Mehr bersang, tomorqa daromad manbai
Andijon viloyatida 2024 yil hosili uchun avgust-sentyabr oylarida 6 ming 383 gektar piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari ekildi. 33 ming 397 gektarda esa noyabr-dekabr oylarida to‘qsonbosti ekinlar yetishtirish mo‘ljallanmoqda.
Fermer xo‘jaliklarining 4 ming 850 gektar maydonlariga to‘qsonbosti ekinlar, piyoz va sarimsoqpiyoz ekish rejalashtirilgan bo‘lib, hozir qariyb 3 ming gektarda ishlar yakunlandi. Dehqon xo‘jaliklarida esa 14 ming 69 gektarga to‘qsonbosti ekinlar, 401 gektarda piyoz va sarimsoqpiyoz ekib bo‘lindi. Shuningdek, aholining 20 ming 460 gektar tomorqasida ham ekish ishlari yakunlanmoqda.
Ushbu ekin maydonlaridan 780 ming 350 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan bo‘lib, mahsulotning 106 ming 630 tonnasi eksportga, salkam 78 ming tonnasi qayta ishlashga, 93 ming tonnadan ortig‘i zaxiraga hamda 502 ming 300 tonnasi ichki iste’mol uchun ishlatiladi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda aholi tomorqalarida yer maydonlaridan samarali foydalanishda “Andijon maktabi” yaratilgan.
Qayd etish kerakki, dehqonchilikda “to‘qsonbosti” usuli qadimdan qo‘llanib kelinadi. Bu usulda ekilgan urug‘lar 90 kunlik qishni qor ostida o‘tkazadi. Shu sababdan ham bu usulni dehqonlarimiz "qorbosti" yoki "to‘qsonbosti" deb atashadi. To‘qsonbosti usulida ekish sovuqqa chidamli sabzavotlardan erta ko‘klamda arzon va mo‘l sabzavotlarni yetishtirish imkonini yaratish barobarida kundalik oziq-ovqat mahsulotlari tanqis "ilik uzildi" paytida vitaminli mahsulotlar bilan ichki bozor ehtiyojini qoplaydi, eksport imkoniyatlarini kengaytirib dehqonlarni boyitadi.
Har bir dehqon xo‘jaligida har bir qarich yerdan samarali foydalanish, ekinlarni yetishtirishda tejamkorlikka amal qilish, pirovard natijada mahsulot yetishtirish hajmini oshirib, daromadni ko‘paytirish, bozor narxlari barqarorligini ta’minlash asosiy maqsad qilib olingan.
Buloqboshi tumanining Uchtepa, Zarg‘aldoq mahallalari asosan piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlarini yetishtirishga ixtisoslashtirilgan. Misol uchun, Buloqboshi tumani “Toshkechik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Asronova Dilfuzaxon 10 sotix yerda dehqonchilik qilib, yiliga o‘rtacha 25 mln so‘m daromad olmoqda.
Tumanda 2024 yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarda 1 ming 725 gektar maydonlarda piyoz va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarining ekilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yilning 15 oktyabridagi “Sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, Buloqboshi tumanida sarimsoqpiyozchilar uyushmasi tashkil etilgan.
Mazkur uyushma joriy yilda 20 gektarda sarimsoqpiyoz yetishtirdi. Hozir mazkur jamiyat qoshida 1 ming 500 tonnalik muzlatgichli omborxona qurilgan bo‘lib, unda 200 tonna mahsulot saqlanmoqda. Shuningdek, uyushma aholi va fermer xo‘jaliklariga sarimsoqpiyoz urug‘i yetkazib bermoqda. Buning uchun Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi 2020-2021 yillarda Buloqboshi sarimsoqpiyozchilar uyushmasi ga 2 mlrd 500 mln so‘m imtiyozli kredit ajratib berdi.
Uyushma ajratib berilgan mablag‘lardan samarali foydalanish maqsadida Rossiya Federatsiyasi bilan sarimsoqpiyoz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Shartnoma asosida 2021 yilda 1 ming 200 tonna, 2022 yilda 1 ming 700 tonna mahsulot yetkazib berildi. Joriy yilda esa 1 ming 500 tonna mahsulotni 2 mln dollar evaziga yetkazib berish borasida Rossiya Federatsiyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib,mahsulot bosqichma-bosqichni yetkazib berilmoqda.
Buloqboshi tumanida kuzgi to‘qsonbosti ekinlarini ekish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Unda aholining ertachi sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida hosildan bo‘shagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan piyoz, sarimsoqpiyoz, to‘qsonbosti ekinlaridan sabzi, osh lavlagi, ko‘katlar, rediska va karam kabilarni ekish muhim ahamiyatga ega ekanligi tushuntirildi.
Yuqoridagi maqsadlarga erishish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun hozirdan harakat qilish, to‘qsonbosti ekinlarini o‘z vaqtida ekib, agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. Xususan, tajriba tariqasida “Mallaboy” navli yangi piyoz urug‘larini ekish muddatlari, xosildorligi, agrotexnik tadbirlari bo‘yicha ham tushuntirish berildi.
F.Nabijonov,
Andijon viloyati Fermer, dehqon xo‘jaliklari
va tomorqa yer egalari kengashi raisi.
O‘zA