MEHR QOLUR, OQIBAT QOLUR
Bugungi holat barchaga maʼlum. Bu haqida izoh berishning oʻzi ortiqcha.
Bugungi holat barchaga maʼlum. Bu haqida izoh berishning oʻzi ortiqcha. Ammo koʻpchilikni qiynayotgan muhim masalalardan biri bu – dori-darmon bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sunʼiy ravishda qimmatlashidir.
Deyarli 4 oydan buyon koʻpchilik karantinda. Kunlik va oylik daromad topadigan aholining aksar qismi vaqtincha ishsiz qoldi. Koʻzga koʻrinmas yovga mengzalayotgan bu kasallikning hujumidan omon qolishning asosiy mezonidan biri inson immun tizimining mustahkamligiga bogʻliq. Xoʻsh, immunitetni mustahkamlovchi zaruriy oziq-ovqatlardan sanalgan goʻsht, sut, non, meva-sabzavotlarning narxi nega qimmat? Yoki karantin kimgadir aza boʻlsa, kimgadir toʻymi?
Bunday deyishimizga maʼlum sabablar bor. Bugun uyimiz yonidagi doʻkonlarga yoki bozorlarga tushib, kundalik hayot uchun kerak boʻladigan bu kabi mahsulotlarni xarid qilmoqchi boʻlsangiz, narxini eshitib bir taraddudlanib olasiz. Umid bilan rastalarni aylanasiz, ammo hamma joyda ham deyarli bir xil narxni eshitib pulingizga yarasha oʻzingizga zarur boʻlgan mahsulotni sotib olasiz. Ayrim hollarda oʻylagan rejangizning yarmi amalga oshganidan, uyingizda “olma yoki shaftoli olib keling” deb sizni kutib oʻtirgan farzandingizga hech boʻlmasa yarim kilo olmani, shaftolini ola olmaganingizdan koʻnglingiz oʻksib uyga qaytasiz.
Albatta, kerakli oziq-ovqatlar, shu jumladan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari suv tekin narxda sotilsin degan fikrdan yiroqmiz. Chunki har bir narsani yetishtirish, ishlab chiqarish yoki yetkazib kelish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Ammo, masalaning hech bir narsaga, hattoki pandemiyaga ham bogʻliq boʻlmagan jihatlari borki, bu kishini beixtiyor oʻylantirib qoʻyadi. Masalan, sotuvchi va xizmat koʻrsatuvchilar odatda, narxning oshishini dollarning oshgani bilan izohlashga urinishadi. “Kecha bu narxda turgan edi, bugun bunday” desangiz “dollar oshdi, shunga” deb javob beradi.
Mayli, shu “tamoyil” sari borib aytadigan boʻlsak, chetdan keladigan yoki ishlab chiqariladigan mahsulotlar narxining oshishini maʼlum maʼnoda tushunishish mumkindir. Lekin qiziq tomoni, chorvachilik, dehqonchilik mahsulotlariga valyuta kursining oshishi qanday taʼsir koʻrsatadi? Asosiy isteʼmol qiladiganimiz goʻsht, sut mahsulotlariga eʼtibor bersangiz, chorvador yem-xashakni dollar kursida Amerika, Germaniya yoki Xitoydan olib kelmaydiku?. Yoki bogʻda, polizda meva-sabzavot yetishtiradigan dehqon qilayotgan mehnatiga dollar kursi oshishining nima ahamiyati bor?
Hamma gap shundaki, bu mezon asosan olib-sotarlar tomonidan oʻylab topilgan. Kuzatishlarimizdan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, mahsulot yetishtirgan dehqon koʻp hollarda mehnatiga yarasha oʻzi oʻylagan haqni ololmaydi. Olib sotarlarning oʻzi baʼzan dehqonlarning manzilidan borib, mevalarni yigʻib kelishadi va istagan narxda pullashadi. Bordiyu dehqonlarning oʻzi dehqon bozoriga kelib qolishsa, uning mahsuloti bozor rastalaridan oʻrin egallashga ham ulgurmay, “tadbirkorlar” qoʻlida boʻladi. Mehnat qilmay, moʻmay foyda olishga chogʻlanayotgan tadbirkorlar sababli ham meva va poliz mahsulotlarining, sut-qatiqning narxi qimmat. Bugungi kundagi ayni haqiqatlardan biri ham shu.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri mevalarning narxi borasida oʻz fikrlarini yozar ekan, oʻzimizda ham Rossiyadan deyarli kam narx emasligini aytib “bu holatda eksport ham shartmas” deganga oʻxshash fikrni bildiribdi. Shundan soʻng bu masalada ham qiziqib koʻrdim. Chindan ham chet ellarga hozirda yurtimizdan koʻplab mevalarimiz, xususan, gilos, oʻrik, shaftoli, shuningdek, qovun-tarvuz eksport qilinmoqda. Albatta, bu quvonarli hol. Lekin, eksport deb oʻzimizda ham narxning oshib ketishini hozirgi pandemiya sharoitida unchalik oqlab boʻlmaydi, nazarimda.
Eʼtibor bergan boʻlsangiz, bu yil gilos, qulupnay, oʻrik, olma, shaftoli, malina singari immunitetni oshiruvchi mevalar asosan 10 ming soʻmdan arzonga sotilmadi. Mevalarning naviga qarab 30, 40 minggacha xaridi amalga oshirildi. Dastlab imkoniyatlar oʻrganilib, asosan aholi ehtiyoji qondirilib, undan soʻngra chet elliklarga “pullash” lozim emasmi? Yoki biroz qimmat narx taklif qilinsa, “borini bozor aylash” kerakmi?
Keling, shu oʻrinda eʼtiboringizni mahalliy bozorlarimizda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosiga qaratsak.
Oʻsimlik yogʻi; Namangan viloyatida 12 ming boʻlsa, Buxoroda 14 ming, Toshkent shahrida 15 ming soʻm,
Tuxumning bir donasi; Qoraqalpogʻistonda 700 soʻm, Andijonda 850 soʻm, Toshkent shahrida 1200 soʻm, Samarqand, Namangan va Buxoro viloyatlarida 1000 soʻm.
Mol goʻshti; Toshkent shahrida 70 ming soʻm, Buxoroda 56 ming, Samarqand viloyatida esa 60 ming.
Qoʻy goʻshni oʻrtacha hisobda Toshkent viloyatida 70 ming, Andijon va Samarqand viloyatida 60 ming soʻm.
Tovuq goʻshti; Andijon viloyatida 25 ming soʻm, Toshkent shahrida 30 ming, Jizzaxda esa 28 ming soʻm.
Guruch: Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5500 soʻm, Samarqand viloyatida 12 ming soʻm, Surxondaryoda 14 ming soʻmdan, Toshkent viloyatida 16 ming, Sirdaryo viloyatida 17 ming soʻmdan xaridi amalga oshirilmoqda.
Kartoshka; Jizzax viloyatida 5500 soʻm, Samarqand viloyatida 12 ming soʻm.
Piyoz; Jizzaxda 3000 soʻm, Samarqand viloyatida 4000 soʻm.
Sabzi; Surxondaryoda 2500 soʻm, Jizzax viloyatida 3500 soʻmgacha.
Sarimsoq piyoz: Samarqand viloyatida 90 ming, Surxondaryoda 40 ming, Sirdaryo viloyatida 34 ming soʻmgacha sotilmoqda.
Mevalardan; shaftoli, nok, olma va boshqa shu kabi vitaminga boy sarxil mevalarning narxi yurtimizdagi deyarli barcha mahalliy bozorlarda 10 ming soʻmdan yuqori sotilmoqda.
Guvohi boʻlganimizdek, bozorlarimizdagi narx-navo anchayin baland. Shu oʻrinda taklif sifatida aytar edikki, hokimliklar, bozor mutasaddilari va boshqa tegishli tashkilotlar doimiy nazorat hamda oʻrganishlarni olib borishlari kerak. Bu jarayonda eng avvalo, xolislik, adolat, biroz balandparvoz tuyulsada, vatanparvarlik bilan ish yuritish lozim boʻladi.
Jannatmonand diyorimiz bagʻrida pishib yetilayotgan mahsulotlar narxining qimmatlashishiga yana bir sabab, nazarimizda, yurtdoshlarimizning ortiqcha vahimaga deymizmi yoki shov-shuvga berilishida. Hozirku vaziyat joyida, ammo pandemiya boshlangan paytlarda bozorlarimizda kuzatilgan holat koʻpchilikning yodida. Oʻshanda ayrim insonlar oʻn qoplab kartoshkalarni sotib olgani, bozorlarda uzundan-uzoq navbatga turishlar va janjallar aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan edi. Undan keyin sarimsoq piyoz va limonning narxi shov-shuvli darajada oshib ketdi. Ayni kunlarda esa “xren” deb ataladigan ildizning narxi osmon boʻlgani aytilmoqda.
Kezi kelganda shuni aytish kerakki, hozirgi davr ham elu yurtga kelgan bir sinov. Bu sinovni hamjihatlikda, ahillikda yengib oʻtish koʻp jihatdan avvalo, oʻzimizga, aniqrogʻi, insofu diyonatimizga, koʻzi toʻqligimizga ham bogʻliq. Qolaversa, mavjud vaziyatdan har birimiz tegishli xulosa chiqargan holda yana-da tadbirkorlik bilan ish yuritishni talab qilmoqda. Masalan, goʻsht mahsulotlarining narxi boshqa zaruriy oziq-ovqatlarga nisbatan qimmatligini hisobga oladigan boʻlsak, ushbu soha vakillari sanalgan fermerlarni koʻpaytirish juda muhim. Chorvaga ixtisoslashgan “boʻrdoqichilik”, “naslchilik” yoʻnalishlarini rivojlantirish zarur. Natijada sut mahsulotlarining tanqisligi ham bartaraf etilardi.
Bundan tashqari, ayni kunlarda ham boʻsh yer maydonlaridan ikkinchi ekin uchun unumli foydalanish mumkin. Asosan markazlashgan hududlarda poliz ekinlarini yetishtirish biroz murakkab hisoblanadi, ammo birgina limonni xona sharoitida parvarishlash mumkinligi amaliyotda isbotlangan.
Albatta, bularning barchasi ayni shu kunlardagi jarayonlardan kelib chiqqan fikr va mulohazalar. Koronavirus deb atalmish balo dunyoni oʻzgartirib yuborayotgan bir paytda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, bozoru dorixonalarda narxlarni sunʼiy oshirmasak, ayrim amaldorlar va sanitariya-epidemiologiya masʼullariga oʻxshab “otning oʻlimi – itning bayrami” tarzida ish tutib, xalqning pulini tuya qilmasak, bu kunlardan ham yorugʻ yuz bilan oʻtib olamiz. Sevimli shoirimizning koʻpchilikka tanish misralariga ozgina oʻzgartirish qilib aytadigan boʻlsak, mehr qolur, oqibat qolur. Yanayam xulosa oʻzingizdan.
Manija BAHRIYEVA,
Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi