“Mehr berib yashang, odamlar!”
Respublika bolalar kutubxonasida “Mehr berib yashang, odamlar!” nomli xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Respublika bolalar kutubxonasida “Mehr berib yashang, odamlar!” nomli xayriya tadbiri o‘tkazildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat tarbiyalanuvchilari qatnashdi.
Respublika bolalar kutubxonasi fondida 200 mingdan ziyod adabiyot va 100 dan ortiq boshqa nashrlar mavjud bo‘lib, ziyo maskani kichkintoylardan tortib to kattalarning ham qiziqishiga javob beradigan kitob zaxirasiga ega. Jumladan, kutubxonadan badiiy adabiyotlar, ilmiy-ommabop nashrlar, ijtimoiy-siyosiy kitoblar, mamlakatimizda va Rossiyada nashr qilingan bolalar hamda kattalar uchun gazeta va jurnallar, lug‘at, ensiklopediya, CD romlar, video va audio kassetalar, ilmiy-uslubiy va bibliografik nashrlar o‘rin olgan.
– Mazkur tadbirdan maqsad jismoniy kamchiligi bo‘lishiga qaramay, hayotning turli jabhalarida muvaffaqiyatga erishayotgan o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga mehr ulashish, bilim va ko‘nikmalarini oshirishdan iborat, – deydi maktab-internatning rus tili o‘qituvchisi Malika Isoqova. – Tarbiyalanuvchilarimizning barchasi o‘qishni biladi, shu sabab ularning kitobga bo‘lgan mehri bo‘lakcha. Tadbir davomida bolajonlar kutubxona bo‘ylab sayohat qildi va kitoblar bilan tanishdi. Bu tadbir ularga olam-olam quvonch bag‘ishladi.
Shuningdek, tadbir davomida yurtimizning tarixiy joylari, kutubxona faoliyatiga bag‘ishlangan video-slaydlar namoyish etildi. O‘quvchilarga Respublika bolalar kutubxonasi va poytaxtimizdagi “Kids Plate” do‘koni tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi.