Mehnatlari e’tirof etilgan olim
Olimlar — tunu kun izlanishdan, mehnatdan to‘xtamaydigan, ilm yo‘lidagi mashaqqatlarni pisand qilmaydigan insonlar. Ularning zahmatli mehnatlari samo sirlaridan bizni ogoh qiladi, yer qa’riga berkingan tarixni jonlantiradi.
Ana shunday olimlardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Ahmadali Asqarov.
Bugun olimning mehnatlari yuksak e’tirof etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko‘ra, mamlakatimizda ilm-fan sohasini rivojlantirish, yurtimizning boy tarixini o‘rganish va targ‘ib etishga qo‘shgan katta hissasi, iqtidorli olimlarni tayyorlashdagi ibratli faoliyati uchun Toshkent davlat pedagogika universiteti professori, akademik Ahmadali Asqarov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Fanlar akademiyasida olim tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlab
o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada mazkur mukofot tantanali topshirildi.
Shundan so‘ng, akademik Asqarovning arxeologiya fanidagi beqiyos xizmatlari, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixining o‘rganilishiga qo‘shgan hissasi hamkasblari hamda shogirdlari tomonidan alohida e’tirof etildi.
—Ahmadali Asqarov nafaqat shogirdlariga, balki tarixga qiziqqanlar, talabalar, magistrlarga bilim berib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsata oladi, — deydi olimning shogirdi Toshkent Amaliy fanlar universiteti professori Nigora Egamberdiyeva. — Shu jihatdan ham ustozni tom ma’noda hamma qadrlaydi. Ustoz O‘zbekiston tarixi faniga ham katta yangiliklar kiritgan. Shulardan eng muhimi O‘zbekiston davlatchiligi tarixi davrini 4 ming yillik deb belgilab berdi. Bu, o‘z navbatida O‘zbekiston tarixi fanida eng katta tub burilish hisoblanadi. Ahmadali Asqarov butun ilmiy faoliyati davomida akademik Ya.G‘.G‘ulomov arxeologik ilmiy maktabining izchil davomchisi sifatida arxeolog kadrlar tayyorlash ishiga alohida e’tibor berib keldi. Uning shaxsiy tashabbusi bilan Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk kabi yirik markazlarida o‘nlab o‘zbekistonlik yosh mutaxassislar tahsil oldi.
[gallery-25433]
Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari uchun 2 ta darslik, 4 ta o‘quv qo‘llanmasi, 8 ta o‘quv-uslubiy ishlar, o‘rta maktab 5-sinf tarix fani o‘qituvchilari uchun qo‘llanma tayyorlab chop etdi. Ushbu qo‘llanma qoraqolpoq, rus, tojik, qirg‘iz va turkman tillariga tarjima qilinib, ko‘p nusxada maktablarga yetkazildi. Ahmadali Asqarov sa’y-harakatlari va bevosita rahbarligida 1994 yilda «O‘zbekiston tarixi»dan o‘rta maktablarning 6-9 sinf o‘quvchilari uchun darslik-qo‘llanmalar tayyorlanib, ular A.Asqarov tahriri ostida ko‘plab nusxada nashr etildi. Joriy yilda esa o‘rta maktabning 5-sinflari uchun “Tarixdan hikoyalar” nomli darslik yaratdi.
Olimning bu kabi mehnatlari e’tirof etilishi yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib, ularni ilmga qiziqtirish, izlanishga undash hamda ilm ahliga bo‘lgan hurmat va e’tiborni kuchaytiradi.
Nigora Rahmonova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA