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarga javob berib turardik. Bir kunning o‘zida 5000 dan ortiq murojaatlar kelib tushardi. Albatta, ularning barchasiga javob berish imkoni bo‘lmagan hollar ham bo‘lgan. Ana shunda xalq orasida sall markazi haqida turli gap-so‘zlar tarqalgan.
Biz ijtimoiy ahvol turlariga qarab, birinchi navbatda oziq-ovqatga juda ham muhtoj bo‘lib qolgan oilalarga yetkazib berishga harakat qilardik. O‘ylaymanki, ana shu qiyin kechgan davrlar barchamiz uchun sinov bo‘ldi. Tashkil etilgan 1197 sall markazi esa qanchadan-qancha insonlarga madad qo‘li bo‘lib cho‘zilgan bo‘lsa ajab emas.
– Biz pandemiya boshlanmasdan ilgari ham ko‘ngilli sifatida ko‘plab aksiyalarda qatnashib kelardik. Jumladan, mahallalarda bo‘lib, turli tadbirlar tashkil qilar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olar edik. Ammo bunisi o‘zgacha bo‘ldi va shuni ko‘plashib his qildikki, volontyorlik xizmati bo‘yicha bizning mamlakatimizda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p ekan.
Uni rivojlantirish, zarur bo‘lsa, butun mamlakat bo‘ylab keng targ‘ib qilish darkor. Negaki, pandemiya bizga volontyorlik qanchalik muhim ekanligini ochiq ko‘rsatib berdi. Biz aynan favqulodda vaziyatlar bo‘lib qolsagina emas, balki har doim ezgu ishlarni qilishga shay turishimiz kerak. Volontyorlik, bu – o‘zni unutib, faqat o‘zganing g‘am-tashvishi bilan yashashdir, – deydi Farhod Toshtemirov, Asadbek Asadullayev, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti 6 kurs talabalari.
Lazizjon Tuyg‘unov, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti 5 kurs talabasi:

– Men «O‘zbekiston nafas ol» aksiyasida ishtirok etdim. Bu tarkibda shifokorlar va boshqa mutaxassislardan iborat ko‘ngillilar guruhi tashkil topgan. Biz Toshkent shahri bo‘ylab, qolaversa, boshqa viloyatlarga ham nafas olishda qiynalayotgan bemorlarga kislorod konsentratorlari yetkazib berishga otlanardik. Ba’zi bemorlarda ahvol og‘irligidan nafas olish chastotasi 70 gacha tushib ketardi. Biz bemorning normal nafas olish holati tiklangunicha konsentratorni o‘zi bilan qoldirardik. Nafas olishi qiyinlashganlar orasida homiladorlar ham uchrardi. Biz iloji boricha koronavirusning homilaga ta’sir etmasligi uchun kurashardik.
Talabalar bilan suhbat jarayonida rektor yordamchisi hamda ushbu institut o‘qituvchisi Dilnoza Usta-Azizovaning ham fikrlarini tingladik:
– Bilasizmi, talabalar juda ham tirishqoq. Ularda har kuni yangi-yangi g‘oyalar uyg‘onadi. Ular bilan birga bo‘lsangiz o‘zingizni yoshlikdagi kuch-g‘ayratingiz o‘rniga tushgandek his qilasiz. Aslida mazkur ko‘ngilli guruh 2005 yildan buyon o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Yuqorida ta’kidlanganidek, volontyorlar turli tuman mahallalardagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarga yordam berishda peshqadam bo‘lib xizmat qilayotir.
Shuningdek, Sardoba fojialarida talabalarimiz birinchilardan bo‘lib voqea sodir bo‘lgan joyga yetib bordi. U yerda ko‘chada qolgan aholi uchun yetkazib berilayotgan turli buyumlarni taqsimlab, egalariga tarqatishda peshqadam bo‘lishdi. Albatta, talabalarning bu xizmatlari davlatimiz tomonidan e’tiborsiz qoldirilmadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 maydagi Farmoniga asosan ta’sis etilgan «Mehr-sahovat» ko‘krak nishoni bilan ko‘ngilli sifatida ishtirok etgan barcha talabalar – Lazizjon Tuyg‘unov, Nurken Usenov, Asadbek Asadullayev, Farhod Toshtemirov, Hasanxo‘ja Abidov, Munisa Davladyarova, Gulasal Boboxo‘jayeva, Sevara Hamdamova, Sevinch Qurbonova, Aziza Kamolovalar taqdirlandi.

Guvohi bo‘lganingizdek, talabalarning o‘zlari boshidan kechirgan voqelikni aytib berdi. Buni o‘qib ushbu tolibi ilmlarning yoshlarga xos matonati boshqalarga o‘rnak bo‘ladi, deb ishonamiz. Yurtimizdagi barcha insonlar ezgu ishga shay volontyorlar bo‘lib xizmat qilishadi, deb umid qilamiz.
Mehriniso BOBONAZAROVA,
O‘zbekiston «Adolat» SDP
Toshkent shahar Kengashi
matbuot kotibi